Tahdid va tarix haqida va’z: Istanbul muzokaralarida nimalar deyishdi?
Kecha Istanbulda o‘tgan muzokaralarda Rossiya vakillari Ukrainaga yana ikkita oblastini egallab olish bilan tahdid qilgan, shuningdek, Putin va Zelenskiyning uchrashuvi masalasi muhokama qilingan.

«Biz abadiy jang qilolamiz, siz-chi?»
Rossiya muzokarachilari yetakchisi tarixchi Vladimir Medinskiy kechagi muzokara vaqtida tabiiyki tarix haqida gapirishga ulguribdi. Ruschasiga aytganda, "kak jye bez etogo". Albatta, muzokaralarda nimalar gaplashilgani haqida har ikki tomon qisqagina bayonotlar bilan cheklandi, lekin biz axborot asrida yashayapmiz, muzokara haqida gaplar allaqachon sizib chiqishni boshladi.
Ishonchli manba hisoblanmish The Economist jurnali muxbiri Oliver Kerrooll vaziyatdan xabardor manbasiga asoslanib bir qancha insayd xabarlar chiqardi. Xususan, uning yozishicha, Rossiya tomoni Ukrainaga Sumi oblastida bufer zona yaratmoqchi ekani, kerak bo‘lsa, Sumi va Xarkivni egallab olishi bilan tahdid qilgan.
Rossiyalik muzokarachilar yetakchisi, Putinning yordamchisi Medinskiy Rossiya urush istamasligini aytgan va quyidagi so‘zlarni aytgan. Diqqat bilan eshiting. «Biz urush istamaymiz, lekin bir yil, ikki yil, uch yil, qancha vaqt ketsa jang qilishga tayyormiz. Biz Shvetsiya bilan 21 yil urushganmiz, siz qancha urusha olasiz?» degan tarixchi Medinskiy. «Ehtimol bu stol atrofida o‘tirganlar yanada ko‘proq yaqiqnlarini yo‘qotadi, lekin Rossiya abadiy jang qilishga tayyor», deb qo‘shimcha qilgan Rossiya sobiq madaniyat vaziri Medinskiy.
Rossiya muzokarada Sumi oblastini egallab olish bilan tahdid qilgani haqida avvalroq ukrainalik deputat Aleksey Goncharenko ham yozgandi.
«Ular tarixni bilmaydi»
Medinskiy delegatsiya rahbari bo‘lganidayoq muzokaralarda juda ko‘p tarix haqida va’zlar yangrashi aniq edi. Taxminlar o‘zini oqladi, o‘rtoqlar. Rossiya muzokara davomida 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish talabini keskin rad etgan va Kiyev vakillariga faqat Donetsk, Luhansk, Xerson, Zaporijjyadan, diqqat qiling, Ukrainaniki ekani xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan yerlardan ukrain qo‘shinlari chiqib ketsagina o‘t ochishni to‘xtatish haqida gaplashish mumkinligini aytishgan.
Keyinroq tarixchi Medinskiy amalda bu ma’lumotni tasdiqlab Rossiya telekanaliga intervyu berdi. Rossiya sobiq madaniyat vaziriga ko‘ra, tinchlik muzokaralaridan avval o‘t ochishni to‘xtatishni so‘raganlar tarixdan bexabar ekan. Urush va muzokaralar esa janob Medinskiyning aytishicha, doim parallel davom etgan ekan. Janob Medinskiy bu intervyusida hatto Otto fon Bismarkni tilga olishga ham ulgurdi.
Kelishib ko‘rishga kelishildi
Xullas, kutilganidek bu uchrashuvda urushni tugatish bo‘yicha hech qanday kelishuv bo‘lmadi. Shunchaki tomonlar keyinchalik yana kelishishga harakat qilishga kelishib olishdi. Bu gapning o‘zi juda kulgili eshitiladi. Yagona kelishuv esa asirlarni almashish bo‘yicha bo‘ldi. Rossiya va Ukraina 1000 nafardan asirni ozod qilishga rozi bo‘ldi.
Ana shunaqa gaplar. Janob Tramp aytganiday u Putin bilan ko‘rishib, bo‘ldi endi urushni tugatish kerak, demasa, bu qirg‘inbarot hali beri tugamaydi. Bunaqa nojiddiy muzokaralar esa tarix haqida keraksiz vazlar uchun minbar bo‘lib xizmat qiladi xolos. Kun.uz'dan uzoqlashmang, eng ishonchli xabarlar shu yerda bo‘ladi.
Mavzuga oid

21:30
Tramp urushni to‘xtatish haqida Putin bilan telefon orqali gaplashishini aytdi

19:10
Istanbul aeroportida tanasiga oltin yashirgan o‘zbekistonlik ayollar ushlandi

18:55
Putin Ukrainaga oid AQSh tinchlik rejasini Uitkoff bilan muhokama qilishni istamadi

16:33