Jahon | 08:51
3388
2 daqiqa o‘qiladi

Sobyanin: Moskva osmonida 19 ta dron urib tushirildi

Urib tushirilgan dronlardan birining vayronalari Kashirskoye shossesi hududiga qulagan. Jiddiy vayronagarchilik va qurbonlar haqida ma’lumotlar yo‘q.

6 may, seshanbaga o‘tar kechasi Moskva osmonida havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan 19 ta dron urib tushirildi. Bu haqda Moskva meri Sergey Sobyanin o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Moskva tomon uchayotgan urib tushirilgan uchuvchisiz uchoqlardan birining qoldiqlari Kashirskoye shossesi hududiga qulab tushdi, deb yozadi Sobyanin. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra jiddiy vayronagarchilik va qurbonlar yo‘q. Baza Telegram kanalining aniqlik kiritishicha, dron qoldiqlari «Kashirskaya» metro bekati yaqinidagi ko‘p qavatli uyga kelib tushgan.

Moskvaning Vnukovo, Domodedovo, Sheremetevo va Jukovskiy aeroportlarida samolyotlarning kelishi va uchishiga cheklovlar joriy etildi. Bu haqda Federal havo transporti agentligi xabar berdi. Bundan tashqari, departament Kaluga, Volgograd, Samara, Saratov, Nijniy Novgorod, Ivanovo va Yaroslavl aeroportlari yopilishini e’lon qildi. Bir necha soatdan keyin cheklovlar olib tashlandi.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, tunda Voronej viloyatida 18 ta, Saratov viloyatida esa 10 ta dron urib tushirilgan.

 

Mavzuga oid