Shavkat Mirziyoyev Haj ziyoratidagi o‘zbekistonliklardan xabar oldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Haj ziyorati uchun Makka shahrida bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga boshchilik qilayotgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi. Davlat rahbari hojilarning holidan xabar oldi, ular uchun yaratilgan sharoitlar haqida so‘radi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbari Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turgan vatandoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, nuroniylarning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi.
Muftiy hazratlari Haj amallarini sidqidildan, mukammal ado etish uchun barcha tashkiliy choralar ko‘rilganini ta’kidladi.
Ayni paytda 15 ming nafar hojilarimizning barchasi Saudiya Arabistoniga yetib borgan. Ularga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpazlar va boshqa mutaxassislar hamrohlik qilmoqda.
Bu yil, O‘zbekiston tomonining talabiga muvofiq, Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘ralgan, sovutish tizimi o‘rnatilgan, gilam va to‘shaklar solingan. Bu hozirgi yoz kunlarida ziyoratchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Muftiy Nuriddin Xoliqnazar prezidentga ulug‘ ibodat fayzi bilan yurgan hojilarimizning salomi va duolarini yetkazdi. Shavkat Mirziyoyev barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi.
Davlat rahbari muhtaram hojilar O‘zbekistonga qaytgach, mahallalarda ijtimoiy muhitini mustahkamlash, ehtiyojmand insonlarga ko‘mak berish, yoshlarni ilm-ma’rifatga targ‘ib etishda namuna ko‘rsatishlariga umid bildirdi.
Mavzuga oid

21:05 / 30.05.2025
Rasman: Qurbon hayiti 6 iyunda nishonlanadi

20:50 / 30.05.2025
Prezident global siyosiy jarayonlar sharoitida Italiya bilan muloqot maydonini yaratish nihoyatda zarurligini ta’kidladi

20:07 / 30.05.2025
Markaziy Osiyo va Italiya rahbarlari Ostonada hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldi

08:10 / 30.05.2025