Jahon | 13:05 / 02.05.2025
3519
8 daqiqa o‘qiladi

Kiyevga qurol sotishni boshlagan Tramp, G‘azodagi go‘daklarning ahvoli va yong‘inlar to‘xtamayotgan Isroil - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil blokadasi tufayli G‘azodagi chaqaloqlar asosiy oziq-ovqatdan mahrum

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi G‘azo sektoridagi falastinlik go‘daklarning 92 foizi Isroilning davom etayotgan zarbalari, blokadalar va chegara punktlarining yopilishi sababli asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan mahrum bo‘layotganini ma’lum qildi.

Boshqarmaning ishg‘ol ostidagi Falastin hududlaridagi idorasi tomonidan berilgan yozma bayonotda aytilishicha, chegaralar yopiqligi va insonparvarlik yordami yetishmasligi sababli aprel oyida och qolgan, kasal bo‘lgan va to‘yib ovqatlanmaslik sababli davolanayotgan bolalar soni mart oyiga nisbatan 80 foizga oshgan.

Ta’kidlanishicha, 6 oydan 24 oygacha bo‘lgan bolalarning 92 foizi onalari bilan birga asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan ham minimal foydalanish imkoniyatiga ega emas.

AQSh Ukraina bilan bitimdan 350 mlrd dollardan ko‘proq pul oladi

Kiyev va Vashington o‘rtasida imzolangan Ukraina mineral resurslari bo‘yicha kelishuv Qo‘shma Shtatlarga uch yildan ortiq vaqt davomida o‘zini Rossiya agressiyasidan himoya qilib kelayotgan mamlakatni qo‘llab-quvvatlash uchun sarflagan milliardlab mablag‘ni qoplashga yordam beradi. Qo‘shma Shtatlar ushbu yordam uchun sarflangan 350 milliard dollardan ham ko‘proq mablag‘ oladi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp NewsNation axborot tarmog‘i orqali bayonot berdi.

AQShning Ukrainadagi mavjudligi mintaqada Vladimir Putinni to‘xtatib turishi mumkinmi degan savolga telefon orqali javob berar ekan, Tramp shunday ta’kidladi: «Bunday bo‘lishi mumkin edi. Lekin biz 350 milliard dollar yoki shunga yaqin mablag‘ kiritganmiz, Yevropa esa yuz milliard dollar mablag‘ bergan. Ular pullarni qarzga bergan. Davlat rahbari sifatida o‘zimni juda ahmoqdek his qildim, sababi Yevropa o‘z pullarini qaytarib oladi, garchi u ancha kichikroq bo‘lsa-da, biz esa hech narsa olmaymiz. Shuning uchun men: «Biz nodir metallarni olamiz», dedim. Ularda ba’zi materiallar bor. Bugun biz 350 milliard dollardan ko‘proq pul oladigan bitim tuzdik».

Shu bilan birga, Tramp Ukrainadagi urush tugashiga erishishni xohlashini aytdi, sababi «u yerda har hafta o‘rtacha 5000 nafar yosh askar halok bo‘lyapti». «Rossiyaliklar va ukrainaliklar. Bu amerikaliklar emas, lekin gap odamlar haqida ketyapti va bu juda achinarli».

Tramp ma’muriyati ilk bor Kiyevga qurol sotishni ma’qulladi

Mineral resurslar bo‘yicha kelishuv doirasida Tramp ma’muriyati ilk bor Kiyevga qurol sotishni ma’qullagan.

Gap xususiy kompaniyalar orqali qiymati 50 million dollardan boshlanuvchi to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy yordamlarni yetkazib berish haqida ketmoqda. DCS doirasidagi Amerika kompaniyalari mudofaa uchun mo‘ljallangan buyumlar va xizmatlarni davlat kanallari orqali emas, balki tijorat asosida xorijiy hukumatlar yoki tashkilotlarga sotadi.

«Tramp Ukrainani butunlay kesib tashlashi haqidagi barcha prognozlarga qaramay», Amerika qurollari sotuvi davom etmoqda. «Biz sotib olmoqchi bo‘lgan (qurollarimizning) katta paketini Amerika tomoniga taqdim etdik», – degandi Zelenskiy 9 aprel kuni. Ukraina yetakchisining qo‘shimcha qilishicha, u qurol sotib olish masalasini Donald Tramp bilan muhokama qilgan.

