Jahon | 17:16 / 30.05.2025
3882
10 daqiqa o‘qiladi

AQShning G‘azo bo‘yicha sulh bitimi va Rossiyaning Kiyevga yangi taklifi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil AQShning sulh bitimini qabul qildi. Hamas taklifni o‘rganmoqda

Oq uy matbuot kotibi Karolin Levit Isroil AQSh tomonidan taklif etilgan sulh rejimini qo‘llab-quvvatlagani va ma’qullaganini tasdiqladi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa garovdagilarning oilalariga G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha bitimni qabul qilishga tayyorligini aytgan.

HAMAS rasmiylari esa Isroil tomonidan ma’qullangan ushbu loyihaga sovuqqonlik bilan munosabat bildirdi, biroq uni rasmiy javob berishdan avval batafsil o‘rganmoqchi ekanliklarini aytdi. «Tsionistik javob – amalda ishg‘olni davom ettirish, o‘ldirish hamda ocharchilikni saqlab qolish degani”, dedi HAMASning yuqori martabali rasmiysi Bassem Naim Associated Press agentligiga. Uning aytishicha, «bu taklif xalqning urush va ocharchilikni to‘xtatish kabi talablariga javob bermaydi".

Shunga qaramay, u tashkilot ushbu taklifni «milliy mas’uliyat bilan o‘rganib chiqishini» ta’kidladi.

Avvalroq HAMAS Uitkoff bilan «doimiy sulhga, Isroilning G‘azodan to‘liq chiqib ketishiga, yordam oqimini yo‘lga qo‘yish va hokimiyatni mustaqil falastinlik siyosiy qo‘mita zimmasiga o‘tkazishga» olib boruvchi umumiy asosiy kelishuv doirasida rozi bo‘lganini bildirgan edi.

Stiv Uitkoff o‘zining yangi taklif tafsilotlarini ommaga oshkor qilmagan, biroq HAMAS rasmiysi va misrlik rasmiy ayrim tafsilotlarni mustaqil tarzda tasdiqlagan. Ularning aytishicha, yangi taklif quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • 60 kunlik jangovar harakatlarni to‘xtatish;
  • doimiy sulhga olib boruvchi jiddiy muzokaralarga kafolat;
  • Isroil garovdagilar ozod qilingandan keyin urushni qayta boshlamasligi haqida kafolat.

Shuningdek, Isroil armiyasi mart oyidagi sulh paytidagi pozitsiyalariga qaytadi. HAMAS bu 60 kunlik tanaffus davomida 10 nafar tirik garovdagi kishini va bir nechta jasadni ozod qiladi. Buning evaziga Isroil tomonidan 1100 dan ortiq falastinlik mahbus ozod qilinadi.

Bu muddat davomida har kuni yuzlab gumanitar yordam yuk mashinalari G‘azoga kirishiga ruxsat beriladi. Mutaxassislarning aytishicha, Isroil tomonidan deyarli uch oy davomida davom etgan blokada — garchi so‘nggi kunlarda biroz yumshatilgan bo‘lsa-da — aholini ochlik yoqasiga olib kelgan.

Rossiya Kiyev bilan muzokaralar yangi raundining joyi va vaqtini taklif qildi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainaga muzokaralarning ikkinchi raundini 2 iyun kuni Istanbulda o‘tkazishni taklif qildi. TIV saytida e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, Rossiya bu uchrashuvda Kiyevga tinch yo‘l bilan kelishuv shartlari to‘g‘risidagi memorandumni taqdim etishga tayyor, bu «inqiroz sabablarini ishonchli tarzda bartaraf etishning barcha jihatlari bo‘yicha pozitsiyani belgilab beradi».

«V.R.Medinskiy boshchiligidagi delegatsiyamiz ushbu memorandumni Ukraina delegatsiyasiga taqdim etishga va kelasi dushanba, 2 iyun kuni Istanbulda qayta tiklanadigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarning ikkinchi raundi davomida zarur tushuntirishlarni berishga tayyor», — deyiladi Lavrov bayonotida. U Turkiyaga «mehmondo‘st turk platformasi» taqdim etgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Istanbuldagi muzokaralar haqida chaqiriqqa qaramay, Rossiya Ukrainada yangi hujum operatsiyalarini boshlagan. Tahlilchilarga ko‘ra, rus qo‘shinlari may oyida tez sur’atda oldinga siljimoqda, hujumlarini kuchaytirgan hamda Ukraina shaharlariga ham yirik zarbalar berishdan tiyilmayapti.

Ma’lumot uchun, 16 may kuni Istanbulda Moskva va Kiyev o‘rtasida so‘nggi uch yil ichida birinchi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Rossiya delegatsiyasiga prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy, Ukraina delegatsiyasiga esa mudofaa vaziri Rustem Umerov boshchilik qildi. Muzokaralar taxminan ikki soat davom etdi va bir nechta kelishuvlar bilan yakunlandi: «1000 ga 1000» formulasi bo‘yicha harbiy asirlarni almashish, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rejalar taqdimoti va yangi uchrashuv bo‘yicha prinsipial kelishuv.

AQSh minglab xitoylik talabalarning vizalarini bekor qilmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati XXR Kommunistik partiyasiga aloqador yoki «o‘ta muhim sohalarda» tahsil olayotgan xitoylik talabalarning vizalarini chaqirib olish niyatida.

