Markaziy Osiyo ekspertlari mintaqaning 2050 yilgacha bo‘lgan rivojlanish ssenariylari ustida ishlamoqda
Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishi va boshqa davr chaqiriqlariga qanday qarshi turadi – birga yoki yakka-yakka? Toshkentda “Markaziy Osiyo – 2050: barqarorlik va umumiy farovonlik sari yo‘l” mavzusidagi birinchi mintaqaviy forsayt-seminari bo‘lib o‘tmoqda. Seminar Markaziy Osiyoning beshta davlatidan kelgan davlat rasmiylari, tahlil markazlarining vakillari va mustaqil ekspertlarni birlashtirdi.

Rasmiy tarqatma surat
Tadbir Strategik islohotlar agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Qozog‘istonning Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi bilan hamkorlikda, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ko‘magida o‘tkazilmoqda.
Forsayt-seminarning kun tartibida 2050 yilgacha bo‘lgan davrga oid prognozlar muhokama qilinmoqda.
Diqqat markazida – demografik o‘sish, energetika, iqlim, suv resurslari, transport integratsiyasi va inson kapitali masalalari.
Shu bilan birga, mintaqada sanoat kooperatsiyasi va iqtisodiy hamkorlik ham muhim mavzular qatorida.
“Markaziy Osiyoda bugungi kunda 83 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. 2030 yilga borib mintaqa aholisining 60 foizi shaharlarda yashaydi. Bu esa infratuzilma, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ish o‘rinlariga bo‘lgan ehtiyojning keskin ortishiga olib keladi. Bu shuningdek, aholining yashash sifati, xavfsiz muhit va ertangi kunga ishonch bo‘yicha kutilmalari oshib borishini anglatadi”, – deydi Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov.
Iqlim o‘zgarishi va suv resurslarini boshqarish mavzulari eng dolzarb yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. So‘nggi yillarda mintaqada o‘rtacha harorat 1,2°Sga oshgan, muzliklar maydoni 30 foizga, kishi boshiga to‘g‘ri keladigan suv ta’minoti esa yiliga 8,4 ming kub metrdan 2,5 ming kub metrgacha qisqargan. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 1,7 ming kub metrdan pastga tushishi mumkin.
Seminar ekologiya va energetika sohasida, jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish hamda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun maydon bo‘lib xizmat qildi.
Seminar davomida ishtirokchilar oldiga ikkita ustuvor vazifa qo‘yildi:
- birinchidan – Markaziy Osiyoning istiqbolda rivojlanishi bo‘yicha umumiy strategik qarashni shakllantirish, ya’ni qaysi jarayonlar muqarrar, qaysilari ehtimoliy va qay birlari mintaqa davlatlarining birgalikdagi harakatlariga bog‘liq ekanini aniqlash;
- ikkinchidan – uzoq muddatli tashabbuslarni ilgari surishga tayyor ekspertlar, davlat xizmatchilari va tadqiqotchilardan iborat barqaror hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish.
Shuningdek, seminar doirasida Markaziy Osiyoning kelajagi haqidagi esselar tanlovi e’lon qilindi. Unda mintaqaning besh davlati yoshlari ishtirok etishlari mumkin. Eng yaxshi 100 ta esse yakuniy to‘plamda e’lon qilinadi. Batafsil ma’lumot – ushbu havolada, arizalar 2025 yil 15 iyungacha qabul qilinadi.
Mintaqaviy forsayt-seminar Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik va barqaror strategik yondashuvlar shakllanishi yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ladi. Muhokamalar natijalari, ilgari surilgan g‘oyalar va takliflar bo‘lajak Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi kun tartibini boyitadi va mintaqaviy taraqqiyot, innovatsiyalar va integratsiya uchun mustahkam asos yaratadi.
Kelgusida yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarda uzoq muddatli islohotlar bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Tadbirning ikkinchi qismi 28 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Shokir Sharipov
Mavzuga oid

11:51
“Hali suv neftdan qimmat bo‘ladi” – tahlilchilar Markaziy Osiyo kelajagini prognoz qilmoqda

21:35 / 28.05.2025
Chet ellik jangchilar, xususan o‘zbeklar Suriyadan quviladimi?

17:20 / 28.05.2025
Birlik sari 71 qadam. Turkiy liderlar ilk marta Vengriyada yig‘ildi

16:42 / 24.05.2025