Isroilning G‘azoda «humanitar niqobi», Moskvaning «yonini olgan» AQSh va Mask bilan xayrlashgan Tramp – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Isroilning G‘azoda «humanitar niqobi»
AQSh taklif qilgan sulhni qabul qilgan va Hamasdan javob kutayotgan Isroil G‘azo sektoriga zarba berishni to‘xtatmayapti. Xususan, 30 may kuni ertalabdan Isroil armiyasi uyushtirgan hujumlar natijasida sektorda kamida 39 nafar falastinlik halok bo‘ldi.
G‘azo sog‘liqni saqlash boshqarmasiga ko‘ra, sektor shimolidagi Jabaliya hududida bir oilaning uyiga uyushtirilgan hujum oqibatida kamida 7 kishi halok bo‘lgan, ko‘plab odamlar jarohat oldi. Isroil armiyasi Jabaliya hududida odamlar to‘plangan ikki mahallaga ham zarba berdi — buning natijasida 5 kishi halok bo‘ldi, yaralanganlar soni ham ko‘p.
Xon-Yunus shahridagi ko‘chirilganlar yashagan chodirga qilingan hujumda esa yana 13 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil armiyasi Rafahda yordam olish maqsadida to‘plangan tinch aholiga qarata o‘t ochgan — 1 kishi halok bo‘ldi.
G‘azodagi bosqinchilik urushidan to‘xtamayotgan Isroil Iordan daryosining G‘arbiy sohilida 22 ta yangi yahudiy aholi punktini qurish rejasini e’lon qildi. Isroil Xavfsizlik kengashi ushbu qarorni ma’qullagan.
BMT vakili Isroilning harakatlarini G‘azoda «humanitar niqob» deb atadi:
«Bu G‘azodagi vahshiyliklarni yashirish, bombardimon ostidagi odamlarning ahvolini o‘zgartirmaslik va falastinliklarni tiriklayin kuydirishga qaratilgan strategiyadir. So‘nggi soatlarda G‘azodan kelayotgan dahshatli suratlar va videolar bu tizim qanday ishlayotganini, Isroil armiyasining qurolsiz tinch falastinliklarga qarata qanday o‘t ochayotganini ko‘rsatmoqda. Ko‘rinib turibdiki, Isroil harakatlarining cheki yo‘q.
Oylar davomida aholiga ocharchilik qilinib, ular ovqat so‘raganda ularga qarata o‘t ochish — bu mutlaq shafqatsizlikdir. Isroil bolalar va tinch aholining o‘limini oqlamoqchi bo‘layotgan paytda sanksiyalar vaqti keldi. Hayotlarni saqlab qolish uchun vaqt tugamoqda», — deya bayonot berdi BMTning Falastinga oid maxsus ma’ruzachisi Franseska Albanese.
U dunyo davlatlarini yana bir bor Isroilga nisbatan to‘liq qurol embargosini joriy qilish va savdo aloqalarini to‘xtatishga chaqirdi.
Kellog: Rossiyaning NATO kengayishi haqidagi xavotirlari «adolatli»
AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog ABC News telekanaliga bergan intervyusida Rossiyaning NATO sharqda kengayishi borasidagi xavotirlarini «adolatli», dedi.
«Bu adolatli xavotir. Biz Ukrainaning NATOga qo‘shilishi masalasi ko‘rib chiqilmayotganini bir necha bor aytganmiz», — dedi u va bu pozitsiya qolgan kamida to‘rtta a’zo davlat tomonidan bildirilganini qo‘shimcha qildi.
Kit Kellogning qo‘shimcha qilishicha, Qo‘shma Shtatlar va Ukraina haligacha o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha takliflar yozilgan Rossiya memorandumini olmagan, biroq Kiyevni urushni tugatish bo‘yicha muzokaralardan chiqmaslikka chaqirdi. Ukraina mudofaa vaziri va mamlakatning muzokaralar olib borayotgan delegatsiyasi rahbari Rustem Umerov bilan bo‘lib o‘tgan suhbatni u: «Kelmayman, demang, jiddiy ekaningizni ko‘rsatishingiz kerak», deya qayta aytib berdi. Kellog, shuningdek, muzokaralarning asosiy maqsadi o‘t ochish va «qotilliklarni to‘xtatish» bo‘lib qolishini yana bir bor ta’kidladi.