Xususan, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Xitoy Xalq Respublikasi va Hongkongdan keladigan barcha viza arizalarini sinchiklab tekshirish uchun viza mezonlari ko‘rib chiqilishini aytgan. Avvalroq, Davlat departamenti AQShning barcha elchixona va konsullik bo‘limlariga talabalar vizasi uchun yangi suhbatlar tayinlashni vaqtincha to‘xtatishni buyurgan edi.

Rubio bayonotida «o‘ta muhim sohalar» deyilganda aynan nima nazarda tutilganiga oydinlik kiritilmagan. New York Times'ning yozishicha, gap tabiiy fanlar sohasidagi tadqiqotlar haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin. Chunki so‘nggi yillarda Amerika rasmiylari Xitoy hukumati Qo‘shma Shtatlarda ta’lim olgan olimlarni yollayotgani borasida bir necha bor xavotir bildirgan. Shuningdek, AQSh rasmiylari talabalar bilan Xitoy Kommunistik partiyasi o‘rtasidagi aloqani qanday aniqlashi ham noma’lumligicha qolmoqda.

Ayni vaqtda Amerika oliygohlarida 277 mingga yaqin XXR fuqarosi tahsil oladi. Talabalik vizalarining bekor qilinishi Tramp ma’muriyatining savdo urushi fonida Xitoyga qarshi olib borayotgan keng ko‘lamli kampaniyasining bir qismi bo‘lishi mumkin. Tramp prezidentlikning birinchi muddati — 2020 yilda, Xitoyning harbiy universitetlariga aloqador mingdan ortiq xitoylik aspirant va tadqiqotchilarning vizalarini bekor qilgan edi.

XXR Tashqi ishlar vazirligi xitoylik talabalarning vizalari chaqirib olinishi mumkinligi sabab AQSh hukumatiga e’tiroz bildirdi. Idora matbuot kotibi Mao Ninning so‘zlariga ko‘ra, bunday qadam o‘qiyotganlarning qonuniy huquqini buzadi va ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy almashinuvga xalaqit beradi.

Falastinliklar G‘azodagi BMT omboriga bostirib kirdi

BMT X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida xabar berishicha, «ochlikdan azob chekayotgan bir guruh odamlar» BMT Jahon oziq-ovqat dasturining G‘azo sektoridagi omboriga bostirib kirdi.

Hodisa oqibatida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ikki kishi halok bo‘lgan. Yana bir necha kishi jarohat olgan. «Oziq-ovqat va boshqa yordamlar to‘xtatilgan G‘azoda 80 kunlik to‘liq blokadadan so‘ng, insonparvarlik ehtiyojlari nazoratdan chiqib ketdi», — deyiladi Jahon oziq-ovqat dasturi akkauntida. Unda G‘azo sektorida oziq-ovqat mahsulotlarini tartibli ravishda tarqatish uchun «darhol «gumanitar tashkilotlarning xavfsiz va to‘siqsiz kirishi» talab qilingan.

Isroil mudofaa kuchlari o‘z navbatida, 27 may kuni ijtimoiy tarmoqlarida 400 ta yuk mashinasi insonparvarlik yordami bilan «G‘azoda BMT ularni tarqatishini kutayotganini hamda BMT o‘z ishini bajarishdan bosh tortishda davom etayotgani” haqida yozdi.

Sharqiy Osiyoda COVID yana keng tarqala boshladi

Osiyoning ba’zi mamlakatlari hukumati aholini COVID-19 bilan kasallanish holatlari ko‘payishi sababli yana niqob taqishga chaqirdi. Xususan, Singapur Sog‘liqni saqlash vazirligi va Yuqumli kasalliklar agentligi shunday chaqiriq bilan murojaat qildi.

«Boshqa endemik respirator kasalliklarda bo‘lgani kabi, COVID-19 davriy to‘lqinlari yil davomida bo‘lishi kutilmoqda», deyiladi departament xabarida. Singapur Sog‘liqni saqlash vazirligining boshqa tavsiyalari qatorida 60 yoshdan oshgan odamlarni, shuningdek, «tibbiy nuqtayi nazardan» zaif bo‘lganlarni qayta emlash, boshqa odamlar bilan uchrashuv va aloqalarni minimallashtirish, sayohatlarni cheklash kabilar bor. Aprel oyi oxirida Singapurda 14200 ta infeksiya holati aniqlangan.

Xitoyda ham COVID-19 bilan kasallanish to‘lqini kuzatildi, aprel oyida qariyb 169 mingta tasdiqlangan holat, shu jumladan 340 ta og‘ir holat bo‘lgan. 9 kishi vafot etgan. Xitoy hukumati ham xavotirda va yangi pandemiyaning oldini olish uchun fuqarolardan uzoq masofalarga sayohat qilganda niqob taqishni so‘ramoqda.

Tailand yanvardan may oyining o‘rtalariga qadar 187 mingdan ortiq COVID-19 bilan bog‘liq holat va ushbu kasallikdan 46 ta o‘lim holatlari haqida xabar berdi. Birgina 18 maydan 24 maygacha yana 53 mingdan ortiq holat qayd etilgan. Tailand hukumati barcha kerakli dori-darmonlar arzon bo‘lishini ta’minlash uchun yuz niqoblari, antigen test to‘plamlari va bint dezinfeksiyalash vositalarining taqsimlanishini nazorat qilmoqda.

Mavzuga oid