Jahon | 15:00
2403
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azoliklarni Liviyaga ko‘chirish rejasi, Rossiya–Ukraina muzokaralari va Tartus portini BAAga topshirgan Suriya – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Istanbulda Rossiya–Ukraina muzokaralari

Istanbulda 16 may kuni tushdan keyin Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida 2022 yil bahoridan beri birinchi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularni bir tomonlama o‘tkazishni Rossiya prezidenti Vladimir Putin taklif qilgandi, lekin uning o‘zi Turkiyaga kelmadi.

Reuters agentligining Ukrainadagi diplomatik manbasiga ko‘ra, Rossiya delegatsiyasi Istanbuldagi muzokaralarda nomaqbul talablarni ilgari surgan. Xususan, o‘t ochishni to‘xtatish uchun Kiyev o‘z hududlaridan (qisman Rossiya tomonidan bosib olingan Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlari) qo‘shinlarni olib chiqishi talab etilgan.

Hozircha e’lon qilingan yagona kelishuv – «1000 ga 1000» formulasi bo‘yicha harbiy asirlarni almashtirish. Bu haqda jurnalistlarga dastlab Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustem Umerov ma’lum qildi, keyinroq Medinskiy ham buni tasdiqladi.

Medinskiy, shuningdek, muzokaralardan so‘ng tomonlar ehtimoliy otashkesim bo‘yicha o‘z qarashlarini taqdim etishga kelishib olgani, shundan so‘ng muzokaralar qayta tiklanishini aytdi.

Bundan tashqari, Ukraina tomoni davlat rahbarlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni so‘ragan va Rossiya vakillari «bu so‘rovni ma’lumot uchun qabul qilgan».

Urushni tugatishga tayyor bo‘lmaguncha Rossiyaga bosimni davom ettirish kerak — Zelenskiy

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropa yetakchilari bilan birgalikda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Istanbulda tinchlik muzokaralarini muhokama qildi.

Ukraina prezidenti so‘zlariga ko‘ra, Tramp bilan bo‘lgan ushbu qo‘ng‘iroqda u bilan bir qatorda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Polsha bosh vaziri Donald Tusk ham ishtirok etgan.

Ukraina yetakchisiga ko‘ra, AQSh va Yevropadagi hamkorlari agar Rossiya o‘t ochishni to‘xtatish va qotilliklarni bas qilishdan bosh torsa, unga nisbatan kuchli sanksiyalar joriy etilishi kerak, degan pozitsiyada to‘xtalgan. «Rossiyaga bosim u urushni tugatishga tayyor bo‘lmaguncha saqlanib qolishi kerak», — deb yozgan Ukraina rahbari.

Shuningdek, Turkiya tomoni Rossiya va Ukraina prezidentlari muzokaralarga tayyor bo‘lsa, ularni o‘z hududida o‘tkazishga rozi ekanini aytgan.

«Prezident Erdo‘g‘an Rossiya va Ukraina o‘rtasida muzokaralarni boshlash uchun tarixiy imkoniyat tug‘ilganini e’lon qilib, texnik va yetakchilar darajasidagi muzokaralarni kuchli qo‘llab-quvvatlashini bildirdi», — deya xabar bermoqda Anadolu agentligi. Anqarada Erdo‘g‘an va Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralar esa yopiq eshiklar ortida o‘tdi.

AQSh 1 million g‘azolikni Liviyaga ko‘chirish rejasini ishlab chiqmoqda — OAV

NBC News nashri o‘z manbalariga tayanib AQSh prezidenti ma’muriyati G‘azo sektoridan 1 milliongacha falastinlikni doimiy ravishda Liviyaga ko‘chirish rejasini ishlab chiqayotganini xabar qildi.

Reja jiddiy ko‘rib chiqilgan, hatto Tramp ma’muriyati uni Liviyaning rahbariyati bilan muhokama qilgan. Ushbu ko‘chirish evaziga AQSh hukumati o‘n yillar avval muzlatib qo‘yilgan milliardlab dollar mablag‘ni Liviyaga qaytarib berishi mumkin, deb aytgan uch manba.

Hozircha yakuniy kelishuvga erishilmagan, Isroil ushbu muzokaralar borasida xabardor qilingan.

Nashrning yozishicha, Davlat departamenti va Milliy xavfsizlik kengashi maqola chop etilishidan avval bu borada izoh berishdan bosh tortgan, maqola chiqqandan so‘ng esa Davlat departamenti vakili «bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi»ni aytgan.

HAMAS harakatining yuqori martabali vakili Basim Naim aytishicha, tashkilot falastinliklarni Liviyaga ko‘chirish bo‘yicha hech qanday muzokaradan xabardor emas.