Bundan tashqari, Kit Kellogg 2 iyun kuni Istanbuldagi muzokaralarda Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniyadan xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar ishtirok etishini aytdi. Avvalroq Rossiya muzokaralarning navbatdagi bosqichiga yana Vladimir Medinskiyni yuborishi ma’lum bo‘lgan edi.
Tramp Ilon Mask bilan xayrlashdi
AQSh prezidenti Donald Tramp milliarder Ilon Maskni hukumat agentliklarini qisqartirishga uringan va rasmiy lavozimidan chekinayotgan shaxs sifatida madh etdi.
Tramp 30 may kuni Oq uyda Maskni rasman kuzatib qo‘ydi — zamonaviy Amerika boshqaruv tarixidagi eng notinch tajribalardan biri yakunlandi. Taxminan to‘rt oy davomida «Hukumat samaradorligi departamenti» (DOGE)ni boshqargan dunyoning eng boy odami — AQSh davlat xizmatchilarini ixtiyoriy ravishda qisqartirish huquqiga ega bo‘lgan edi.
Endi Mask «maxsus hukumat xodimi» maqomi yakunlanganidan so‘ng butun e’tiborini o‘zining Tesla va SpaceX kabi xususiy kompaniyalariga qaratishini bildirdi. Har qancha va’da berilgan bo‘lsa-da, DOGE federal budjetdan 1 trillion dollar tejay olmadi. Biroq Mask shaxsiy manfaat bobida jiddiy yutuqlarga erishdi — NASA va Harbiy havo kuchlari kabi SpaceX’ning muhim mijozlari ustidan nazorat qilish huquqini qo‘lga kiritdi.
Tramp Oq uydagi nutqida Maskni «dunyo ko‘rgan eng buyuk ishbilarmon va innovatorlardan biri» deb atadi va u ma’muriyatga xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha maslahat berishda davom etishini ta’kidladi. Mask esa DOGE jamoasi vaqt o‘tishi bilan faqat kuchayib borishini aytgan.
Mask Vashingtonga zanjirli arra bilan kirib keldi va byurokratiyadagi isrofgarchilik, firibgarlik va suiiste’mollikni yo‘q qilishga tayyor bo‘lgan respublikachilar tomonidan kuchli qo‘llab-quvvatlandi. Ammo bu davr Tramp bilan birgalikdagi «yumshoq» matbuot anjumani bilan yakunlandi — unda Mask asosan chetda turdi.
So‘nggi oylar davomida Tramp va Mask orasidagi masofa kengayganiga qaramay, Tramp Maskga bo‘lgan hurmatini ko‘rsatish uchun jiddiy harakat qildi.
«Ilonning Amerikaga qilgan xizmatlari zamonaviy tarixda tengsiz. Men Ilonning hukumatga ko‘ngilli xizmat qilganidan minnatdorman. Uni xodim deyishimiz g‘alati tuyulsa-da, bu «maxsus xodim». U kelib yordam berdi va ko‘plab odamlarning fikrlash tarzini o‘zgartirdi», — degan Tramp.
Sud Harvardga chet ellik talabalarni yana qabul qilishga ruxsat berdi
Boston federal sudi prezident Donald Trampning Harvard universitetiga chet ellik talabalarni qabul qilishni taqiqlash haqidagi qarorini noma’lum muddatga blokladi. Sobiq prezident Barak Obama tomonidan tayinlangan sudya Ellison Berrouz shunday hukm chiqardi.
Berrouzning qayd etishicha, bunday qaror «status-kvoni saqlab qolish»ga yordam beradi. Biroq ish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilingani yo‘q, deb ta’kidlaydi OAV.
Shunday qilib, Oq uy universitetga Student and Exchange Visitor Program (SEVP) dasturini amalga oshirishga ruxsat beruvchi sertifikatni hali bekor qila olmaydi.
AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem 22 may kuni Harvard universitetini «zo‘ravonlik, antisemitizmni rag‘batlantirish va Xitoy Kommunistik partiyasi bilan muvofiq ishlashda» ayblab, SEVP sertifikatini bekor qilishni buyurgandi.
Makron yana G‘azo masalasini ko‘tardi
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron AQSh va Yevropa, Ukraina va G‘azo sektoridagi urushlarni tez orada hal etmasa, o‘z obro‘sini yo‘qotish va «ikkiyuzlamachilik»da ayblanish xavfi ostida qolishidan ogohlantirdi.
