Jahon | 18:35 / 02.06.2025
3221
3 daqiqa o‘qiladi

Istanbulda Rossiya-Ukraina muzokaralari yopiq eshiklar ortida o‘tdi

Turkiyadagi tadbir bir soatdan ko‘proq davom etdi, ishtirokchilar hech qanday bayonot bermadi.

Foto: TASS

Ukraina va Rossiya delegatsiyalari Istanbuldagi Charog‘on saroyida uchrashdi. Avvalgidek, Rossiya delegatsiyasiga prezident maslahatchisi Vladimir Medinskiy, Ukraina delegatsiyasiga esa mudofaa vaziri Rustem Umerov boshchilik qildi.

Ukraina delegatsiyasi tarkibida 16 may kuni bo‘lib o‘tgan avvalgi muzokaralar bilan solishtirganda o‘zgarishlar yuz berdi. Bu safar delegatsiya tarkibiga Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi vakili Oleksiy Malovatskiy kiritilmadi. Ammo Ukraina tomonidan muzokarachilarga Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i o‘rinbosari Yevgeniy Ostryanskiy, Oliy Rada Ombudsmani vakili Yuriy Kovbasa va Bosh shtab yuridik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Andrey Fomin ham qo‘shildi.

Rossiya delegatsiyasi tarkibi o‘zgarmadi.

Muzokaralar boshlanishidan oldin Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan so‘zga chiqdi. Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi bosqichida «juda muhim qadamlar qo‘yilganini» qayd etgan Fidan, ikkinchi bosqichda o‘t ochishni to‘xtatish, asirlar almashinuvi va Rossiya bilan Ukraina rahbarlari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilinishini aytdi. Fidan, shuningdek, «eng qisqa vaqt ichida muzokaralarda aniq taraqqiyotga» umid bildirdi.

Muzokaralarning o‘zi ham yopiq eshiklar ortida o‘tdi, ishtirokchilar hech qanday bayonot bermadi.

16 mart kuni Istanbulda Rossiya va Ukraina delegatsiyalarining 2022 yildan buyon ilk uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda «1000 ga 1000» formulasi bo‘yicha mahbuslarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Rossiya 2 iyun kuni Istanbulda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarning ikkinchi raundini o‘tkazishni taklif qildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Sergey Lavrovning ta’kidlashicha, Moskva muzokaralar uchun memorandum tayyorlagan, u «inqirozning asosiy sabablarini ishonchli tarzda bartaraf etishning barcha jihatlari bo‘yicha» o‘z pozitsiyasini ifodalaydi. Ukraina muzokaralarga darhol rozi bo‘lmadi va Rossiyadan memorandumni oldindan topshirishini talab qildi. Ukraina tomoni muzokaralar boshlanishidan oldin Rossiya delegatsiyasiga o‘z memorandumini taqdim etdi. Muzokaralarda Rossiya memorandumi taqdim etilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid