Jahon | 14:29 / 16.05.2025
2615
9 daqiqa o‘qiladi

AI markaziga aylanmoqchi bo‘lgan BAA, Putindan xafa bo‘lmagan Tramp va G‘azo bo‘yicha reja – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

G‘azoni erkin hududga aylantirish rejasi va tugamayotgan bombardimonlar

Qatarga tashrifi davomida AQSh prezidenti Donald Tramp amirlikdagi al-Udeyd harbiy bazasiga yetib keldi. AQShning Yaqin Sharqdagi eng yirik harbiy bazasidagi tadbirda AQSh va Qatar harbiylari ham qatnashdi.

U o‘z chiqishida G‘azo bo‘yicha rejalarini aytgan. «Menda G‘azo uchun juda yaxshi g‘oyalar bor: uni "freedom zone" — ya’ni erkinlik zonasiga aylantirish. AQSh bu ishga aralashib, G‘azoni shunchaki erkin hududga aylantirishi kerak», — deya Trampning so‘zlarini keltirmoqda Al-Jazeera nashri.

«Menda havo suratlari bor — deyarli birorta bino butun qolmagan. Bu yerda siz biror narsani saqlab qolishga urinyapsiz deyish ham qiyin. Agar zarurat bo‘lsa, AQSh bu hududni o‘z nazoratiga olsa, uni egallasa va erkinlik zonasi qilsa, men bundan faxrlanardim», — degan Tramp Qatardagi safari davomida.

Tramp joriy yil boshida ham G‘azo ustidan uzoq muddatli AQSh nazoratini o‘rnatib, uni Yaqin Sharqning Riveria'si sifatida qayta qurish fikrini ilgari surgan edi.

Tramp Yaqin Sharqda yurgan vaqtda Isroil G‘azo sektorining turli hududlari: aholining uylari, ko‘chirilgan falastinliklarning chodirlariga, shifoxonalar va tinch aholi to‘plangan joylarni bombardimon qilishdan to‘xtamayapti.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, so‘nggi bir sutkada G‘azodagi shifoxonalarga 82 nafar halok bo‘lganlarning jasadi va 152 kishi jarohatlari bilan keltirilgan.

2023 yil 7 oktyabrda Isroilning G‘azodagi bosqinchilik urushi boshlanganidan beri halok bo‘lganlar soni esa 53 mingdan oshib ketdi.

Putin Istanbulga kelmadi. Tramp va Zelenskiyning munosabati

AQSh prezidenti Donald Tramp Putin bilan ko‘rishmagunicha tinchlik muzokaralarida hech qanday taraqqiyot bo‘lmasligini aytdi.

«Putin va men uchrashmagunimizcha hech narsa bo‘lmaydi», dedi Tramp jurnalistlarga. Tramp Ukraina bilan muzokaralar uchun Turkiyaga borgan Rossiya delegatsiyasi tarkibiga Putin kiritilmaganidan xafa emasligini qo‘shimcha qildi, deb yozdi CNN. U Rossiya delegatsiyasi tarkibi haqida hech narsa bilmasligini ta’kidladi.

Avvalroq Donald Tramp Turkiyaga borishga tayyorligini aytgandi, biroq Vladimir Putin muzokaralarda ishtirok etishdan bosh tortgach, bu g‘oyadan voz kechdi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa o‘z va’dasida turib, Turkiyaga keldi va prezident Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. U Putin kelmagani uchun Anqaradan Istanbulga muzokaralarga o‘zi bormasligini aytdi.

«Rossiyaning muzokaralardagi delegatsiyasi darajasi ancha past. Ammo Tramp va Erdo‘g‘anga hurmat ko‘rsatib, urushni tugatish yo‘lida hech bo‘lmaganda dastlabki qadamlarga erishish uchun Ukraina delegatsiyasini Istanbulga yuborishga qaror qildim.

Ukraina delegatsiyasining birinchi raqamli mandati — o‘t ochishni to‘xtatish. Agar Putin muzokaraga, urushni tugatishga tayyor bo‘lsa, hech qanday sharsiz uchrashaylik. Biz butun dunyo bo‘ylab uning orqasidan quvib yurolmaymiz», dedi Zelenskiy.

Istanbuldagi muzokaralar bugun - 16 mayga ko‘chirilgan. Muzokaralarda Ukraina delegatsiyasiga mudofaa vaziri Rustem Umerov, Rossiya delegatsiyasiga esa Putinning yordamchisi Medinskiy rahbarlik qilmoqda.

BAA-AQSh: Qurol emas, ko‘proq AI texnologiya

AQSh prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoni va Qatarga tashrifidan so‘ng, 15 may kuni Yaqin Sharq safarining so‘nggi bekati sifatida BAAga keldi. Uni BAA Prezidenti Shayx Zoid Al Nahayon shaxsan kutib oldi va Trampga Zoid ordeni topshirildi. Tramp BAAda Saudiya va Qatardan olgan va’dalaridan ham kattaroq investitsiya olishga kelishgan.

Xususan, BAA tomonidan kelgusi 10 yilda AQShga 1,4 trillion dollar umumiy investitsiyalar yo‘naltirishini ma’lum qildi. Tashrif davomida imzolangan yangi AQSh–BAA shartnomasining umumiy qiymati esa 200 milliard dollar. Shuningdek, Boeing, GE Aerospace va Etihad Airways o‘rtasidagi 14.5 milliard dollarlik yirik aviasozlik bitimi imzolandi.

