Jahon | 23:21 / 22.05.2025
2595
5 daqiqa o‘qiladi

“Putinga yoqish uchun aytilgan gaplar” - ekspertlar Kobyakovning bayonoti haqida

“SSSR huquqiy jihatdan hamon mavjud” degan fitna nazariyasi bu safar Rossiya prezidentining maslahatchisi Anton Kobyakov tilidan yangradi. Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Farhod Karimov va Kamoliddin Rabbimov uning so‘zlariga munosabat bildirdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

“Hujjatlarni qidirsangiz, ko‘p savollar chiqadi”

Farhod Karimov:

— SSSR mavjudligi haqida ko‘proq mafkurachilar gapirardi, bugun esa mansabda o‘tirgan va markazga yaqin siyosatchilar tomonidan aytilishi – shovinistik kayfiyat ichkarida anchagina avj olganini ko‘rsatadi.

Huquqiy asoslarni qidiradigan bo‘lsak, dunyoda unaqa huquqiy asoslar juda ko‘p. Millionlab asos keltirish mumkin. Temuriylar davlati tugatilgani haqida huquqiy hujjat bormi, masalan? Buxoro amirligi, Qo‘qon va Xiva xonliklari rasman tugatilgani haqidagi hujjatlarni taqdim etishsin unda?

Hujjatlarni qidirsangiz, ko‘p savollar chiqadi. Shuning uchun qichimagan joyni qashlash kerak emas. Bunday bayonotlar aksincha yaqin ittifoqchilarni Rossiyadan uzoqlashtirishga xizmat qiladi.

SSSR konstitutsiyasida respublikalar istagan paytda mustaqil bo‘lib ketishi belgilangan edi. 1920 yildagi bayonnoma haqida gapirilyapti, axir Konstitutsiya bor edi-ku. Hamma davlat Konstitutsiyada belgilangan o‘z huquqidan foydalanib mustaqil bo‘lib keldi. Bu yerda huquqiy savol qolmagan.

“Putinga yoqish uchun berilgan bayonot”

Kamoliddin Rabbimov:

— Bunday bayonotlar Putinning kayfiyatidan kelib chiqib beriladi. Putin – imperialist. U KGBda ishlagan, eng gullagan yoshlik davrida kutilmaganda SSSR parchalangan. Putin buni og‘ir qabul qilgan. Sovet paytida dunyo siyosiy xaritasiga qarasangiz, bahaybat SSSRning oldida qolgan davlatlar juda kichkina bo‘lib ko‘rinardi. Putin “biz dunyoning eng qudratli davlati edik” degan qarashga ega. U SSSRning qulashini XX asrning eng katta geosiyosiy fojiasi degan.

Imperiyalar ham odamga o‘xshaydi. Katta bir hukmdor, hokim hokimiyatda bo‘lgan paytida har kuni uyiga sovg‘a-salomlar, qo‘ylar, tandir go‘shtlar kelib turadi, mulozamat sifatida, ishdan bo‘shaganidan keyin esa er-xotin bularni eslab yurishadi. Postimperialistik sindromdan Fransiya ham o‘tgan, Angliya ham o‘tgan. Hozir Hindiston Angliyaga aytyapti: sen meni asrlar davomida talading, vaqti keladi, baribir undiraman. Angliya qirollarining tojidagi katta olmoslardan biri Afrikadan keltirilgan, ikkinchisi esa Boburiylarga tegishli bo‘lgan Ko‘hinur. Vaqti keladi, kuch ishlatish qiyin bo‘lib qolgan paytda, o‘ylaymanki. bu hisob-kitoblar albatta bo‘ladi. Jumladan, biz ham Rossiya bilan hisob-kitob qilamiz. Albatta, hozirgi Rossiya bilan gaplashish qiyin, lekin vaqti keladi

Amaldorlar Putinga yoqish uchun, mavqeyini mustahkamlash uchun mana shunday bayonotlar berib turadi. Masalan, eng marginal bayonotlar berayotgan Mariya Zaxarova. Uning mavqeyi judayam kuchli. Putinning ruxsatisiz Zaxarovani hech kim ishdan ololmaydi. Kimdir “Mariya Zaxarovani ishdan olish kerak” deydigan bo‘lsa, Putin nima uchun deydi. Chunki u Putin nimani yoqtirishini biladi. Qanchalik agressiv bayonot bersa, Putinga shuncha yoqadi. Putin esa rasman “bu davlatimizning pozitsiyasi emas, shunchaki aytgan-qo‘ygan” deydi.

***

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Rossiya Tergov qo‘mitasi boshlig‘i Aleksandr Bastrikin O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqaroligiga ega bo‘lgan, so‘ng RF fuqaroligini olganlardan 20 ming nafari Ukrainaga qarshi urushda qatnashayotganini aytib, “ular negadir vatanida yashashni yoqtirmaydi” deya piching qilgandi.

Ekspertlar suhbat davomida Yaqin Sharq, AQSh-Rossiya munosabatlari, Turkiy davlatlar rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi, Vashingtonning “Tolibon”ga oid siyosati kabi mavzularni muhokama qildi.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid