«U butkul aqldan ozgan». Tramp Putinni tanqid qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni Ukraina shaharlari bo‘ylab 12 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan yopirilma zarbalardan keyin Rossiya prezidenti Vladimir Putinni keskin ohangda tanqid qildi. Tramp oldin ham Putinning harakatlarini qoralagan, bu safargi so‘zlar esa Istanbulda tinchlik muzokaralarini qaytadan boshlashga urinish fonida yangradi.

Foto: Getty Images
Rossiya qurolli kuchlari bir necha kundan buyon ketma-ket Kiyev va boshqa Ukraina shaharlari ustiga dronlar va raketalar bilan hujum uyushtirmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp bu hujumlar borasida to‘xtalib, sabr-toqatini yo‘qotayotganini yozdi va Rossiya prezidenti Vladimir Putinni «telba» deb atadi.
«Men har doim Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan juda yaxshi munosabatda bo‘lganman, ammo u bilan nimadir sodir bo‘ldi. U mutlaqo TELBA bo‘lib qoldi! U behudaga ko‘p odamlarni o‘ldiryapti — bu yerda gap faqat askarlar haqida emas. Hech qanday sabab bo‘lmasdan Ukraina shaharlari ustiga raketalar va dronlar uchirilmoqda», – deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
AQSh prezidenti Putin butun Ukrainani bosib olmoqchi ekanini, biroq agar u buni amalga oshirsa, bu Rossiyaning qulashiga olib kelishini qo‘shimcha qilgan.
Tramp, shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham o‘z mamlakatiga foyda keltirmaydigan tarzda gapirayotgani va u buni to‘xtatishi kerakligini aytgan:
«Xuddi shuningdek, prezident Zelenskiy ham o‘z mamlakatiga foyda keltirmaydigan tarzda gapiryapti. Og‘zidan chiqqan har bir so‘z muammo tug‘dirmoqda. Bu menga yoqmaydi va bu darhol to‘xtashi kerak.
Agar men prezident bo‘lganimda, bu urush hech qachon boshlanmas edi. Bu – Zelenskiyning, Putinning va Baydenning urushi, «Trampniki» emas. Men faqat juda yirik va jirkanch yong‘inlarni o‘chirishga harakat qilyapman – bular mutlaqo loqaydlik va nafrat tufayli boshlangan».
Zelenskiy yakshanba kuni Rossiyaning yangi hujumlari fonida AQSh va boshqa davlatlarning «sukut saqlayotganini» tanqid qilgan edi.
Rossiya harbiylari 25 mayga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab ballistik raketalar va dronlar qo‘llagan holda yopirilma hujum amalga oshirgan edi. Ukraina tomoni ushbu hujumni eng yirik havo hujumlaridan biri deb atadi. Unda 300 ga yaqin dron va 70 ta raketa qo‘llangan.
Zarbalar oqibatida mamlakat bo‘ylab kamida 12 kishi halok bo‘lib, 60 dan ortiq kishi yaralangan. Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmatiga ko‘ra, 13 region zarbalar ostida qolgan.
Shuningdek, Tramp Nyu Jyersi shtatida samolyot bortiga chiqish arafasida jurnalistlar bilan suhbatlashdi:
«Men Putin hujumlarni kuchaytirayotganidan xursand emasman, ayniqsa, urushni tugatish bo‘yicha sulh muzokaralari olib borilayotgan bir paytda. U ko‘plab odamlarni o‘ldiryapti va men Putinga nima bo‘lganini tushunmayapman. Men uni anchadan beri taniyman. Har doim yaxshi til topishganmiz. Lekin u shaharlarga raketa otmoqda va odamlarni o‘ldiryapti – bu menga umuman yoqmayapti. Biz ayni paytda muzokara o‘rtasidamiz, u esa Kiyev va boshqa shaharlarga raketa otmoqda», – deya Trampning so‘zlarini keltirmoqda New York Times.
Tramp oradan bir necha soat o‘tib, yuqoridagi postini yozib, Putin haqida keskin fikr bildirgan.
Tramp bungacha Rossiyani qo‘llab-quvvatlagandek ko‘ringan bo‘lsa-da, bu safar hujumlar kuchayganidan «hayratda» ekanini bildirdi.
Mavzuga oid

00:17
Tramp Zelenskiy va Putin bilan uchrashishga tayyorligini ma’lum qildi

21:14 / 28.05.2025
“Men bo‘lmaganimda Rossiyaning ahvoli yomon bo‘lardi” - Tramp o‘zgardimi?

12:35 / 28.05.2025
Tramp: Kanada "Oltin gumbaz" himoyasini 61 mlrd dollarga oladi

10:23 / 28.05.2025