O‘zbekiston | 22:30 / 30.05.2025
2295
7 daqiqa o‘qiladi

30 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Shavkat Mirziyoyev «Markaziy Osiyo—Italiya» sammitida ishtirok etish uchun Ostonaga bordi, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat bo‘yicha ma’lumot berildi, Xorazm va Sirdaryoda firibgarlik holatlariga chek qo‘yildi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shavkat Mirziyoyev «Markaziy Osiyo—Italiya» sammitida ishtirok etadi 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev taklifiga binoan 30 may kuni Ostonaga yetib bordi.

Ostona xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

O‘zbekiston yetakchisi Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan «Markaziy Osiyo–Italiya» formatidagi oliy darajadagi sammitda ishtirok etadi.

Tadbirda mintaqa mamlakatlari yetakchilari va Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Kun tartibiga muvofiq ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo «yashil» iqtisodiyot, investitsiyalar, innovatsiyalar, fan va ta’lim sohalarida yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

 

O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqarorligi aytildi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov koronavirusning yangi to‘lqini dunyoni qamrab olayotgani haqida tarqalgan so‘nggi xabarlarga munosabat bildirdi.

«Shu yil mart oyida koronavirusning Xitoyda aniqlangan NB.1.81 shtammi ba’zi mamlakatlar bo‘ylab tarqalayotgani haqida ma’lumotlar bor. Lekin COVID-19’ning yangi to‘lqini dunyoni qamrab olmoqda degan xabarlar asossiz», – deydi mutaxassis.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2024 yil 13 apreldan koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha kundalik axborot berib borishni to‘xtatgani, davlatlar miqyosida ham shunday ekani qayd etilgan.

Shuning o‘ziyoq sayyorada koronavirus bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror ekanini anglatadi. Qolaversa, koronavirusning yanggi shtammi keng ko‘lamda yoyilayotganiga doir ma’lumotlarni JSST rasman tasdiqlagani yo‘q.

Nurmat Otabekov dunyoda koronavirus bo‘yicha shov-shuvli axborotlarni tarqatishdan manfaatdor guruhlar borligi sir emasligini ta’kidladi. Uning fikricha, ayni kunlarda e’lon qilinayotgan bu kabi ma’lumotlarni ham shunday izohlasa to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki Yer yuzida yangi to‘lqinning kuzatilish ehtimoli qariyb nolga teng.

«O‘zbekiston misolida aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqaror. Aholida koronavirus shtammiga nisbatan oddiy respirator kasalliklarga bo‘lgani singari munosabat allaqachon shakllangan.

Chunki mazkur kasallikni diagnostika qilish, davolash imkoniyatiga egamiz. O‘z navbatida, odamlarda bu xastalikka nisbatan jamoaviy immunitet vujudga kelgan. Nafaqat O‘zbekiston, balki butun Yer kurrasida holat shunday», — deydi mutaxassis.

Shuningdek, Otabekov hozirgacha dunyoda koronavirusning 45 mingga yaqin mutatsiyalari yuzaga kelgani va hamon bu jarayon to‘xtagani yo‘qligini ma’lum qildi. Biroq o‘tgan davrda ulardan faqat 10-15 tasi kasallik chaqirgan xolos. 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston hududida qaysi viruslar aylanib yurganini kuzatib boruvchi monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilgan, tegishli laboratoriyalarda bemorlardan olingan virus namunalari doimiy ravishda tekshirilib, tahlil qilib borilmoqda. 

 

O‘zbekiston va Italiya atom energiyasi sohasida hamkorlik qiladi

O‘zbekiston va Italiya atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida uzoq muddatli, barqaror va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.

Xususan, «O‘zatom» agentligi va Italiyaning Ansaldo Energia S.p.A. kompaniyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat Italiya kompaniyasining ilg‘or texnologiyalari va tajribasini qo‘llagan holda kadrlar va ilmiy-texnik salohiyatni oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga qaratilgan.

Ansaldo Energia S.p.A. – Yevropa energetika sektorining yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lib, energetika uskunalarini loyihalash, ishlab chiqarish va yetkazib berish, bosh-montaj va sozlash, hamda energetika uskunalariga kafolatli va undan keyingi xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va modernizatsiya qilish bo‘yicha xizmatlarni taqdim etadi.

Ushbu tashkilot o‘zining shu’ba kompaniyalaridan biri orqali atom sohasidagi barcha faoliyatni qamrab oladi, yangi atom elektr stansiyalarini loyihalash va qurishda innovatsion yechimlarni ishlab chiqishga, ekspluatatsiyadan chiqarilgan atom stansiyalarini xavfsiz demontaj qilishni ta’minlashga, shuningdek, radioaktiv chiqindilarni boshqarish masalalariga alohida e’tibor qaratadi.

 

Xorazm va Sirdaryoda firibgarlik holatlari aniqlandi

Xorazm viloyatidagi tumanlardan birining O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limi boshlig‘i 10 ming dollar olayotganida ushlandi. Ma’lum bo‘lishicha, u xizmat mavqeyidan foydalangan holda, qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan mineral o‘g‘itlar va biokomplekslar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MChJga tegishli 27 tonna «Biostimulyator» o‘simliklar ozuqasini mahalliy fermer xo‘jaliklariga qimmat narxlarda sotish uchun shartnoma tuzishda amaliy yordam berishni va’da qilgan.

Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa «Gulistonshahargaz» gaz ta’minoti bo‘limi kichik, o‘rta biznes va budjet iste’molchilari bilan ishlash bo‘linmasining yetakchi muhandisi ushlandi. U mahallabay ishlash xizmati boshlig‘i bilan o‘zaro til biriktirib, mahalliy fuqaroning xonadonida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik holati yuzasidan aniqlangan 164 million so‘mlik zarar summasini 14 million so‘mgacha kamaytirib bergani evaziga 1000 AQSh dollari talab qilgan. 

DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muhandis ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan. 

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid