O‘zbekiston | 22:33 / 01.05.2025
3122
2 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» nufuzli mukofotining xalqaro hakamlar hay’ati tarkibiga kiritildi

Joriy yilgi hakamlar hay’ati tarkibidan, shuningdek, JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala, Millatlar hamdo‘stligi bosh kotibi Patrisiya Skotland, Senegal va Afrika ittifoqining sobiq prezidenti Makki Sall ham o‘rin olgan.

Foto: Telegram/Saida Mirziyoyeva

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Musulmon donishmandlar kengashi bosh kotibi Muhammad Abdusalom bilan uchrashuv o‘tkazdi.

«Islom dini asosida yotgan umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mazkur nufuzli xalqaro tashkilotga minnatdorlik bildiraman. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekiston konfessiyalararo totuvlikni, mamlakatimiz faxri bo‘lgan noyob islom merosini targ‘ib etish borasida butun dunyoda haqli ravishda e’tirof etilmoqda», — deb yozadi prezident yordamchisi.

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva har yili o‘tkaziladigan Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» mukofotining hakamlar hay’ati tarkibiga kiritilganimdan benihoya mamnun ekanini bildirdi.

«Faqat birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan biz bu dunyoni yanada yaxshiroq qila olamiz», — deya ta’kidlaydi Saida Mirziyoyeva.

Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» mukofoti — insoniyat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shayotgan jismoniy va yuridik shaxslarga beriladigan nufuzli, mustaqil global mukofotdir. U 2019 yil fevral oyida — Rim papasi Fransisk va Al-Azhar universiteti bosh imomi Ahmad Al-Toyib o‘rtasida Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuv sharafiga ta’sis etilgan. Ular o‘shanda insoniy birodarlik to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan edi.

2025 yildagi hakamlar hay’ati quyidagilardan iborat:

  • Makki Sall — Senegal va Afrika Ittifoqining sobiq prezidenti.
  • Xose Luis Rodriges Sapatero — Ispaniyaning sobiq bosh vaziri.
  • Jahon savdo tashkiloti bosh direktori — Ngozi Okonjo-Iveala.
  • Kardinal Piter Kudvo Appiah Turkson — Pontifik Fanlar akademiyasi va Pontifik Ijtimoiy fanlar akademiyasining maslahatchisi.
  • Patrisiya Skotland — Millatlar hamdo‘stligi bosh kotibi.
  • Muhammad Abdusalom — «Insoniy birodarlik» mukofoti bosh kotibi.

Mavzuga oid