Makron va ro‘molcha: nima gap o‘zi?
Bugun siyosat va ro‘molcha haqida gaplashamiz. Dezdemonaniki kabi mashhur bo‘lmasa-da, oxirgi kunlarda dunyo siyosatini kuzatib boradiganlar tilidan tushmayotgan bir martalik oddiy ro‘molcha haqida. Axir YouTube-lentamiz jiddiy videolarga to‘lib ketdi, biroz chalg‘ish uchun shunaqa qiziq narsalar ham berib borish kerak, nima dedingiz?

Xullas, Fransiya, Buyuk Britaniya va Germaniya yetakchilari Makron, Starmer va Mers 9 may kuni kechqurun poyezdda Kiyev tomon yo‘l olishdi. Shu tariqa yevrouchlik Ukrainani qo‘llashda hamon sobitqadam ekanini ko‘rsatdi. Bir mahal poyezdda ketayotgan uch davlat yetakchisini suratga olish uchun vagonga jurnalistlar kirishdi. Bostirib kirishmadi, albatta, reja bo‘yicha kirishdi. Ular kirishi bilan Makron va Mers stol ustida turgan oq va somonsimon narsani berkitishdi.
Bu kadr tarqalgach, chinakam to‘polon boshlandi. Rossiya propagandasi Ukrainani qo‘llashini bildirish uchun Kiyevga borayotgan yevrouchlik liderlari kokain iste’mol qilgani haqida bong urdi. Oddiy jurnalistlar emas, Moskva rasmiylari shunday deb chiqishdi. Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova videoni izohlay turib, Yevropa yetakchilarini giyohvand modda iste’mol qilganlikda aybladi.
«Zelenskiyni kelishuvni buzish va qon to‘kishni davom ettirish bo‘yicha navbatdagi dahshatli fitnaga itarib, latifada aytilganidek, fransuz, ingliz va nemis poyezdga o‘tirdi va... puflashdi. Aftidan, shunchalikki, jurnalistlar kelguncha ashyolarni yig‘ishtirib qo‘yishni ham unutishgan. Yevropa taqdirini har jihatdan qaram bo‘lgan vaqtinchalik rahbarlar hal qilmoqda», — deb yozdi Zaxarova o‘z kanalida.
Oxirgi vaqtlarda AQSh bilan muzokaralarda tez-tez ko‘rinish berayotgan, asli ukrainalik Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi rahbari Kirill Dmitriyev ham video yuzasidan munosabat bildirgan. «Bu kadrlar sun’iy intellektda qilinganmi yoki haqiqiymi? Agar haqiqiy bo‘lsa, biz nimani ko‘rdik — shakarmi yoki mutlaqo boshqa narsanimi? Agar boshqa narsa bo‘lsa, bu so‘nggi vaqtlarda yangragan ko‘plab g‘oyalar va takliflarni izohlaydi», — deb yozdi Dmitriyev X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Yevropada nima deyishdi?
Yevropada avvaliga bu holatga shunchaki kulgi bilan qaray boshlashgandi, lekin Rossiya rasmiylaridan jiddiy ayblovlar yangragach, hatto rasmiy Parij munosabat bildirishga majbur bo‘ldi.
Liberation nashri AFP va Associated Press agentliklari tomonidan olingan yuqori sifatli videoyozuv va fotosuratlarda oq kukunli paket ekani aytilgan ashyo — aslida burun artiladigan va g‘ijimlangan dastro‘mol, somoncha shaklidagi buyum esa qoshiqcha yoki tish kavlagich ekani haqida yozdi. Aslida oddiy chiqindi bo‘lsa-da, bu buyumlarning yaqindan olingan suratlari paydo bo‘la boshladi. Hamma o‘sha chiqindilarni muhokama qilishga kirishdi.
Fransiya prezidenti ma’muriyati Yevropa rahbarlari Ukrainaga safar chog‘ida go‘yoki giyohvand moddalar iste’mol qilgani haqidagi xabarni tarqatganlarni «Fransiya dushmanlari» deb atadi.
Ana shunaqa gaplar, janoblar. «Shum bola» filmida aytilganidek, alg‘ov-dalg‘ov zamonlarga qolib ketdik. Biror kazo siyosatchi bu gapni aytganmi-yo‘qmi bilmadim, lekin dunyoda allaqachon axborot urushi ko‘rinishida jahon urushi boshlanib bo‘lgan. Yolg‘on va rost ma’lumotni ajratish qiyin bo‘lib qoldi. Shu bois xabarlarni eshitganda ehtiyot bo‘ling. Eng ishonchli xabarlardan boxabar bo‘lish uchun esa albatta Kun.uz sahifalariga obuna bo‘ling.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid

12:15 / 14.05.2025
Emmanuel Makron: Parij Ukraina armiyasini kuchaytirishda davom etadi

08:30 / 14.05.2025
Makron Rossiyaga o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa, sanksiyalar bilan tahdid qildi

16:46 / 13.05.2025
Jyerar Deparde jinsiy zo‘ravonlik ishi bo‘yicha shartli qamoq jazosiga hukm qilindi

21:30 / 12.05.2025