Isroilda yirik o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda

Isroilda mamlakat Mustaqillik kuni munosabati bilan rejalashtirilgan barcha tadbirlar yirik o‘rmon yong‘inlari tufayli bekor qilindi, deb xabar qildi Isroil yong‘in va qutqaruv xizmati. Qabul qilingan qaror ommaviy yig‘ilishlar xavfsizligini ta’minlashning iloji yo‘qligi bilan bog‘liq.

Isroil bir qator davlatlardan xalqaro yordam so‘ragan. O‘t o‘chirish samolyotlari va qutqaruvchilar allaqachon Gretsiya, Italiya va Xorvatiya tomonidan yuborilgan.

Mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu ma’lum qilishicha, Isroil hukumati Quddus yaqinidagi o‘rmonlarga o‘t qo‘yishda gumonlangan 18 kishini qo‘lga olgan.

Shu bilan birga, The Times of Israel mamlakat yong‘in-qutqaruv xizmatiga tayanib, keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari nima sababdan yuzaga kelgani hali aniq emasligini bildirdi.

Kellog: Ukraina Rossiya bilan urushni tugatish uchun AQShning «22 ta sharti»ga rozi bo‘ldi

23 aprel kuni Londonda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Vashington va Kiyev Rossiya-Ukraina urushini tinch yo‘l bilan hal qilishning 22 ta aniq sharti bo‘yicha kelishuvga erishdi, dedi AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog.

«Biz ukrainaliklar bilan ochiq va qiyin munozaralarda 22 ta o‘ta aniq shartlarni taklif qildik va biz juda kuchli pozitsiyada ekanligimizga ishonamiz», dedi Kellog. Uning ta’kidlashicha, AQShning barcha shartlari Ukraina tomoniga ma’qul kelmadi, biroq «har qanday muzokaralar olib borilganida bu normal holatdir».

Boshqa narsalar qatorida, Ukraina frontdagi mavjud vaziyatga muvofiq hududiy yon bosishga rozi bo‘ldi. «Bir tomon rozi bo‘ldi. Endi boshqa tomonni ko‘ndirish kerak. Va menimcha, biz bunga yaqinmiz», — deya qo‘shimcha qildi Trampning maxsus vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, «endi hamma narsa ruslarga, Putinga bog‘liq».

Mayk Uols ishdan bo‘shatildi

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols va uning o‘rinbosari Aleks Vong ishdan olindi.

Milliy Xavfsizlik Kengashidagi vaziyatdan xabardor manbalardan birining aytishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp ularning iste’foga chiqarilishini qayta tashkil etish sifatida taqdim etish uchun «Signalgeyt»dan beri yetarlicha vaqt o‘tgan deb hisoblamoqda.

Avvalroq Tramp maslahatchini ishdan bo‘shatishda ikkilanib yurgan va buni tashqi bosimga yon berish sifatida baholanishi mumkin deb hisoblagan.

Politico nashri Tramp «boshqa ma’muriyat amaldorlarining ishonchini» yo‘qotgan Uolsni ishdan bo‘shatishni anchadan beri rejalashtirganini yozdi. Nashrga ko‘ra, «uning o‘rniga nomzodlar G‘arbiy qanotda bir necha hafta davomida muhokama qilinmoqda».

AQSh davlat kotibi Marko Rubio prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi vazifasini vaqtincha bajaradi. Shu bilan birga, u Davlat departamentiga rahbarlik qilishda davom etadi.

Umid bilan qaytgan millionlar: suriyaliklar o‘z uylariga qaytmoqda

BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarining ma’lum qilishicha, 2024 yil 8 dekabr kuni Bashar Asad rejimining qulashi ortidan 1,4 milliondan ortiq suriyaliklar yillar davomidagi sarson-sargardonlikdan so‘ng o‘z uylariga qaytdi.

Ammo bu qaytishning ortida murakkab vaziyat turibdi. Urushlar vayron qilgan yurtni tiklash, o‘rnidan turib yana yashashni boshlash – bu oson emas. Qaytgan har bir oila uchun bu – og‘ir sinov, sabr va umid bilan yo‘g‘rilgan kurashdir.

BMT tashkiloti bu borada jahon hamjamiyatiga murojaat qilib, suriyalik oilalarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda. Ular uy-joy, sog‘liqni saqlash, ta’lim va moliyaviy yordam sohalarida zudlik bilan yordamga muhtoj.

Mavzuga oid