O‘zbekiston | 20:56 / 11.05.2025
11190
5 daqiqa o‘qiladi

 “Buning oxiri bormi?” – kofrunliklar o‘z holiga tashlab qo‘yilganidan xavotirda

Kun.uz muxbiri M-25 konida yuz bergan oxirgi portlashdan keyin yana hududga borib, aholi vakillari bilan suhbatlashdi. Portlashdan hosil bo‘lgan zaharli tutun nafaqat Boysun, balki Sherobod tumaniga ham tarqalgan. Mahalliy aholi vakillarida oshqozon va bosh og‘rig‘i, hushsizlanish kuzatilgan. Xususan, maktab o‘quvchilari hushini yo‘qotgan va tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilib, kislorodga ulangan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

5 may kuni Boysun tumanidagi M-25 konidagi 202-quduqda takroran portlash ro‘y berdi va ulkan gaz favvorasi yuzaga keldi. Energetika vazirligiga ko‘ra, tarkibida vodorod sulfidi yuqori bo‘lgan gazning katta bosimi yoqib qo‘yilgan. Kun.uz muxbiri kofrunliklar holini bilish uchun 7 may kuni hududda bo‘lib, mahalliy aholi vakillari bilan suhbatlashdi.

Ayrimlar «gapirish taqiqlangani»ni aytib, savolga javob berishdan bosh tortgan. Lekin ayollardan biri 5-6 may kunlari gaz hidi yaqqol kelib turgani, aksariyat bolalar uydan chiqarilmaganini aytib berdi.

Turmush o‘rtog‘i konda ishlaydigan ayol esa quduq portlagan kuni gaz hidi juda kuchli chiqqani, lekin nima bo‘layotgani va bundan keyin nima bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumotga ega emasligini aytadi.

Xo‘jayinim oddiy ishchi bo‘lib ishlaydi, bizga hech kim hisobot bermaydi deydi. Bilmasam, buning oxiri bormi-yo‘qmi. Ahvolimiz ne kechadi, bilmayman. Kecha gazning hidi juda o‘tkir chiqdi, uyda ham, tashqarida ham turib bo‘lmadi, bolalar gazlab (zaharlanib – tahr.) qoldi.

Bu odamni holsizlantiradi, qora tabletka bor, shuni ichib turamiz, gazni parchalaydi deyishadi. Bizam gazladik, o‘tib ketadi deb o‘tiramiz, shifoxonaga bormadik.

Holimizdan hech kim xabar olmadi, ikki xona tom (uy – tahr.) solib bersa ham chiqib ketardik. Pulimiz kuysa ham mayli deb rozi bo‘ldik, lekin gaz to‘g‘risida bizga hech kim gapirmaydi, yordam ham bermaydi», – deydi ayol.

Maktabdan qaytayotgan kofrunlik o‘quvchilardan birining aytishicha, gaz portlagandan keyin ayrim bolalar hushini yo‘qotib, shifoxonaga olib borilgan.

«Men bilan birga yana 4 o‘quvchi kasalxonaga bordik, bizga kislorod qo‘yishdi. Men shu kuni yaxshi bo‘ldim, lekin qolganlar 2-3 kun shifoxonada qolishdi. Gaz hidi hozir ham kelib turibdi», – deydi u.

Odamlar orasida gaz hali-beri jilovlanmasligi, ko‘chib ketish kerakligi haqida gap-so‘zlar yuribdi. Kondan birmuncha uzoqlikda, Bibishirin mahallasida joylashgan 55-maktabda bo‘lganimizda, bunday gap-so‘zlar o‘quvchilardan ham eshitdik. Maktabning ba’zi o‘qituvchilari portlashning ta’sirini so‘zlab berdi.

«Avvaliga boshni og‘ritib ta’sir qildi. Hozircha yo‘q. Sizlarga yolg‘ondir, portlashdan keyin hammaning oshqozoni og‘ridi. Deyarli 30-40 foiz o‘quvchining mazasi qochdi», – deydi ulardan biri.

Tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori esa kondagi portlashdan keyin birorta murojaat kelib tushmaganini aytdi. Shu bilan birga, shifokor aholiga yetarlicha tibbiy maslahatlar berilmayotganini ta’kidladi.

Boysun tumani hokimligining Kun.uz’ga bergan izohiga ko‘ra, kondan chiqayotgan gazning zararini kamaytirish uchun tuman FVB tomonidan konga maxsus avtomashinalarda suv tashilyapti. Zarur bo‘lganda aholini evakuatsiya qilish uchun zaxira joylar hozirlab qo‘yilgan.

«Kofrun mahallasi fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida, tumanning Gaza mahallasidagi 1-sonli, Mustaqillik mahallasidagi 2-sonli kasb-hunar maktablari, Bibishirindagi ko‘p tarmoqli texnikum hamda Tuzbozordagi 10-sonli ixtisoslashtirilgan maktab internatidan yotoqxonalar tayyorlab qo‘yilgan. Zarur holda fuqarolarni vaqtinchalik ko‘chirish uchun avtobuslar shay holatga keltirilgan», – deyiladi hokimlik axborotida.

Shahzod O‘roqboyev tayyorladi

Mavzuga oid