Jahon | 22:09 / 01.05.2025
1780
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp bilan muzokaralar boshlanganidan keyin rossiyalik milliarderlar 15 mlrd dollarga boyidi

Yil boshidan beri eng ko‘p daromadni USM holdingi asoschisi Alisher Usmonov ko‘rgan. Uning boyligi 3,6 mlrd dollarga oshib, 16,9 mlrd dollarga yetgan.

Foto: Reuters

2025 yilning dastlabki oylari — AQSh prezidentligiga Donald Tramp kelganidan so‘ng Ukraina bo‘yicha boshlangan muzokaralar fonida — Rossiyaning eng boy milliarderlari uchun muvaffaqiyatli keldi. Ularning umumiy boyligi 15 milliard dollarga oshib, 305 milliard dollarga yetdi. Bu boradagi ma’lumotlar Bloomberg Billionaires Index (BBI) reytingida keltirilgan.

Yil boshidan beri eng ko‘p daromadni metallurgiya, konchilik, telekommunikatsiya va texnologiya sohalaridagi tuzilmalarga egalik qiluvchi, USM holdingi asoschisi Alisher Usmonov ko‘rdi. Uning boyligi 3,6 milliard dollarga oshib, 16,9 milliard dollarga yetdi. Natijada, u sayyoraning eng badavlat insonlari reytingida 129-o‘ringa ko‘tarildi.

«Yevroxim» va SUEK asoschilaridan biri Andrey Melnichenkoning boyligi esa bu vaqt davomida 22,7 milliard dollarga yetdi (+2,5 milliard dollar). Rossiyaliklar orasida aktivlari qiymati eng ko‘p oshganlar qatorida uchinchi o‘rinni dog‘istonlik senator Suleyman Kerimov egalladi. U 2025 yilning dastlabki oylarida 2,45 milliard dollarga boyib, reytingda 311-o‘rinni egalladi. «Nornikel»ning yirik aksiyadori va «Interros» holdingi prezidenti Vladimir Potaninning boyligi esa 2,2 milliard dollarga oshib, reytginda 57-o‘rinni band qildi.

Rossiyalik milliarderlar orasida boyligi kamayganlar ham bor. Ular jami to‘rt kishi. Yil boshidagi eng katta «omadsiz» — NLMK (xalqaro po‘lat quyish kompaniyasi) direktorlar kengashi rahbari Vladimir Lisin bo‘ldi, uning boyligi o‘tgan oylar davomida 2,3 milliard dollarga kamaydi (23,5 milliard dollar). Uning ortidan «Novatek» va «Sibur»ning asosiy aksiyadorlaridan biri, Vladimir Putinga yaqin bo‘lgan oligarx Gennadiy Timcheko o‘rin oldi — uning boyligi 1,57 milliard dollarga kamaydi (9,4 milliard dollar). Shuningdek, «Alfa-Grupp» asoschilaridan biri Mixail Fridman 1,45 milliard dollar va «Novatek» boshqaruv raisi Leonid Mixelson 1,3 milliard dollar yo‘qotdi.

BBI reytingidan jami 22 nafar rossiyalik milliarder o‘rin oldi, jumladan, unga Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov ham kirilgan. Uning boyligi 12,6 milliard dollarga baholanmoqda (yil boshidan beri o‘sish 1,6 milliard dollar).

Eslatib o‘tamiz, aprel boshlarida Forbes milliarderlar ro‘yxatini yangilagandi. Reytingning yuqori pog‘onalaridan odatdagidek Ilon Mask, Mark Tsukerberg va Jyeff Bezos o‘rin olgan. Bungacha Rossiya fuqarosi sifatida ko‘rsatib kelingan Alisher Usmonov esa 16,7 mlrd dollar boyligi bilan reytingga birinchi marta O‘zbekiston vakili sifatida kiritilgan edi. Keyinroq reytingga tuzatish kiritilib, Usmonov yana Rossiya vakili sifatida ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid