Jahon | 13:21
1878
10 daqiqa o‘qiladi

Isroilning G‘azodagi yangi operatsiyasi, dronlar hujumiga zo‘r bergan Rossiya va Hamasning o‘ldirilgan navbatdagi qo‘mondoni – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil G‘azoda yangi harbiy operatsiyani boshladi

Isroil qo‘shinlari G‘azo sektorida «Gideon jangovar aravalari» nomini olgan yangi yirik harbiy operatsiyaning birinchi bosqichini boshladi. Gap anklavning «strategik hududlari»ni nazoratga olish haqida ketmoqda.

Mudofaa vazirligi bayonotida aytilishicha, so‘nggi 24 soat ichida armiya «keng ko‘lamli hujumlar uyushtirgan va G‘azo sektoridagi strategik hududlarni egallash uchun kuchlarni safarbar qilgan». Bu operatsiyaning dastlabki bosqichi va u “garovga olinganlarni ozod qilish va HAMAS harakatini yo‘q qilish uchun» amalga oshirilmoqda.

Isroil rasmiylari ommaviy axborot vositalariga operatsiya quyidagi maqsadlarni ko‘zlaganini bildirgan. Xususan, Isroil armiyasining G‘azoni «zabt etishi» va hudud ustidan nazoratni saqlab turishi, Falastin tinch aholisini janubga ko‘chirish, HAMAS a’zolariga hujum qilish, guruhning – humanitar yordam ta’minoti ustidan nazoratni qo‘lga kiritishiga yo‘l qo‘ymaslik.

18 may kuni boshlangan, Isroil yangi operatsiya deb atayotgan, G‘azo sektorining turli hududlariga uyushtirilgan ommaviy hujumlar natijasida yuzlab g‘azolik tinch aholi vafot etmoqda. Xususan, G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining Anadolu agentligiga ma’lum qilishicha, 18 maydagi hujumlar oqibatida 106 nafar falastinlik halok bo‘ldi.

Isroil qo‘shinlari G‘azoga qarshi intensiv hujumlarni sektorning shimolidagi Indoneziya kasalxonasini o‘rab olib, muassasaga og‘ir artilleriyadan o‘q uzish bilan boshladi. G‘azo SSV bayonotiga ko‘ra, ichkarida qolgan 55 nafar bemorlar va tibbiyot xodimlari orasida kuchli vahima va tartibsizlik yuzaga kelgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi tegishli xalqaro tashkilotlarni yuz berayotgan voqealar bo‘yicha zudlik bilan choralar ko‘rishga chaqirdi.

Hamasning navbatdagi qo‘mondoni ham o‘ldirildi

G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus shahrida joylashgan tunneldan HAMAS yetakchisi Muhammad Sinvarning jasadi topildi. U Isroil aviazarbasi oqibatida bir necha kun oldin o‘ldirilgan, deb xabar beradi Al Arabiya o‘z manbalariga tayanib.

Xon Yunusdagi Yevropa shifoxonasi hududidan Sinvardan tashqari uning 10 nafar yordamchisining ham jasadi topilgan.

Isroil harbiylari Xon Yunusdagi Yevropa shifoxonasiga 13 may kuni aviarzarbalarni amalga oshirgan edi. TSAHAL xabariga ko‘ra, shifoxona ostida HAMASning qo‘mondonlik punkti bo‘lgan.

Isroil Mudofaa armiyasi hozircha Muhammad Sinvarning o‘limini tasdiqlamadi. Mudofaa vaziri Israel Kats tashqi ishlar va mudofaa qo‘mitasiga hozircha Sinvarning o‘limi haqida hech qanday rasmiy tasdiq yo‘qligi, ammo «barcha belgilar bo‘yicha u yo‘q qilingani»ni bildirgan.

Muhammad Sinvar — 2024 yil oktyabr oyida G‘azo sektorida o‘ldirilgan HAMASning oldingi yetakchisi Yahyo Sinvarning ukasi. Yahyo Sinvar o‘tgan yilning avgustida Ismoil Haniya o‘ldirilganidan keyin HAMAS siyosiy byurosi rahbariga aylangan edi. Muhammad Sinvar ham akasi kabi HAMAS tarkibiga yoshligidan qo‘shilgan. Isroil maxsus xizmatlari bir necha bor uni o‘ldirishga uringan, ammo shu kungacha buni uddalay olmayotgan edi.

Vatikanda inauguratsiya va siyosiy uchrashuv

18 may kuni yangi Rim papasi Lev XIV ning lavozimga kirishish marosimi bo‘lib o‘tdi. Vatikanning ma’lum qilishicha, marosimga 150 mingga yaqin odam va yuzlab siyosatchilar to‘plangan. Xususan, marosimdan so‘ng Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy — yangi pontifik, AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubiolar bilan uchrashdi.

Zelenskiy va Vens oxirgi marta fevral oyida Oq uyda uchrashgan, o‘shanda Zelenskiy, Vens va Tramp o‘rtasida Ukrainadagi urush va AQShning yordami uchun minnatdorlik haqida tarixiy tortishuv ro‘y bergandi. AQSh tomoni bilan uchrashuvda Turkiyadagi muzokaralar haqida gap ketgan.