Makron bu gaplarni Singapurda o‘tkazilgan yillik yuqori darajadagi Osiyo mudofaa sammiti muloqotida aytdi. Tinglovchilar orasida AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset va mintaqaning yirik harbiy amaldorlari ham bor edi.
Makron G‘azodagi urush yuzasidan ikkiyuzlamachilik haqida gapirdi va G‘arb davlatlari Isroilga «erkin harakat qilish huquqini» bergandek taassurot uyg‘otganini tan oldi.
U o‘t ochishni to‘xtatish va Falastin davlatini o‘zaro tan olish yo‘lida ishlash muhimligini ta’kidladi: «Agar biz G‘azoni e’tibordan chetda qoldirsak, agar Isroilga erkinlik berilgan deb hisoblasak — hatto biz terrorchilik hujumlarini qoralasak ham — bu bizning butun dunyodagi obro‘yimizni o‘ldiradi».
So‘nggi haftalarda Fransiya Falastin davlatini tan olishga yaqinlashayotganini ko‘rsatmoqda. Keyingi oy Fransiya Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikda BMTda ikki davlat yechimini shakllantirishga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazadi.
Isroil esa Makronni keskin tanqid qildi — mamlakat tashqi ishlar vazirligi juma kuni shunday bayonot berdi: «Terrorchilarga bosim o‘tkazish o‘rniga, Makron ularga Falastin davlati hadyasini bermoqchi».
O‘tgan haftada esa Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu — Fransiya, Kanada va Britaniya rahbarlarini tanqid qilib, «insoniyatning noto‘g‘ri tomonida bo‘lish»da ayblagandi.
Xitoy Rossiyaga dron yetkazib berishni ko‘paytirdi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Xitoy Kiyev va boshqa Yevropa davlatlariga uchuvchisiz uchoqlar sotishni to‘xtatganini, biroq Rossiyaga yetkazib berishni davom ettirayotganini aytdi. Bloomberg maqolasida uning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda: «Xitoyning Mavic (odatda aerofotosuratga olishda foydalaniladigan, portlovchi moddalarni tashishga moslasha oladigan mashhur fuqarolik droni) rossiyaliklar uchun ochiq, lekin ukrainaliklar uchun yopiq», — deya uning so‘zlarini keltiradi Bloomberg. Qayd etilishicha, Zelenskiy bundan ikki kun avval jurnalistlar guruhi bilan gaplashgan. «Rossiya hududida Xitoy vakillari joylashgan ishlab chiqarish liniyalari mavjud», — deya qo‘shimcha qildi u.
Bloomberg tayangan nomi oshkor etilmagan yevropalik rasmiyga ko‘ra, Ukraina prezidentining so‘zlari Yevropa Ittifoqining o‘z baholariga mos keladi. Agentlik manbasining ta’kidlashicha, Xitoy, ehtimol, G‘arb xaridorlariga dron komponentlarini (masalan, dron dvigatellarida ishlatiladigan magnitlar) yetkazib berishni qisqartirgan, shu bilan birga, Rossiyaga yetkazib berishni ko‘paytirgan.
O‘z navbatida, Pekin urishayotgan tomonlardan biriga qurol yetkazib berishini muntazam ravishda rad etadi va harbiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin bo‘lgan ikki tomonlama mahsulotlar eksportini nazorat qilishini da’vo qiladi. «Xitoyning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasi izchil va aniq: biz urushni to‘xtatish va tinchlik muzokaralarini olg‘a surishga sodiqmiz», — deya Xitoy Tashqi ishlar vazirligining so‘nggi bayonotini keltiradi Bloomberg agentligi.
Mavzuga oid

17:16 / 30.05.2025
AQShning G‘azo bo‘yicha sulh bitimi va Rossiyaning Kiyevga yangi taklifi – kun dayjesti

13:12 / 29.05.2025
G‘azoga yordamni qurolga aylantirgan Isroil, Rossiyaga qarshi sanksiyalar haqida o‘ylayotgan Tramp va Kanada uchun 61 milliardlik «Oltin gumbaz» – kun dayjesti

13:40 / 28.05.2025
Talabalarga viza suhbatlarini to‘xtatgan AQSh, Isroilni tanqid qilgan kansler va Hayit kunini e’lon qilgan Saudiya – kun dayjesti

13:15 / 27.05.2025