Jahon | 22:15 / 09.05.2025
2979
2 daqiqa o‘qiladi

Pokiston Hindiston hujumlariga javobni kechiktirishga qaror qildi

Mamlakat ziddiyatning avj olishini istamayapti.

Foto: AP

Pokiston o‘z ittifoqchilari mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga urinmagunicha Hindistonga qarshi javob qaytarishni istamaydi. Bu haqda Amerikaning CNN telekanali Pokiston hukumatidagi manbalariga tayanib xabar berdi.

Telekanal manbasining ta’kidlashicha, Pokiston Hindistonga hali raketa yoki uchuvchisiz samolyotlardan zarba bermagan. Hindiston rasmiylari, o‘z navbatida, Pokistondan hind nishonlariga zarbalar berilgani haqida aytgan.

Pokiston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Ahmad Sharif Choudri bu ma’lumotlarni uydirma deb atadi. CNN manbasiga ko‘ra, Pokiston AQShni sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlili orqali Hindistonning da’volarini tekshirishga undagan.

Qayd qilinishicha, AQSh, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlar ziddiyatni kamaytirish uchun mojaroning har ikki tomoni bilan hamkorlik qilmoqda. Telekanal suhbatdoshining ta’kidlashicha, hozirgacha Pokiston va Hindiston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar bo‘lmagan va ma’lumotlar mamlakatlar o‘rtasida «aylanma yo‘llar orqali» uzatilgan.

Ikki davlat o‘rtasidagi mojaroning avj olishi Kashmirda hind sayyohlariga uyushtirilgan hujumdan keyin boshlandi. Hindiston 7 mayga o‘tar kechasi Pokistondagi «terrorchilik infratuzilmasi» obektlariga zarba berdi. Pokiston hukumati 30 dan ortiq kishi halok bo‘lganini xabar qildi. Hindistonning aytishicha, Pokiston hujumlarida 17 kishi halok bo‘lgan.

 

Mavzuga oid