O‘zbekiston | 23:01 / 06.05.2025
1241
5 daqiqa o‘qiladi

6 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

So‘x va Shohimardonga mashinada o‘tib-qaytishda yuzaga kelgan muammolar, IIV tizimida yangi tuzilgan departament, iyun kabi isiydigan may oyi, YuNESKO ro‘yxatiga kiritilishi kutilayotgan Toshkent binolari — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

So‘x va Shohimardonga mashinada o‘tib-qaytishdagi muammolar

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonning eksklav hududlari – So‘x va Shohimardonga o‘tib-qaytishda muammo yuzaga kelmoqda.

Murojaatchilarga ko‘ra, 1 maydan boshlab Qirg‘iziston tomoni chegara postlarida agar transport vositasi boshqa shaxs nomida bo‘lsa, bosh ishonchnoma talab qilishni boshlagan. Bu esa chegara postlari oldida uzun navbatlarni yuzaga keltirmoqda.

Mazkur tartib faqat so‘xliklar uchun emas, aslida barcha xorij fuqarolari uchun Qirg‘iziston tomonidan joriy etilgan. Ammo O‘zbekistonning eksklav hududlarini hisobga olib, ushbu tartib muddatini uzaytirish hamda tatbiq etilmaslik bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining ma’lum qilishicha, Qirg‘iziston qonunchiligiga mamlakat hududiga kirib kelayotgan haydovchilardan agar transport vositasi boshqa birovning nomida bo‘lsa, bosh ishonchnoma talab qilish bo‘yicha o‘zgartirish kiritilgan. Ushbu o‘zgartirish 1 may kunidan kuchga kirgan.

Biroq qo‘shnilarimiz yangi tartib bo‘yicha O‘zbekiston tomonini rasmiy axborot bilan ta’minlamagan. 1 maydan so‘ng haqiqatan chegaradan qaytarish boshlangan. Shu bilan birga, bosh ishonchnomasi bo‘lgan haydovchilar uchun chegara postlaridan o‘tib-qaytishda hech qanday muammo yo‘qligi aytilmoqda.

IIV tizimida yangi departament tashkil etildi

«Ichki ishlar organlari tizimini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qildi.

Hujjat bilan ichki ishlar organlari tarkibida Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamenti hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. Ushbu tuzilmalar zimmasiga raqamli yechimlarni joriy etish va muvofiqlashtirish, elektron davlat xizmatlarini takomillashtirish, axborot xavfsizligini ta’minlash kabi vazifalar yuklatildi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida sinov tariqasida tumanlararo raqamli texnologiyalar bo‘linmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi tugatildi. O‘rniga IIV rahbari o‘rinbosari — Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamenti boshlig‘i lavozimi kiritildi. Unga polkovnik Zufar Kurbanov tayinlandi.

Harorat 40 darajagacha ko‘tariladi

May oyining o‘rtalarida O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida noodatiy ob-havo yuzaga kelib, harorat 40 darajagacha ko‘tarilishi kutilyapti.

Xususan, kelayotgan hafta davomida harorat me’yordan 3-6 daraja yuqori, xuddi iyundagi kabi bo‘ladi. Bu suvga bo‘lgan talabni oshiradi, suv xo‘jaligi tuzilmalariga esa yuklama xuddi yoz oylaridagi kabi tushadi.

Ta’kidlanishicha, Hindistonda mussonlar oqimi boshlanyapti. Buning foydali tomoni ko‘p. Chunki nam havo oqimlari vodiyga kirib keladi.

Jahon meteorologik tashkilotining may, iyun, iyul oylari uchun harorat va yog‘ingarchilik bo‘yicha bergan prognozlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasida yog‘ingarchilik kam, harorat me’yordan ikki-uch daraja yuqori bo‘ladi.

YuNeSKO ro‘yxatiga kiritilayotgan Toshkentdagi binolar

Ukrainaning Kyiv Diplomatic jurnali saytida Toshkent shahrining qadimiy va zamonaviy me’morchiligiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.

«Toshkentning kino va arxitektura tarixi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Ikkalasi ham shaharning muhim geosiyosiy rolini va bir vaqtlar uning ko‘chalarida hukmronlik qilgan xalqaro ruhni aks ettiradi va ekranda ham, undan tashqarida ham ajoyib san’at asarlarini taqdim etadi», — deyiladi maqolada.

Qayd etilishicha, Toshkentning zamonaviy modernizmi 2025 yilda bo‘lib o‘tadigan Venetsiya arxitektura biyennalesidagi O‘zbekiston pavilonining asosiy mavzusi bo‘ladi.

Poytaxtdagi 21 ta bino YuNeSKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritish taklifi ilgari surilmoqda. E’lon qilingan loyihalar orasida «Jyemchujina» eksperimental turar joy majmuasi, «O‘zbekiston» mehmonxonasi, Chorsu bozori, «Kosmonavtlar» metro bekati, Alisher Navoiy nomidagi kinoteatr va boshqa majmualar bor.

Mavzuga oid