O‘zbekiston | 19:44 / 07.05.2025
8441
3 daqiqa o‘qiladi

Yana ikkita universitet rektori o‘zgardi

Abdug‘affor Qirg‘izboyev Pedagogika universiteti, Sobitxon Turg‘unov Namangan davlat universiteti rahbarligidan ketdi.

E’zozxon Gapirjonovna Karimova Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari — Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimiga tayinlandi.

U bunga qadar Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Uzoq yillar turli ta’lim maskanlarida mehnat qilib kelgan E’zozxon Karimova 2021 yilda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi bo‘limi boshlig‘i, 2021-2023 yillarda Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori maslahatchisi lavozimlarida ishlagan.

2023-2024 yillarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi «Yangi O‘zbekiston» universitetining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori vazifasida ish olib borgan.

O‘z navbatida, Pedagogika universitetiga 2021 yil noyabridan buyon rahbarlik qilib kelgan Abdug‘affor Karimjonovich Qirg‘izboyev Namangan davlat universiteti rektori lavozimiga o‘tkazilgan.

Abdug‘affor Qirg‘izboyev

Abdug‘affor Qirg‘izboyev 1962 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan. 1985 yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini tamomlagan, mutaxassisligi - tarix va jamiyat o‘qituvchisi. Tarix fanlari doktori, dotsent. U muqaddam Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi sifatida ishlagan. 2019 yil noyabridan 2021 yil noyabrda rektor bo‘lgunicha Vazirlar Mahkamasining Davlat tilni rivojlantirish departamenti mudiri lavozimida ishlagan.

Namangan davlat universitetiga esa 2020 yil fevralidan buyon Sobitxon Turg‘unov rektorlik qilib kelayotgandi.

Sobitxon Turg‘unov

Turg‘unov muqaddam Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari, Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari lavozimlarida ishlagandi.

Bundan oldinroq Jasur Solihov Adham Bekmurodov o‘rniga Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi rektori etib tayinlangani xabar qilingandi. Shuningdek, Shuhrat Boymuradov Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori lavozimida ish boshlagandi.

Mavzuga oid