Final oldidan: kim va nega g‘olib chiqishi mumkin?
«PSJ» va «Inter» o‘rtasidagi YeChL finalining asosiy intrigalari haqida.

Foto: Getty images
Bugun, Toshkent vaqti bilan 31 may kuni soat 23:55 da Myunxendagi «Alyans Arena» o‘yingohida «PSJ» va «Inter» Chempionlar Ligasining navbatdagi g‘olibini aniqlash uchun maydonda saf tortadi.
Fransiya va Italiya to‘qnashuvi
Yevropaning nufuzli turnirlari haqida gap ketganda, birinchi navbatda kuchli beshlikdan Angliya, Ispaniya hamda «Bavariya» tufayli Germaniya tilga olinadi ko‘pincha. Italiya va Fransiya jamoalari odatda keyingi o‘rinlarda sanaladi. Bu safargi final bu an’anaga ters ravishda aynan shu ligalar vakillari o‘rtasida o‘tishi ham ajoyib, futbolda hech narsani oldindan taxmin qilib bo‘lmasligini anglatayotgandek go‘yo.
Hozirda moliyaviy muammolar sababli pasayib qolgan bo‘lishsa-da, o‘z vaqtida Italiya eng kuchli liga bo‘lgan va «kichik jahon chempionati» deb ham atalgan. Shuning uchun nisbatan olganda italiyaliklarda tarixan sovrin ko‘proq – shu paytgacha 12 marta Italiya klublari YeChL (avval Chempionlar kubogi) g‘olibiga aylanishgan. Finalda yutqazish bo‘yicha esa Italiya yaqqol peshqadam – 17 marta.
«Inter» umumiy jadvalda 7-jamoa sanaladi – milanliklar 3 marta ushbu turnir g‘olibiga aylangan bo‘lishsa, 3 marta finalda mag‘lubiyatga uchrashgan. Yangi formatga o‘tilgach, Chempionlar Ligasiga aylangandan keyin «Inter» 2010 yilda g‘alaba qozongan bo‘lsa, 2023 yilda «Manchester Siti»dan mag‘lubiyatga uchradi.
Fransiya uchun bu sakkizinchi final. Fransiya klublari o‘z tarixida faqat bir marta Yevropada eng kuchli deb topilgan. 1993 yilda Marselning «Olimpik» klubi finalda Milanning shu nomdagi boshqa jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etgan. Ya’ni, «PSJ» g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, o‘z tarixida ilk bor Chempionlar Ligasi kubogi egasiga aylanadi. Parijliklar bunga 2020 yilda ham urinib ko‘rgan, ammo o‘shanda «Bavariya»ga mag‘lub bo‘lingandi (0:1).
Murabbiylar
Albatta Luis Enrike hamkasbiga nisbatan tajribaliroq. Simone «Latsio»da katta futboldagi ilk murabbiylik qadamlarini qo‘yayotganda, Enrike «Barselona» bilan Chempionlar Ligasini yutgandi. Simone Italiyada faqat bir marta, 2023/24 yillar mavsumida chempionlikka erishgan va bir qator ichki kuboklar sohibi bo‘lgan, Luis Enrike esa Ispaniya, Fransiya va Italiya chempionatlari tajribasiga ega, hatto milliy jamoani ham boshqargan, Messi va Mbappe kabi eng oliy toifadagi yulduzlar bilan ishlagan. O‘z navbatida, agar bugungi jamoalar solishtirilganda, Indzagida ustunlik ko‘rishimiz mumkin. U to‘rt yildan beri ayni jamoa, ayni futbolchilarni shug‘ullantirmoqda va tarkib bir xil uslub bilan turli yo‘llarni, turli mag‘lubiyatlarni ham boshdan o‘tkazdi. «PSJ» nisbatan yangi jamoa, Enrike ikki yil oldin tashrif buyurgan bo‘lsa-da, aynan shu ko‘rinishdagi «PSJ» ilk mavsumini o‘tkazmoqda.
Shaxsiy tomondan ham har ikkisining o‘ziga xos dramasi bor. Simone Indzagining futbolchilik faoliyati akasi Filippening soyasi ostida o‘tdi deyish mumkin. Indzagi deganda, hamma baribir Filippeni tushunar, u Italiyada va Yevropada bir qator sovrinlar, Chempionlar Ligasidan tortib, jahon chempionatigacha yutgan bo‘lsa, Simonening faoliyati ancha kamtar o‘tgan – «Latsio»da birgina chempionlik bilan kifoyalangan. Ammo murabbiylikda Simone ancha usta chiqdi. Chempionlar Ligasini yutibgina Simone o‘z ismini futbolga chuqurroq yozishi va Indzagi deganda «qaysi biri?» degan savollarga o‘rin paydo bo‘lishi mumkin.
... 2019 yilda Luis Enrikening 9 yoshli qizi Ksana og‘ir xastalik tufayli vafot etadi. O‘sha paytda Ispaniya milliy jamoasini boshqarib yurgan murabbiy shu sabab bilan jamoani tark etgan, hatto futbolga qaytishi ham so‘roq ostida qolgandi. Keyinroq u yana asosiy jamoa boshqaruvini qo‘lga oladi, Yevropa chempionatida qatnashdi ham. Albatta, bo‘lib o‘tgan fojiadan so‘ng yirik turnirda g‘alaba qozonish Enrike uchun o‘zgacha ma’no kasb etsa kerak va bu g‘alabani qizi Ksanaga bag‘ishlashi tayin.
Darvoqe, finalni qaysidir ma’noda Rimga ham bog‘lash mumkin. Simone Indzagi «Latsio» tarkibida uzoq yillar maydonga to‘p surgan, besh yil bu jamoani boshqargan ham. Luis Enrike esa Rimning qizil tomoniga tegishli – uning futboldagi birinchi murabbiylik jamoasi 2011/12 yilgi mavsumda «Roma» bo‘lgandi.
Kim favorit?
Yaqinda «Myach prodakshn» portali ijodkorlari har ikki jamoaning ustunlik jihatlari haqida mulohaza yuritib, g‘oliblik uchun har ikki ishtirokchida ham asoslar yetarli ekanini sanab o‘tishdi. Quyida ushbu mulohazalarni keltiramiz.
«PSJ» g‘alabasi uchun qanday omillar bor?

Jamoada ojiz nuqtalar yo‘q. Xavfli vaziyatlar, to‘p nazorati va aniq paslar bo‘yicha parijliklar turnirning eng yaxshilaridan, urilgan gollar soni bo‘yicha faqat «Barselona»dan ortda. Himoya chizig‘i darajasi ham yuqori: o‘z darvozasi oldida yo‘l qo‘yilgan vaziyatlar bo‘yicha hatto himoyaviy sanalgan «Inter»dan ham yaxshiroq. Darvozabon o‘zining eng yaxshi mavsumini o‘tkazmoqda. Soat mexanizmidek yo‘lga qo‘yilgan Luis Enrike g‘oyalarini ham hisobga olsak, g‘irt futbol faktorlari va mantiq bo‘yicha «PSJ» yaqqol favorit bo‘lishi kerak.
Ko‘p qatlamli hujum chizig‘i. Dembele futbolchilik faoliyatidagi eng yaxshi formasida va «Oltin to‘p»ga da’vogarlardan biri. Vingerlar tezkor, yuqori texnikaga ega – himoyachilar tomon yurishi, uzoqdan zarba ham berishi mumkin. Ikki lateral – Mendesh va Hakimi tinimsiz ravishda hujumni qo‘llab-quvvatlaydi. Har ikkisi ham gollar urishadi, oldingi chiziqqa uzatilgan paslar bo‘yicha turnirning kuchli o‘nligiga kirishadi. Yarimhimoyani hisobga olmaganda ham bir vaqtning o‘zida «PSJ»ning 5-6 nafar futbolchisi raqib darvozasiga xavf tug‘diradi.
Jismoniy ko‘rsatkichlar. «PSJ» tarkibi ancha yosh va «Inter»ning butunlay aksi. Zaxira o‘rindig‘i ham ancha keng, ya’ni almashtirishlardan so‘ng ham temp tushib ketmaydi. O‘rtacha olganda, har o‘yinda «PSJ» futbolchilari «Inter»nikiga nisbatan o‘rtacha 30 km ko‘proq yugurar ekan. Bundan tashqari, chempionatda «PSJ» ancha oldin hammasini hal qilgan va ikki oydan beri aynan YeChL uchun tayyorlanmoqda. «Inter» esa mavsum oxirida ko‘p kuch sarflab yubordi.
Raqib ustunliklarini yo‘qqa chiqarish. «PSJ» jarohatlar girdobidagi «Bavariya» yoki himoyada bo‘sh nuqtalari mavjud bo‘lgan «Barselona» emas. Parijliklar juda tekis, xatosiz, tartibli himoyalanadi. Jamoa YeChLda to‘pni olib qo‘yish, egallash bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega, jismoniy tomondan kuchli bo‘lgan himoyachilar esa har qanday qarshi hujumlarga dosh bera oladi. Markazdagi portugaliyaliklar ham himoyada ancha kuchli, Vitinya to‘pni egallash, Nevesh esa raqibdan olib qo‘yish bo‘yicha turnirdagi eng yaxshi futbolchilar.
Natija uchun o‘ynash. Parijliklar nafaqat raqibga bosim qilish, o‘yinni o‘ldirishni ham yaxshi o‘zlashtirgan. “Arsenal”ga qarshi yarimfinaldagi kabi tashabbusni bemalol raqibga topshirib ham qo‘yishi mumkin. Muhimi turli zarbalarni qabul qila oladi – “Manchester Siti”ga qarshi o‘yinni eslang, vaqtida burilish yasab, turnirni tark etish ostonasidan qaytgandilar. Yoki Birmiemda “Aston Villa”ning kambekidan sochilib ketishmadi. Ya’ni bu biz bilgan “PSJ” emas, Luis Enrike shogirdlari turli ssenariylarda o‘zini yaxshi his qila oladi.
«Inter» g‘alabasi uchun qanday omillar bor?

Pressingdan chiqish. Milanliklar uchun «PSJ» uslubi qulay. Indzagi raqibni pressingga chaqirib, ochiq zonalar yuzaga keltirish va ulardan foydalanishga usta. Xuddi shu shaklda ular «Bavariya» va «Barselona»ni ko‘p bor qopqonga tushirishdi va bu jamoalarga jami 11 gol urishga muvaffaq bo‘lishdi. Myunxenliklar bilan o‘yinda Zommer to‘pni oyog‘ida saqlab, kimdir kelishini uzoq vaqt kutganini eslang. «Inter» bu turnirda eng ko‘p golni raqibga nisbatan kamroq to‘pni nazorat qilgan o‘yinlarda urdi.. Hammasi to‘g‘ri ishlaydi: yarimhimoyachilar aniq o‘tkir paslar uzatadi, hujumchilar ustalik bilan to‘p uchun kurashib, uni yo‘qotmaydi.
Tajriba. «Inter» uchun bu so‘nggi uch yildagi ikkinchi final. O‘sha murabbiy, deyarli o‘sha futbolchilar. Kuchli beshlik jamoalari ichida eng tajribali tarkib hisoblanadi. «PSJ» tarkibi deyarli yangi, 2020 yildagi finaldan faqat Markinos qolgan. Chempionlar Ligasi o‘ziga xos turnir, bu yerda ming kuchli bo‘lsangiz ham, birdaniga chiqib yutib ketish qiyin. «Bavariya» 2013 yilda chempion bo‘lguncha ikki finalni boy bergan, «Liverpul» va «Manchester Siti» ham alamli mag‘lubiyatlardan so‘ng shohsupaga chiqishgan.
Realizatsiya. «Inter» deyarli har ikki aniq zarbadan birini golga aylantiradi. «Bavariya»ga qarshi 2.2 xG’dan 4, «Barselona»ga esa 3.0 xG’dan 7 gol urishdi. Bu hammasi emas, raqiblar ham «Inter»ga qarshi o‘yinlarda realizatsiyada oqsashadi. Ba’zida darvoza ustuni, ba’zida Zommerning mo‘jizaviy seyvlari muqarrar goldan asrab qoladi. Bunday omad va chidamga qarshi parijliklarga oson bo‘lmasligi tayin. Axir «PSJ»ning o‘zi odatda yaratilgan vaziyatlardan kamroq gol uradi.
Indzagining o‘yin boshqaruvi. «Inter» faxriylari bor kuchini ishlatgach, ayni kerakli pallada zaxiraga olinadi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shiladigan Frattezi esa hal qiluvchi golni uradi. Indzagi taktik yurishlar orqali o‘yinlarda burilish yasashni biladi. «Barselona»ga qarshi birinchi o‘yinda himoyalanish paytida futbolchilarni kengroq joylashtirib, qarshi hujumlarga zamin hozirlagan bo‘lsa, ikkinchi o‘yinda Augustoga yordamchi qilib Torimiyni tushirdi va jamoa Yamalni yaxshiroq to‘xtata boshladi. Simone juda moslashuvchan, ba’zi o‘yinlarda «Inter» to‘liq tashabbus ko‘rsatadi, ba’zilarida esa ikkinchi raqamda samarali harakat qiladi.
Jasorat. Chempionlar Ligasidagi 14 o‘yinning 13 tasida uchrashuvning eng yaxshisi aynan «Inter» a’zosi bo‘lgan. Ahamiyatli tomoni, sakkiz farqli futbolchi. Maydonga tushishi so‘roq ostida bo‘lgan Lautaro Martines «Barselona»ga qarshi chiqib gol uradi, o‘ng qanot himoyachisi Dumfris gol va uzatmalar bo‘yicha rekord urib tashlaydi, og‘ir kasallikni yenggan Acherbi esa yarimfinalning so‘nggi soniyalarida jamoasini qutqarib qoladi. Po‘latdek bardoshli yigitlar haqidagi superqahramonlar filmiga o‘xshaydi va bu yaxshilik bilan tugashi kerakdek.
Finalgacha yo‘l
«Inter» ilk bosqichdan boshlab o‘tkazgan 14 o‘yinining 10 tasini o‘z foydasiga hal qilgan. Uch o‘yin durang va faqat bir uchrashuvda milanliklar mag‘lubiyat alamini totishgan. To‘plar nisbati: 26-11
Guruh bosqichi: «Manchester Siti» (safarda) – 0:0, «Tsrvena Zvezda» (uyda) – 4:0, «Yang Boyz» (safarda) – 1:0, «Arsenal» (uyda) – 1:0, «Leypsig» (uyda) – 1:0, «Bayyer» (safarda) – 0:1, «Sparta» (safarda) – 1:0, «Monako» (uyda) – 3:0.
1/8 final. «Feyyenord» – 2:0, 2:1
1/4 final. «Bavariya» – 2:1, 2:2
1/2 final. «Barselona» – 3:3, 4:3.
«PSJ» dastlabki bosqichdan to‘g‘ridan to‘g‘ri nimchorak finalga chiqa olmagani uchun 2 ta ko‘proq o‘yin o‘tkazgan. 16 uchrashuv, 10 g‘alaba, 1 durang, 5 mag‘lubiyat. To‘plar nisbati: 33-15
Guruh bosqichi: «Jirona» (uyda) – 1:0, «Arsenal» (safarda) – 0:2, PSV (uyda) – 1:1, «Atletiko» (uyda) – 1:2, «Bavariya» (safarda) – 0:1, «Red Bull» (safarda) – 3:0, «Manchester Siti» (uyda) – 4:2, «Shtutgart» (safarda) – 4:1.
Pley-off. «Brest»– 3:0, 7:0
1/8 final. «Liverpul» – 0:1, 1:0
1/4 final. «Aston Villa» – 3:1, 2:3
1/2 final. «Arsenal» – 1:0, 2:1.
Kim qahramon bo‘ladi?
Har ikki jamoada ham yetakchilikni qo‘liga olishi, final qahramoni bo‘lishga loyiq futbolchilar ko‘p.
Usmon Dembele. Usmon faoliyatidagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazyapti va agar parijliklar g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, u «Oltin to‘p» uchun kurashda favoritga aylanishi shubhasiz. Savollar qolmasligi uchun esa u finalda ham o‘zini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.
Dembeledagi yorqinlik va tilga tushganining sabablaridan biri, xuddi jamoasi singari u ham mavsumning ikkinchi yarmidan, 2025 yildan sermahsul o‘yin ko‘rsata boshladi. Chempionlar Ligasi doirasida unda 8 gol va 4 assist mavjud bo‘lsa, 8+3 aynan so‘nggi turlar va pley-off bosqichiga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, «Arsenal» va «Liverpul» darvozalariga urilgan safardagi gollar Dembelening aynan qiyin pallalarda kerakli farqni o‘rtaga chiqara olishini isbotlayapti.
Lautaro Martines. «Inter»ning eng tajribali va yetakchi hujumchisi. So‘nggi yillardagi «Inter»ni Lautarosiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Umuman, argentinalik futbolchilarning ushbu jamoadagi roli juda katta, hatto tarixdagi eng yaxshi 10 to‘purarning 8 nafari argentinalik ekan. «Inter» dunyo futboliga argentinalik murabbiy Elanio Erera bilan kirib kelgani ham bejiz emas. Xullas, «Inter»ning har qanday g‘alabasini Lautaro ishtirokisiz tasavvur qilish imkonsiz. Agar «Inter» gol ursa, albatta, Lautaro unda qatnashadi.
Janluiji Donnarumma. Donnarumma agar bir turnirning biror o‘yinida qahramonlik ko‘rsatsa, bu o‘yin beiz ketmasligi uchun oxirigacha o‘sha darajada o‘ynash odati bor. Buni biz Italiya g‘olib bo‘lgan Yevropa chempionatida ham ko‘rgandik. Liverpuldagi o‘yin Janluijining eng yaxshi o‘yinlaridan biri bo‘lgandi, darvozabon xuddi shunday o‘yinni «Villa» va «Arsenal»ga qarshi bahslarda ham davom ettirdi. Birminghemdagi javob o‘yinida Asensioning vaziyati, «Arsenal»ning Parijdagi javob o‘yinining birinchi bo‘limdagi bosimi aynan Donnarummaning bexato harakatlari evaziga bartaraf etildi. Zommerdan farqli ravishda Janluiji nafaqat hal qiluvchi seyvlar amalga oshiradi, balki jarima maydoni ichida qirolga aylanib, standart vaziyatlar, raqibning yuqori qavatdagi uzatmalariga katta to‘siq ham bo‘ladi. Uning atrofida to‘pni xotirjam nazorat qilish imkonsiz.
Xvicha Kvaratsxeliya. Xvicha «Inter»ga qarshi eng ko‘p maydonga tushgan futbolchi. «PSJ»ning mavsumdagi burilishiga sabab bo‘lgan transfer. Uning tarkibga qo‘shilishi jamoa o‘yinini boyitdi, zero gurjistonlik futbolchi oddiy vinger emas, unda pleymeykerlik qobiliyati Due yoki Barkolyaga nisbatan ko‘proq. Xvicha bilan «PSJ» hujumlardagi bir xillik yo‘qoldi, raqib endi xavfni qanday va qay shaklda kelishini bilmasdan qiynala boshladi. Agar «Inter» himoyaviyroq taktika tanlab, jarima maydoni atrofida ko‘proq futbolchilarni joylashtiradigan bo‘lsa, Dembelening tezkor oyoqlaridan ham ko‘ra, Xvichaning miyasi, uzoq masofadan beradigan zarbalari muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.
Denzel Dumfris. Mavsumda Yevropaning eng sermahsul himoyachilaridan biri. Ayniqsa «Barselona»ga qarshi o‘yinlarda oddiy qanot himoyachisi qay darajada o‘yin taqdirini hal qilishi mumkinligini isbotladi. Yarimfinalning ikki o‘yinida u 2 gol va uch assist qayd etdi. Bu yil «Barselona»ga qarshi o‘ynagan futbolchilar ichida faqat Mbappeda (unda 4 o‘yin) yaxshiroq ko‘rsatkich qayd etilgan, xolos.
Dumfrisning faolligi nafaqat «PSJ» himoyachilariga boshog‘riq bo‘ladi, balki raqibning hujumlarini ham ehtiyotkor qilishi mumkin. Dumfrisning «PSJ» chap qanotidagi Mendesh bilan duellari esa finalning asosiy qarama-qarshiligiga aylanishi turgan gap.
Iqtiboslar
Simone Indzagi:
«Har bir o‘yin – alohida tarix. Har bir detalga to‘xtalishga harakat qildik, butun tarkib tayyor – bunaqasi mavsum davomida hech bo‘lmagandi. Jamoa muhitida ishonch hukmron.
Biz maydonga istak va qat’iylik bilan chiqishimiz kerak. Biz finalgacha juda qiyin yo‘lni bosib o‘tdik. Shu yerda to‘xtamoqchi emasmiz va yigitlar buni yaxshi tushunib turishibdi.
Chempionlar Ligasini yutish uchun hamma narsa kerak. Eng mayda jihatlargacha e’tibor qaratyapmiz. Raqibimiz juda kuchli. Enrikeni esa ham mutaxassis, ham inson sifatida qattiq hurmat qilaman».
Luis Enrike:
«Eng murakkab vazifa aslida oddiy. Agar jamoa himoyalansa, har bir chiziqda hudud kamayadi, lekin aynan shu fazada yigitlarim juda kuchli. Muammo nimada? «Inter»ning himoyasida ham, hujumida ham individual jihatdan kuchli futbolchilar jamlangan. Birgina gol bilan hammasi hal bo‘lishi mumkin. Eng muhimi finalga moslashish kerak. Nima bo‘lgandayam men optimistman».
Taxminiy tarkiblar:
«PSJ», 4-3-3: Donnarumma – Hakimi, Markinos, Pacho, Mendesh – Nevesh, Ruis, Vitinya – Xvicha, Due, Dembele.
«Inter», 3-5-2: Zommer – Bastoni, Acherbi, Pavar – Dimarko, Mxitaryan, Chalxono‘g‘li, Barella, Dumfris – Martines, Tyuram.
Mavzuga oid

13:29 / 01.06.2025
«PSJ»ning finaldagi g‘alabasidan so‘ng Parijda tartibsizliklar yuzaga keldi

01:49 / 01.06.2025
«PSJ» finalda «Inter»ga 5 ta gol urdi

21:20 / 31.05.2025
Qizaloq va Lucho: bir muhabbat tarixi

19:29 / 23.05.2025