Talabalarga viza suhbatlarini to‘xtatgan AQSh, Isroilni tanqid qilgan kansler va Hayit kunini e’lon qilgan Saudiya – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Shimoliy Yevropa davlatlari Rossiya tomonidan xavfni ko‘rmoqda
Shimoliy Yevropa davlatlari hukumat rahbarlari Rossiya xavf tug‘dirayotganidan ogohlantirmoqda, deb yozadi dpa axborot agentligi. «Dam olish kunlarida sodir bo‘lgan dahshatli hujumlar, afsuski, biz allaqachon bilgan narsamizni isbotlaydi: Rossiya tinchlikdan manfaatdor emas», deb yozadi Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen.
«Kun davomida prezident Vladimir Putin muzokaralar haqida gapiradi, kechasi esa Ukrainani bombardimon qiladi», — dedi u Finlandiyada Shimoliy Yevropaning boshqa davlatlaridan kelgan hamkasblari bilan uchrashuvdan keyin. «Ukraina bundan ham ko‘proq yordam olishi kerak».
Finlandiya bosh vaziri Petteri Orpo ham shunday fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiya Finlandiya va butun Yevropa uchun uzoq muddatli xavf tug‘diradi». Uning aniqlik kiritishicha, gap nafaqat harbiy soha haqida, balki kiberhujumlar va Boltiq dengizi tubida aloqa kabellari qayta-qayta shikastlanishi kabi pretsedentlar haqida ketmoqda.
Orpo Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda Rossiyaning konstruktiv ishtirokiga erishish uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putinga xalqaro bosimni kuchaytirishga chaqirdi. «Putin kuch ishlatmasdan, yechim topishga urinmaydi. Shuning uchun bizga ko‘proq bosim kerak», — dedi u.
Uitkoff: Hamas Isroil bilan sulh bo‘yicha kelishuvni rad etdi
Hamas tashkiloti AQSh taklif qilgan sulh bitimini rad etdi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff AFP’ga ma’lum qildi. Avvalroq Hamas jangchilari Isroil bilan kelishuvga erishishga tayyor ekani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Falastin tomonidan muzokaralar doiralaridagi manbalarga tayanib AFP'ning aniqlik kiritishicha, Uitkoff taklif qilgan kelishuv jangchilar tomonidan yana o‘n nafar garovga olingan isroillikni ozod qilish, 70 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan qisman olib chiqib ketishni nazarda tutgan. Birinchi besh tirik garovga olingan shaxs sulhning birinchi haftasida, yana besh nafari esa jangovar harakatlardagi 70 kunlik tanaffus oxirida ozod etilishi kerak edi.
Ayni paytda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu – Hamas garovga olinganlar haqida «bugun bo‘lmasa, ertaga» bayonot berishiga umid qilayotganini bildirdi. Shu bilan birga, u Isroil hukumati barcha garovga olinganlarni – «ham tiriklarni, ham o‘liklar»ni vataniga qaytarishga qat’iy qaror qilganini ta’kidladi.
Saudiya Arabistonida Qurbon hayiti 6 iyun kuni nishonlanishi e’lon qilindi
Qirollikdagi oy kuzatiluvchi mintaqa — Tumayrda 27 may kuni Zulhijja oyi ko‘rindi. Shunga muvofiq, Saudiya Arabistoni Oliy sudi — 2025 yil 28 may, chorshanba kunidan 1446 hijriy yilning Zulhijja oyi boshlanishini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, hojilarning Arafotda turish marosimi (arafa kuni) 2025 yil 5 iyun, payshanba kuni bo‘lishi tasdiqlandi. Qurbon hayiti esa undan keyingi kun, ya’ni 2025 yil 6 iyun, juma kuni nishonlanadi.
