Jahon | 21:59 / 23.05.2025
1321
3 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya parlamenti bosh kotibi davlatga xiyonatda gumonlanmoqda

Gap milliy xavfsizlikka bog‘liq davlat siri haqida ketmoqda. Parlament bosh kotibi Antti Pelttari maxfiy ma’lumotni oshkor etganlikda gumon qilinyapti.

Foto: Mikko Stig / Lehtikuva

Finlandiya parlamenti bosh kotibi Antti Pelttari maxfiy ma’lumotni oshkor etgani uchun davlatga xiyonatda gumonlanmoqda, deb xabar beradi Helsingin Sanomat.

Ma’lumotlarga ko‘ra, gap milliy xavfsizlikka bog‘liq davlat siri haqida ketmoqda. Yle teleradiokompaniyasi ushbu ma’lumotni tasdiqlatishga muvaffaq bo‘lgan. Pelttari to‘rt yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

22 may kuni parlament bosh kotibi Finlandiya xavfsizlik politsiyasi (SUPO) boshlig‘i lavozimida mansab jinoyatini sodir etganlikda gumon qilinayotgani ma’lum bo‘ldi. Pelttarining o‘zi ham so‘roqqa chaqirilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tergovchilarning asosiy e’tirozi u «SUPO’ning iste’fodagi xodimlari xizmat faoliyati to‘g‘risidagi maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish imkoniyatiga chek qo‘ymagani uchun» bo‘lmoqda. Pelttari o‘zini aybdor hisoblamasligini ta’kidlagan. U 2011-2024 yillar davomida SUPO’ni boshqargan.

Xavfsizlik politsiyasi xodimlarining ehtimoliy mansab jinoyatlariga qarshi tergov 2024 yilning may oyida boshlangan. Iltalehti’ning yozishicha, ish Rossiya maxsus xizmatlari 2023 yil yozda amalga oshirgan axborot operatsiyasi bilan bog‘liq. Pelttaridan tashqari SUPO kontrrazvedka bo‘limi boshlig‘i Pertti Xaaksuluoto ham gumonlanuvchilar qatorida. Xavfsizlik politsiyasi xodimlari rossiyalik informatorlar bilan aloqada bo‘lgani aytilmoqda. Bu esa Xaaksluotoning kompyuteri buzib kirilishiga olib kelgan, natijada, maxfiy ma’lumotlar begonalar qo‘liga tushib qolgan.

2023 yil avgustda RT va «Rossiya-24» telekanali SUPO xodimlari razvedka ma’lumotlarini olish uchun Finlandiyada yashovchi rossiyaliklarni og‘dirib olishga urinayotgani haqida syujyet namoyish etgandi. Video «qahramon»laridan biri muzyorar kemalar qurish bilan shug‘ullanadigan Helsinki Shipyard Oy kompaniyasi vitse-prezidenti Valeriy Timofeyev edi. 2024 yil yozda u davlatga xiyonatda ayblanib, 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Mavzuga oid