O‘zbekiston | 18:38 / 12.06.2025
8158
2 daqiqa o‘qiladi

Avtofalokatda jabrlanganlarga 500 million so‘m zarar qoplab berildi

Qo‘qonda sud yo‘l sozligi uchun mas’ul korxonadan avtofalokatda jabrlanganlarga yetkazilgan zararni undirib berdi.

Yo‘llarda yuz berayotgan avtofalokatda odatda haydovchilar ayblanadi, bu safar esa o‘zgacha bo‘ldi, deb xabar berdi O‘zA.

Qayd qilinishicha, tog‘li dovonda, nosoz yo‘l va qalin tuman orasida, yo‘l belgilari ham ko‘rinmay turgan bir paytda ikki avtomashina to‘qnashgan. Dastlab ayb ikki haydovchiga qo‘yilgan. Biroq, sud ishni sinchkovlik bilan o‘rganib, uzoq davom etgan tortishuvlardan so‘ng, haydovchilarni emas, balki yo‘l sozligi va xavfsizligini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan «ROS MB» korxonasini aybdor, deb topgan.

Sud hodisa oqibatida jabrlanganlarga 500 million so‘m zarar yetkazilgani va undirish haqida qaror chiqargan. Korxona qaror ustidan shikoyat qilgan bo‘lsa-da, Oliy sud jabrlanganlar foydasiga zarar undirilishini belgilagan.

Ta’kidlanishicha, MIB Qo‘qon shahri bo‘limi korxonadan jabrlanuvchilarga yetkazilgan 500 million so‘mni to‘liq undirgan.

Xabarda hodisa qachon va qayerda sodir bo‘lgani haqida batafsil ma’lumot berilmadi.

Mavzuga oid