O‘zbekiston | 13:12 / 29.05.2025
2003
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azoga yordamni qurolga aylantirgan Isroil, Rossiyaga qarshi sanksiyalar haqida o‘ylayotgan Tramp va Kanada uchun 61 milliardlik «Oltin gumbaz» – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

G‘azoga yordam: «bosqinchilarning o‘q yomg‘iri ostida o‘lim tuzog‘i»

So‘nggi 48 soat ichida G‘azoda AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan va ko‘p tanqid qilingan insonparvarlik tashkiloti Gaza Humanitarian Foundation'dan yordam izlayotgan kamida 10 nafar falastinlik Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirildi. Bu haqda qamal ostidagi G‘azo rasmiylariga tayanib, Al-Jazeera xabar bermoqda.

Hukumat bayonotida Isroil kuchlari «yordam olish uchun yig‘ilgan och falastinlik fuqarolarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘q uzgani» aytilgan. Kamida 62 kishi yaralangan. O‘q uzish holatlari aniq qaysi kunlarda sodir bo‘lgani yoki nechta alohida hodisa bo‘lgani darhol aniqlanmagan, biroq ikki kun davomida qurbonlar bo‘lgan.

«Bu joylar bosqinchilarning o‘q yomg‘iri ostida o‘lim tuzog‘iga aylantirildi», — deyiladi bayonotda. Bu voqealar «vahshiy jinoyat» sifatida baholangan.

O‘z navbatida, GHF chorshanba kuni G‘azoda rejalashtirilgan to‘rt tarqatish markazidan ikkinchisini ishga tushirganini bildirdi. Bu masala Nyu-Yorkdagi BMT Xavfsizlik Kengashining majlisida ham ko‘tarildi. Jazoir, Fransiya va Buyuk Britaniya vakillari Isroildan yordam yetkazilishiga to‘siqsiz ruxsat berishni so‘radi.

Mazkur markazlar insonparvarlik yordami yetkazib berish tizimining bir qismidir. Biroq BMT rasmiylari va gumanitar tashkilotlar bu tizimni keskin tanqid qilib kelmoqda. Ularning fikricha, agar Isroil yordamlarga ruxsat bersa, malakali tashkilotlar yordamni xavfsiz va keng miqyosda yetkazib bera oladi.

Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansur Isroilni «yordamni urush quroliga aylantirayotganlikda» aybladi. Isroilning BMTdagi elchisi Dani Dannon esa BMTni «yordamga to‘sqinlik qilayotganlikda» aybladi va Isroilni genotsidda ayblagan BMTning humanitar masalalar bo‘yicha rahbari Tom Fletcherdan bayonotini rad etishni talab qildi.

G‘azo sog‘liqni saqlash bo‘linmasi xabariga ko‘ra, chorshanba tongidan beri G‘azoga uyushtirilgan Isroil hujumlarida kamida 63 kishi halok bo‘lgan. 2023 yil 7 oktyabrdan beri qurbonlar soni kamida 54 ming kishidan oshib ketdi. Jarohatlanganlar soni esa 123 308 kishi.

G‘azoda atigi 17 ta shifoxona qisman ishlamoqda, dorilar va kislorod yetishmovchiligi esa juda jiddiy. Bunga qo‘shimcha ravishda, Qizil Xoch tashkiloti janubiy G‘azodagi al-Mavasi hududidagi dala shifoxonasi chorshanba ertalab Isroil o‘qiga nishon bo‘lganini, bu esa bemorlar orasida vahima va jarohatlarga sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqida o‘ylayapti

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muvaffaqiyatsiz urinishlardan so‘ng shu haftada Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Amerikaning The Wall Street Journal (WSJ) gazetasi Trampga yaqin manbalariga tayanib xabar berdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy rahbari Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan Ukrainaga qarshi davom etayotgan hujumlar, shuningdek, muzokaralar jarayonining sustligidan tobora ko‘proq norozi bo‘lmoqda.

Nashr manbalaridan biri ta’kidlaganidek, yangi cheklovlar Rossiya bank sektoriga qarshi choralarni o‘z ichiga olmaydi. Shu bilan birga, Putinni muzokaralar stolida yon berishga majburlash uchun unga bosim o‘tkazishning boshqa variantlari, jumladan, Ukraina rasmiylari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lish ham muhokama qilinmoqda.

Biroq bu borada yakuniy qaror hali qabul qilinmagan va Tramp yangi sanksiyalar joriy etishdan bosh tortishi mumkin, deb yozadi nashr.