AQSh barcha elchixonalariga xorijiy talabalar uchun viza suhbatlari belgilashni to‘xtatishni buyurdi
Donald Tramp ma’muriyati AQSh elchixonalariga butun dunyo bo‘ylab xorijiy talabalar uchun viza suhbatlarini belgilashni zudlik bilan to‘xtatishni buyurdi. Viza uchun barcha xalqaro arizachilarning ijtimoiy tarmoqlarini keng qamrovli tekshirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
27 may kuni AQSh Davlat departamenti tomonidan yuborilgan maxfiy xabarda konsullik bo‘limlarida «talaba va almashinuv dasturi ishtirokchilari uchun (F, M va J vizalari) yangi viza suhbatlarini qo‘shishni vaqtincha to‘xtatish» ko‘rsatilgan. Bu to‘xtatish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar bir necha kun ichida berilishi aytilgan.
Bu haqda dastlab Politico nashri xabar berdi, keyinroq, The Guardian ham o‘z manbalariga tayanib bu xabarni tasdiqladi. «Tasdiqlangan bu ko‘rsatma viza jarayonlarining jiddiy kechikishiga va Tramp «chap qanot mafkurasini (Falastinni qo‘llab-quvvatlovchilar) targ‘ib qiladi», deb ayblagan ko‘plab universitetlarga zarar yetkazishi mumkin. Bu oliy o‘quv yurtlari ko‘p hollarda xorijiy talabalardan tushadigan daromadga tayanadi.
«Departament talaba va almashinuv dasturi ishtirokchilari uchun viza arizalarini ko‘rib chiqish va tekshirish bo‘yicha amaldagi amaliyot va jarayonlarni qayta ko‘rib chiqmoqda», – deyiladi xabarnomada.
Ayni vaqtda AQShda bir milliondan ortiq xorijiy talabalar mavjud bo‘lib, ular 2023–2024 yillarda 43,8 milliard dollardan ortiq iqtisodiy foyda olib kelgan va 378 mingdan ortiq ish o‘rnini ta’minlagan. NAFSA'ga ko‘ra, xorijiy talabalarga viza berishning to‘xtatilishi oliy ta’lim muassasalarining muammolarini yanada chuqurlashtirishi mumkin.
Germaniya kansleri Isroilning G‘azodagi harakatlarini tanqid qildi
Germaniya kansleri Fridrix Mers Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini tanqid qildi. «Isroil hukumati o‘zining eng yaxshi do‘stlari bir kun kelib qabul qilishga tayyor bo‘lmaydigan narsa qilmasligi kerak», dedi Germaniya hukumati rahbari Berlindagi Yevroforumda so‘zlagan nutqida.
«To‘g‘risini aytsam, Isroil armiyasi G‘azo sektorida qanday maqsadni ko‘zlayotganini endi tushunmayapman», — deya qo‘shimcha qildi Mers. Shu bilan birga, u «tinch aholining so‘nggi kunlarda tobora kuchayib borayotgan darajada azob chekishga majbur bo‘layotganini endi Hamasga qarshi kurash bilan oqlab bo‘lmasligini» ta’kidladi. Germaniyadan Isroilning G‘azodagi harakatlariga nisbatan tanqid darajasiga to‘xtalar ekan, u: «Hozir bu borada aniqroq bo‘lishimiz kerak», dedi.
Shu bilan birga, Germaniya kansleri Isroilni ommaviy tanqid qilishda Germaniya «dunyodagi boshqa davlatlardan ko‘ra ko‘proq vazmin bo‘lishi» kerakligini tan oldi. Shunga qaramay, «xalqaro gumanitar huquq tamoyillari buzilganda», Germaniya kansleri «bir narsa deyishi kerak», dedi Fridrix Mers.
YeMB rahbari: Global iqtisodiy o‘zgarishlar yevroni kuchaytirishi mumkin
Jahon iqtisodiyotidagi global o‘zgarishlar, ko‘plab mamlakatlarning proteksionistik siyosatga o‘tishi va xalqaro hamkorlikdan uzoqlashishi Yevropa iqtisodiyoti foydasiga ishlashi va yevro kursining o‘sishiga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi Yevropa Markaziy banki (YeMB) rahbari Kristin Lagard. U bu fikrini Berlindagi Hertie School universitetida bo‘lib o‘tgan tadbirdagi nutqi davomida aytdi.
Lagardning so‘zlariga ko‘ra, hukmron jahon valutasi sifatida AQSh dollariga nisbatan noaniqlik yevroning o‘sishiga yordam berishi mumkin: «Jahon iqtisodiyoti ochiqlik va ko‘p qirralilik asosida AQSh yetakchiligida rivojlandi, ammo bugungi kunda u qulamoqda», — deya uning so‘zlarini keltiradi AFP. Uning fikricha, Yevropa oqilona ish tutsa, yangi imkoniyatlar ochilishi mumkin. «Yevroning xalqaro rolini kuchaytirish yevro hududiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», dedi YeMB rahbari. «Valuta kursining o‘zgarishi bizga kamroq ta’sir qiladi, chunki ko‘proq savdo yevroda olib boriladi, bu esa Yevropani kapital oqimi beqarorligidan himoya qiladi». Uning qo‘shimcha qilishicha, yevrohudud shu tariqa sanksiyalarga nisbatan chidamliroq bo‘ladi.
Reuters qayd etishicha, ayni paytda, yevro – valuta zaxiralarining 20 foizga yaqin ulushi bilan dunyodagi ikkinchi eng muhim zaxira valutasi bo‘lib qolmoqda. AQSh dollarining ulushi 58 foizni tashkil etadi.
Charlz III Kanada parlamentda taxt nutqini o‘qidi
Buyuk Britaniya va Britaniya Hamdo‘stligi davlatlari qiroli Charlz III Kanadaga tashrif buyurib, mamlakat parlamenti yangi sessiyasida nutq so‘zladi.
Charlz III «dunyo hech qachon bu qadar xavfli holatga kelmagan» deb ta’kidlab, AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan bildirilgan Kanadaning anneksiyasiga doir tahdidlarga qarshi ramziy qo‘llab-quvvatlov sifatida baholangan chiqish qildi.
«Haqiqatga yuzlanishimiz kerak: Ikkinchi jahon urushidan beri dunyomiz hech qachon hozirgidek xavfli va beqaror bo‘lmagan. Kanada biz hayotimiz davomida hech qachon uchramagan qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ko‘plab kanadaliklar atrofdagi keskin o‘zgarayotgan dunyo sababli xavotirda va bezovta. Haqiqiy Shimol — chinakam kuchli va ozoddir», — degan qirol fransuz tilida chiqish qilib.
Qirol Charlz III — Britaniya Hamdo‘stligi a’zosi bo‘lgan Kanadaning ham davlat boshlig‘i hisoblanadi. Trampning Kanadani «AQShning 51-shtatiga aylantirish» haqida bir necha bor takrorlagan takliflari ortidan, Bosh vazir Mark Karni Qirolni parlamentdagi taxt nutqini o‘qishga taklif qilgan. Unda Liberal hukumatning yangi sessiyadagi ustuvor yo‘nalishlari bayon etiladi.
Mavzuga oid

13:12
G‘azoga yordamni qurolga aylantirgan Isroil, Rossiyaga qarshi sanksiyalar haqida o‘ylayotgan Tramp va Kanada uchun 61 milliardlik «Oltin gumbaz» – kun dayjesti

13:15 / 27.05.2025
HAMASga taklif qilingan sulh, Liverpuldagi fojia va rafiqasidan shapati yegan Makron - kun dayjesti

13:31 / 26.05.2025
Putin vertolyoti atrofida dronlar hujumi, Hamasning harbiy operatsiyasi va YeIga bojlarni kechiktirgan Tramp – kun dayjesti

14:21 / 24.05.2025