Jamiyat | 07:53
6760
6 daqiqa o‘qiladi

"Ko‘chamiz dahshatli tutun bilan qoplandi" - Qo‘qonda ammiak sizib chiqqan hududdan reportaj

16 may kuni soat 20:30 larda Qo‘qon shahridagi mineral o‘g‘it ishlab chiqaruvchi Indorama Kokand Fertilizers & Chemicals korxonasida ammiak moddasi vagondan maxsus idishga o‘tkazilayotgan vaqtda shlangda yorilish hosil bo‘lib, atrofga ammiak sizib chiqdi. Buning oqibatida bir necha fuqaro zaharlanib, shifoxonaga murojaat qilgan. Aholi zavoddan doimiy ravishda badbo‘y hid chiqishi, mahalla ichida joylashgan korxonani boshqa hududga ko‘chirib berishlarini so‘rab qilgan murojaatlari javobsiz qolayotganini ta’kidladi. Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, zavod atrofida yashovchi aholi va korxona rahbariyati bilan suhbatlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Zaharli hid haliyam bor...

“Kecha tunda ko‘chamiz dahshatli tutun bilan qoplandi. Ko‘zimiz achib, tomog‘imizga achchiq ta’m kelaverdi. Zavodni mahalla ichidan ko‘chirmasak bo‘lmaydi. 1990 yilda ko‘chish kerak edi o‘zi aslida. Sho‘rsuv tomonga ko‘chirishmoqchi edi.

O‘sha paytda nima bo‘ldi, bilmayman, ko‘chirmay qoldirib qo‘yishdi. Shu bilan yana ishlayapti, undan keyin Hindiston sotib oldi. Dardimizni aytyapmiz, hech kim quloq solmayapti. Aholini, shaharning yarmini zaharlab yubordi kecha ammiak chiqib ketgan paytda, shabada shahar ichiga yurgan paytda. Kechagi holatdan sarosimaga tushib qoldik. Ayniqsa yosh bolalarga achindim holatini ko‘rib.

Adham Rajabov

Zavod atrofida odam zich yashaydi. Har kuni shu zavodning zaharli hidini yutishga majburmiz. Haliyam zaharli hid bor. Hid butkul yo‘qolmagan. Nafasimiz bo‘g‘ilib o‘tiribmiz”, – deydi Adham Rajabov.

Ammiak hididan o‘zimni yo‘qotdim

“Zavod devori hovlimizdan ko‘rinib turadi, zavodning orqa tomonida yashaymiz. Ammiak hididan mazam qochib, shifoxonaga tushib qoldim. Taksistman. Ko‘chada bo‘lgan voqeani eshitib, farzandlarimdan xavotir olib, uyga qaytishda holatim yomonlashdi. 

Sohib Yaqubjonov

Tutun hidiga chidab bo‘lmas edi. Ikki marta infarktga chalinganman. Shuning hisobigami, bilmadim nafasim qisib, og‘ir ahvolga tushib qoldim.

5-6 yildan beri zavoddan ammiak hidi chiqib turadi. Tegishli idoralarga holat haqida ko‘p chiqqanmiz. Natija bo‘lmagan. Kelib o‘rganishaveradi, hech narsa o‘zgarmaydi. Bu zavod xalqning ichida bo‘lmasligi kerak, chekka tomonga olish kerak. Aks holda odamlarni zaharlayveradi.

Mana, bugun ikkinchi kun. Hozirgacha hidi bor. Lekin katta bir tashkilot rahbari chiqib, odamlardan holing nima bo‘ldi, deb so‘ragani yo‘q. Xalq bilan umuman muloqot yo‘q. Zavod atrofida mana, bizning mahallamizning o‘zida 200 dan oshiq aholi bor. Bu chekkada 500 dan oshiq aholi yashaydi. U tomonda esa mingdan oshiq. Zavod atrofida jami hisoblasak, 5 000, 6 000 aholi yashaydi”, – deydi Sohib Yaqubjonov.

O‘rtacha 450-500 kilogrammgacha ammiak moddasi chiqqan

“Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan 21 minut davomida zavod mas’ullari bilan birgalikda ammiak sizib chiqishi holati bartaraf etildi. Atmosferaga sizib chiqqan ammiak moddasini zararsizlantirish ishlari olib borilib, maxsus suyuqliklar bilan qayta ishlanib, zararsizlantirish ishlari olib borildi hamda soat 21:10 gacha zavod hududida bartaraf etish ishlari yakunlandi.

Jahongir Meliboyev, Farg‘ona viloyati ekologiya boshqarmasi Qo‘qon shahar bo‘limi boshlig‘i

Ammiak sizib chiqqandan keyin SES, ekologiya va gidromet laboratoriya xodimlari tomonidan mahalla aholisi, zavod atrofidan tahlil natijalari olindi. Qo‘qonning har bir burchagidan, hududlardan tahlil natijalarini ham oldik, natijasini kutyapmiz. O‘rtacha 450-500 kilogrammgacha ammiak moddasi chiqqan”, – deydi Jahongir Meliboyev, Farg‘ona viloyati ekologiya boshqarmasi Qo‘qon shahar bo‘limi boshlig‘i.

Zavod odatdagi holatiga qaytdi...

“Ammiakni Farg‘ona azotdan yoki Navoiy azotdan olamiz. Korxonamiz mineral o‘g‘it ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Sotib olingan vagonda kecha soat 20:20 lar atrofida ulangan joyda “utechka” ketib qolgan, texnik nosozlik bo‘lgani uchun. Tashqariga 350-400 litr ammiak sizib chiqqan. Suv bilan aralashib, hosil bo‘lgan massa atmosferaga chiqib ketib qolgan. 10-15 daqiqa ichida holat bartaraf qilindi.

Sohibjon Mamatov, zavodning xavfsizlik bo‘yicha direktor o‘rinbosari

Hozir korxona o‘zining odatdagi holatiga qaytgan. Korxona o‘zi asli 1934 yildan faoliyat ko‘rsatadi. Bunday holat avval kuzatilmagan edi. Bu birinchi marta bo‘lyapti. Korxonada 600 nafarga yaqin xodim ishlaydi”, – Sohibjon Mamatov, zavodning xavfsizlik bo‘yicha direktor o‘rinbosari.

Ravshan Sobirov

Qo‘qon shahar tez tibbiy yordam bo‘limi boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Ravshan Sobirovga ko‘ra, ammiak hidi ta’siriga tushib qolgan bemorlar soni 20 nafardan ortiq. Kerakli muolajalardan keyin ularning uylariga ketishi uchun ruxsat berilgan.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.

Mavzuga oid