«Prezident Istanbuldagi muzokaralar va Rossiya tomonidan mustahkam sulh rejimini o‘rnatish uchun qo‘yilgan noreal shartlar haqida ma’lumot berdi. Rossiya delegatsiyasining past darajasi uning hech qanday qaror qabul qilish vakolatiga ega emasligini ko‘rsatdi», – deyiladi Ukraina prezident ofisi xabarida.

Zelenskiy Rossiya o‘zi taklif qilgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini qanday buzgani haqida ham gapirgan.

«Bularning barchasi Moskva urushni to‘xtatish niyatida emasligini ko‘rsatadi. Aynan shu tufayli Rossiyani to‘liq, so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishga majburlash uchun bosim o‘tkazish zarur», – dedi u.

Ukraina prezidenti ofisi ma’lum qilishicha, uchrashuvda har bir tomonning pozitsiyasi va vaziyatni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan keyingi qadamlar, jumladan, Rossiyaga qarshi kuchli sanksiyalar batafsil muhokama qilingan.

Bu vaqtda Rossiya yana dronlar hujumiga zo‘r bermoqda. Xususan, Rossiya va Ukraina delegatsiyalarining Istanbuldagi uchrashuvidan bir kun o‘tib, Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga turli rusumdagi 273 ta dronni uchirdi. Qayd etilishicha, bu – rossiyaliklarning keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri eng yirik dronlar hujumi bo‘ldi.

Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, 273 ta zarbdor drondan 88 tasi urib tushirilgan, 128 ta «imitator dron» esa qulab tushgan va jiddiy zarar yetkazmagan. Kiyev oblastidan tashqari, Dnipropetrovsk va Donetsk oblastlariga ham dronlar uchib kelgan.

Nyu Yorkda Meksika harbiy kemasi Bruklin ko‘prigiga urildi

Nyu Yorkda Meksika harbiy kemasi Bruklin ko‘prigiga urildi. Kema machtalari ko‘prikning ostki qismiga urilishi oqibatida sinib tushgan. Hodisa oqibatida 22 kishi jarohat olgan va shifoxonalarga yotqizilgan, ulardan yarmining ahvoli og‘ir. Yana ikki kishi halok bo‘lgan.

To‘qnashuvda kemaning uchala machtasi ham shikastlangan va qulab tushgan. «Ayni damda bortda bo‘lgan 277 kishidan 19 nafari jarohat olgan, ulardan 2 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda, yana 2 nafari, afsuski, olgan jarohatlaridan vafot etgan», – deb yozdi Nyu York meri Erik Adams.

Internetda e’lon qilingan videoda yelkanlari yig‘ishtirilgan va takelajda bayram chiroqlari yoqilgan kema ko‘prik ostidan o‘tishga uringani va machtalar ko‘prikka urilib, Ist-Riverga qulaganini ko‘rish mumkin.

Hodisa ro‘y berishi arafasida yuzlab tomoshabinlar seshanbadan beri Manhettenning janubiy qismidagi bandargohda turgan kema bilan xayrlashish uchun yig‘ilgandi.

Ispaniyada yuzlab boshpanasizlar aeroportni «egallab oldi»

Ispaniyaning eng yirik aeroportlaridan biri — Madrid-Barajasda boshpanasizlar soni keskin oshmoqda, deb xabar beradi Daily Mail. Ispaniya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, aeroportdagi «ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolar» soni 50 kishidan qariyb 500 kishiga qadar oshgan.

Qayd etilishicha, ayniqsa vaziyat 4-sonli terminalda murakkablashgan, chunki rasmiylar oldinroq aeroportning boshqa hududlarida yashab kelgan boshpanasizlarning aksariyatini shu yerga ko‘chirgan. Guvohlar hojatxonalar poli, ekranlar orti va restoranlar zalida uxlab yotgan insonlarni suratlarga olgan. Aeroport xodimlari sanitariya sharoiti yomonlashgani, tajovuz holatlaridan shikoyat qilyapti — ba’zi uysizlar pichoq ko‘tarib, giyohvand moddalar ham iste’mol qilmoqda.

Yaqinda taxta qandalasi (hasharot) ko‘payishi xavfi sabab alohida hududlarni dezinfeksiya qilishga to‘g‘ri kelgan. Kasaba uyushmalari xodimlari turistlarni himoya qilish va boshpanasizlarni kerakli sharoitlar bilan ta’minlash uchun zudlik bilan choralar ko‘rilishini talab qilmoqda.

Aeroportdan qo‘nim topganlarning aksariyati — mehnat bozoridagi omadsizliklardan keyin boshpanasidan ayrilgan migrantlardir.

Jo Baydenda prostata saratoni aniqlandi

AQShning sobiq prezidenti, 82 yoshli Jo Baydenga «prostata saratonining agressiv shakli» tashxisi qo‘yilgan, dedi uning matbuot kotibi 18 may, yakshanba kuni.

«Prezident Jo Bayden o‘tgan haftada kasallik alomatlarini seza boshlaganidan so‘ng prostata bezida tugun aniqlangani sababli tekshirildi», — deya xabar tarqatdi AQSh OAVlari. «16 may kuni unga prostata saratoni tashxisi qo‘yildi, u suyaklarga metastazlar bergan hamda Glison shkalasi bo‘yicha 9 ball bilan tavsiflandi».

CNN nashri o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, Bayden shu dam olish kunlari Delaver shtati Vilmingtondagi uyida bo‘lib turibdi. Jo Bayden va uning oilasi davolash usullarini baholash uchun shifokorlari bilan ishlamoqda.

Mavzuga oid