Yevropa Ittifoqi Suriyaga qarshi sanksiyalarini bekor qildi

Yevropa Ittifoqi Suriyaga nisbatan barcha iqtisodiy sanksiyalarini bekor qildi. YeI kengashi xabarida – Suriyaning 24 ta tuzilmasi jumladan, Markaziy banki ham «qora ro‘yxat»dan chiqarilgani aytiladi.

«Kengash Suriyaga nisbatan xavfsizlik masalalari bilan bog‘liq bo‘lmagan barcha iqtisodiy cheklov choralarini bekor qiluvchi huquqiy hujjatlarni qabul qildi. [Huquqiy hujjatlarning] qabul qilinishi 20 may kuni e’lon qilingan siyosiy qarorni rasmiylashtiradi hamda Suriya xalqini mamlakatni birlashtirish va tiklash yo‘lida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan», — deyiladi kengash bayonotida.

Shu bilan birga, Yevroittifoq rasmiylari Suriya sobiq prezidenti Bashar Asad rejimiga aloqador shaxslar va tashkilotlarga nisbatan sanksiyalarni 2026 yil 1 iyunga qadar uzaytirdi.

23 may kuni AQSh Moliya vazirligi ham Suriyaga qarshi sanksiyalar yumshatilganini e’lon qilgandi.

Tramp: Kanada «Oltin gumbaz» himoyasini 61 mlrd dollarga oladi

Tramp Kanada AQShning kelajakdagi «Oltin gumbaz» havo mudofaa tizimiga qo‘shilishni istasa, to‘lashi kerak bo‘lgan narxni aytdi: 61 milliard dollar. Shu bilan birga, Kanada AQShga 51-shtat sifatida qo‘shilishni istasa, xuddi shu xizmat «nol dollar»ga tushadi, deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

«Men bizning ajoyib «Oltin gumbaz» tizimimizning bir qismi bo‘lishni xohlayotgan Kanadaga, agar ular alohida, ammo teng bo‘lmagan davlat bo‘lib qolsa, bu 61 milliard dollarga tushishini, ammo bizning 51-shtatimiz bo‘lsa, nol dollarga tushishini aytdim. Ular buni ko‘rib chiqmoqdalar!» — deyiladi uning postida.

Kanadaning CBC media kompaniyasi xabar berishicha, Trampning bayonoti Kanadada rasman davlat rahbari bo‘lgan Buyuk Britaniya qiroli Charlz III ushbu mamlakat parlamentida nutqi bilan chiqqan kunning o‘zidayoq e’lon qilingan. Unda u Kanada hukumati nomidan «kanadaliklar va ularning suveren huquqlarini himoya qilishga» va’da bergan.

Charlz III mamlakatga Kanada bosh vaziri Mark Karni taklifiga binoan kelgan. BBCga ko‘ra, Britaniya monarxi Kanada parlamentida oxirgi marta 48 yil oldin nutq so‘zlagan: «Bu Charlzning onasi qirolicha Yelizaveta II edi».

Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi

Yevropa Ittifoqi Kengashining e’lon qilingan bayonotiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi 150 milliard yevrolik Security Action for Europe (SAFE) mudofaa fondini yaratishni ma’qulladi.

Press-relizda aytilishicha, yangi jamg‘arma «qo‘shma xaridlar orqali mudofaa sanoati ishlab chiqarishiga sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan a’zo davlatlarni qo‘llab-quvvatlaydi» va «Yevropaning mudofaa texnologik va sanoat bazasiga shoshilinch va keng ko‘lamli sarmoyalarni» moliyalashtiradi.

«Maqsad ishlab chiqarish quvvatini oshirish, kerak bo‘lganda mudofaa uskunalari mavjudligini ta’minlash va mavjud imkoniyatlar bo‘shliqlarini to‘ldirish, natijada Yevropa Ittifoqining umumiy mudofaa qobiliyatini mustahkamlash», — deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, SAFE Yevropa Ittifoqiga Ukrainani «mudofaa sanoatini boshidanoq qo‘shish orqali» qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish imkonini beradi.

Zelenskiy Putin va Tramp bilan uchtomonlama uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Donald Tramp ishtirokida uchtomonlama uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi, deb xabar berdi AFP.

«Agar Putin ikkitomonlama uchrashuvdan qoniqmasa yoki hamma uning uchtomonlama bo‘lishini istasa, men hech qanday e’tirozim yo‘q. Men har qanday formatga tayyorman», dedi Zelenskiy 27 may kuni jurnalistlarga.

Ukraina prezidenti «o‘zi, Tramp va Putin» uchrashuviga «tayyor» ekanini qo‘shimcha qildi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin va Zelenskiyning ehtimoliy uchrashuvi bo‘yicha Moskvaning pozitsiyasida hech qanday o‘zgarish bo‘lmaganini aytdi.

Mavzuga oid