«Falastinliklar o‘z yurtida chuqur ildiz otgan, ular yurtiga sodiq va erlarini, oilalarini, farzandlarining kelajagini himoya qilish uchun oxirigacha kurashishga tayyor. G‘azolik va falastinliklar aholi — Falastin nomidan qaror qabul qilish huquqiga ega yagona tomon», — degan Hamas rasmiysi.

Ushbu xabarlar yuzasidan Isroil hukumati ham, Liviya rasmiylari, shuningdek Haftar boshchiligidagi armiya vakillari ham izoh bermagan.

Suriya Tartus portini BAAga topshirdi

Suriya portlar boshqarmasi dunyodagi eng yirik portlar operatorlaridan biri — DP World (BAA) bilan memorandum imzoladi. Uning doirasida Tartus porti terminali va logistika xizmatlarini rivojlantirishga 800 million dollar investitsiya kiritiladi. Bu haqda Suriya televideniyesi xabarida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Suriya va BAA kompaniyasi maxsus iqtisodiy zonalar tashkil etish, terminallar va respublika mintaqalarida tranzit tugunlarini qurish bo‘yicha hamkorlikda ishlashga kelishib oldi.

Yangi shartnoma Suriya hukumati Rossiya bilan birgalikda portni boshqarish bo‘yicha tuzilgan kelishuvni bekor qilganidan so‘ng imzolangan. Yanvar oyida Suriyaning Al Watan gazetasi Tartus bojxonasi direktoriga tayanib mamlakatning yangi hukumati 2019 yilda tuzilgan va 49 yilga mo‘ljallangan dengiz portini boshqarish bo‘yicha kelishuvni bekor qilgani haqida yozgandi. Bojxona direktori Riyod Jodining aytishicha, port qonunlar, yuqori port to‘lovlari va texnik muammolar tufayli deyarli faoliyat ko‘rsatmagan.

Damashq 2019 yilda tuzilgan, portning fuqarolik qismini qamrab olgan kelishuvni bekor qilgan. Rossiyaning Suriyadagi harbiy bazalari ustidan nazorati masalasi haqida hozircha gap ketmayapti. Kelishuv bekor qilingandan keyin Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya Suriyaning yangi rahbariyati bilan barcha dolzarb masalalar bo‘yicha aloqalarni davom ettirayotganini aytgandi.

AQSh Rossiya-NATO kengashini qayta tiklashni taklif qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Rossiya-NATO kengashi doirasida xavfsizlik bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashni taklif qildi, deb xabar qildi Bloomberg xabardor manbasiga tayanib. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu taklif Amerikaning Rossiya-Ukraina urushini tinch yo‘l bilan hal qilish rejasiga kiritilgan.

Agentlikning eslatishicha, Moskva shu paytgacha AQShning o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifini chetga surib kelgan. Reja, xususan, mojaroni muzlatish, Rossiyaning Qrim ustidan nazoratini tan olish va urush tufayli Amerika tomonidan Rossiyaga kiritilgan sanksiyalarni bekor qilishni nazarda tutadi. Ukraina, AQSh rejasiga ko‘ra, ishonchli xavfsizlik kafolatlari va qurolli kuchlarini rivojlantirish imkoniyatini oladi.

Rossiya-NATO kengashi 2002 yilda tuzilgan. Uning maqsadi Rossiya Federatsiyasi va Shimoliy Atlantika ittifoqiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va harbiy-siyosiy harakatlarni muvofiqlashtirishdan iborat edi. Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi ortidan Rossiya-NATO kengashi amalda o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Bunday formatdagi so‘nggi uchrashuv 2022 yilning yanvarida bo‘lib o‘tgan.

Rossiya quruqlik qo‘shinlarining yangi bosh qo‘mondoni tayinlandi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Oleg Salyukovni Rossiya Quruqlikdagi qo‘shinlari bosh qo‘mondoni lavozimidan ozod etib, Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari etib tayinladi. Yangi bosh qo‘mondon etib Ukrainadagi jangovar guruhni boshqargan general-polkovnik Andrey Mordvichev tayinlandi.

May oyida Salyukov 70 yoshga to‘ladi, bu Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, general lavozimini egallash uchun maksimal yosh hisoblanadi.

General-polkovnik Andrey Mordvichev Ukrainadagi urushda faol ishtirok etyapti. Xususan, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshida uning boshchiligidagi rus qo‘shinlari Mariupolni egalladi.2023 yilda Donetsk yo‘nalishidagi hujum paytida uning qo‘mondonligi ostida Avdiyivka, Ocheretino, Selidovo, Ukrainsk va Kuraxovo egallandi.

Mavzuga oid