Qo‘shnilaridan farqli BAA AQShdan ko‘proq qurol emas, balki AI — sun’iy intellekt texnologiyalarini olmoqda. Kelishuvlarni AQSh AI siyosatini yuritayotgan Devid Sacks olib bormoqda. OpenAI asoschisi Sem Altman va Nvidia rahbari Jyensen Huang ham muzokaralarda qatnashmoqda.

Tashrif davomida imzolangan Abu-Dabida 5 gigavatt quvvatli AI kampusi qurilishi boshlandi. Bu — AQShdan tashqaridagi eng yirik sun’iy intellekt markazi bo‘ladi. 500 ming dona Nvidia chipi yillik hajmda BAAga eksport qilinadi, bu orqali Yaqin Sharqda yirik ma’lumot markazlari bunyod etiladi.

Bundan tashqari, AQSh va BAA o‘rtasida texnologik xavfsizlik bo‘yicha kelishuv ham imzolandi, AI Infrastructure Partnership (AIP) doirasida 2025 yilda $30 milliard kapital va $100 milliard qarz mablag‘larini safarbar qilish rejalashtirilmoqda.

AI'ga aloqador kelishuvlar jozibali tuyulsa ham Vashingtondagi ko‘p rasmiylarda xavotir uyg‘otmoqda. Ular bu texnologiya Xitoyga o‘tib ketishi, eng kuchli AI data markazlari esa AQSh o‘rniga Yaqin Sharqda paydo bo‘lishidan xavfsirashmoqda. Bayden ma’muriyati ilgari BAAga shunga o‘xshash taklifni rad etgan edi.

Bundan tashqari, Tramp nomidagi 80 qavatli yangi minora Dubayda — Burj Xalifa yaqinida qurilishi rejalashtirilmoqda.

Britaniya va Germaniya hamkorlikda yangi qurol yaratadi

Buyuk Britaniya va Germaniya uzoq masofaga mo‘ljallangan yangi qurol yaratish ustida hamkorlikda ish olib borishini ma’lum qildi. Ushbu qurol 2 ming kilometrdan uzoq masofada joylashgan nishonlarni yakson etishga mo‘ljallangan. Ikki davlat mudofaa kelishuviga asosan yaratilgan qurol «mamlakatda shu paytga qadar yaratilgan eng ilg‘or tizimlardan biriga» aylanadi.

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Hili hamda uning germaniyalik hamkasbi Boris Pistorius yangi loyiha haqida Berlinda o‘tkaziladigan uchrashuvda e’lon qiladi. Britaniya hukumati loyihani ishga tushirish muddati va budjetiga oid tafsilotlarni oshkor etmagan.

Rossiya federal budjetning deyarli uchdan bir qismini maxfiylashtirdi

Rossiya hukumati rossiyalik soliq to‘lovchilarga 20 trillion rubldan ko‘proq zarar keltirgan Ukrainadagi urush uchun ulkan hisobni «soyada» yashirib, yashirin budjet xarajatlarini oshirmoqda, deb xabar berdi The Moscow Times rus xizmati.

Xususan, joriy yilning birinchi choragida federal g‘aznadan maxfiy bandlarga 3,6 trillion rubl sarflangan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan maxfiy xarajatlar 1,1 trillion rublga oshdi. Natijada maxfiylashtirilgan xarajatlar «ijtimoiy siyosat»dan keyin ikkinchi eng katta budjet bandiga aylandi. Ular sog‘liqni saqlash xarajatlaridan 7 baravar va ta’lim xarajatlaridan deyarli 9 baravarga oshdi.

Eron AQSh ishtirokida uran bo‘yicha konsorsium tuzishni taklif qildi

The New York Times eronlik manbalarga tayanib yozishicha, Eron Vashingtonning Tehron yadroviy dasturini cheklash talabiga muqobil ravishda arab davlatlari va AQSh sarmoyasi hisobiga uranni boyitish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishni taklif qildi.

NYT manbalari tushuntirganidek, taklif konsorsium yaratishni o‘z ichiga oladi, uning doirasida Eron uranni qurol darajasidan past darajada boyitadi va uni arab mamlakatlariga fuqarolik maqsadlarida foydalanish uchun yuboradi.

Eronga uranni 3,67 foizgacha boyitish imkonini beruvchi kelishuv 2015 yilgi yadroviy kelishuvga o‘xshash bo‘ladi, biroq asosiy farq qo‘shimcha nazorat uchun joylarda boshqa mamlakatlar vakillarining ishtirok etishidir, deb yozadi nashr. Eron rasmiylarining ta’kidlashicha, 15 yilga mo‘ljallangan oldingi kelishuvdan farqli o‘laroq, qo‘shma korxona rejasi ochiq bo‘ladi.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi 11 may kuni Ummonda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha vakili Stiv Uitkoffga bu g‘oyani aytdi, deb xabar berdi Erondagi to‘rt manba. Uitkoffning matbuot kotibi Eddi Vaskesning aytishicha, bu «haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi». Uning so‘zlariga ko‘ra, bu taklif «hech qachon birinchi o‘ringa chiqmagan va muhokama qilinmagan».

Mavzuga oid