Sirtdan qamalgan prezident, hayit oldidan go‘shtga reyd va qimmatlab ketgan kartoshka
Tojikistonda Dushanbe politsiyasi Qurbon hayiti oldidan go‘sht narxlarini tekshirish uchun reyd o‘tkazib, 10 kishini ro‘yxatga oldi. Qozog‘istonda kartoshka qimmatlab, vazirlik bunda O‘zbekistonni ham aybladi. Qirg‘iziston sobiq prezidenti Atambayev sirtdan qamaldi. Turkmanistonda paxta dalasida ishlayotganlarni suratga olgan fuqaro ushlanib, so‘roq qilindi. Qozog‘iston vertolyot va dron ishlab chiqaruvchi zavod ochyapti. Afg‘onistonda narkotik moddalarni muntazam iste’mol qiluvchi 200 nafar fuqarolar davolanib chiqdi.

Dushanbe politsiyasi savdogarlarni jarimaga tortdi
Qurbon hayiti oldidan Tojikistonda Dushanbe shahar politsiyasi tekshiruv o‘tkazib, maxsus guruhlar go‘sht narxini sun’iy oshirib yuborganlarni qo‘lga tushirdi va jarimaga tortdi.
Ramazon oyida ham poytaxtda narx-navoni nazorat qiluvchi tekshiruvchilar guruhi tuzilgandi. Dushanbe shahar politsiya boshqarmasiga ko‘ra, Qurbon hayiti bo‘lgani uchun go‘sht narxini oshirgan 10 kishi jarimaga tortilgan.
Hisobotda sotuvchilar go‘shtni qaysi bozorlarda sotgani, narx qanchaga oshirilgani va jarima miqdori aniqlanmagan. Biroq ularning barchasi “moddiy manfaat olish uchun vaziyatdan foydalangani” qayd etilgan.
Tojikistonda bu yil Qurbon hayiti oldidan bir kilogramm tirik vaznning narxi hayvonning jinsi, yoshi va semizligiga bog‘liq - 45 dan 60 somoniygacha sotildi. Bu 58 mingdan 77 ming so‘mgacha degani. Narxlar o‘tgan yilga nisbatan 10-15 foizga yuqoriladi. Go‘shtning sof vazniga kelsak, tannarxi kilogrammiga 80-110 somoniyga yetgan. Bu 103 mingdan 142 ming so‘mgacha degani. Bir buqa 595 kilogramm tirik vazni bilan 31500 somoniyga baholandi, bu qariyb 41 million so‘m degani.
Almazbek Atambayev 11,5 yilga sirtdan qamaldi
Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayev 11,5 yilga sirtdan ozodlikdan mahrum qilinib, barcha davlat mukofotlaridan ayrildi. Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi Atambayevni bir qator jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topdi va sirtdan 11,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.
Ma’lum qilinishicha, sud majlisi sudya Aziret Mederov raisligida o‘tkazilgan. Atamboyev Chuy viloyatining Qo‘y-Tosh qishlog‘ida yer uchastkalarini noqonuniy olishda, shuningdek, Bishkek issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilishda korrupsiya, bundan tashqari, Qo‘y-Tosh qishlog‘ida ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda aybdor deb topilgan. Sobiq prezidentga nisbatan mol-mulkini musodara qilish va barcha davlat mukofotlaridan mahrum etish jazosi ham belgilangan. Atambayev bilan birga “Qo‘y-Tosh voqealari” bo‘yicha Prezident devonining sobiq rahbari Farid Niyozov va Qirg‘iziston Jogorku Keneshining sobiq deputati Ravshan Jyeenbekov 7 yilu 8 oyga, yana bir sobiq deputat Irina Karamushkina esa 7 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan.
Sobiq deputatlar Asel Koduranova 3 yillik, Meyorbek Miskenbayev 5 yillik, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi 9-xizmatining sobiq xodimi va Atambayevning sobiq tansoqchisi Kanat Sagimbayev 5 yillik, jurnalist va Atambayev tarafdori Qunduz Joldubayeva 5 yillik probatsiyaga tortilgan.
Aprel oyida Atambayev Batukayev ishi bo‘yicha aybdor deb topilgan, biroq da’vo muddati o‘tgani sababli jazodan ozod etilgandi.
Atambayev 2011-2017 yillarda Qirg‘iziston prezidenti lavozimida ishlagan va 2019 yil iyunida prezidentning daxlsizligi huquqidan mahrum etilgan. Hibsga olinganidan so‘ng unga qarshi bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
2020 yil 23 iyunda Bishkekning Pervomaysk tuman sudi Atambayevni 2013 yilda jinoiy avtoritet Aziz Batukayevni noqonuniy ozod qilish ishi bo‘yicha mol-mulkini musodara qilgan holda 11 yilu 2 oyga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etgan edi.
Qozog‘istonda kartoshka narxlari 32,000 so‘mgacha qimmatladi
Qozog‘istonda kartoshka narxi oshdi. Milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin esa buning sababini O‘zbekistondan izlagan. Mahalliy qozoq nashri – Tengri.news'ga ko‘ra, vazir narxlarning oshishini uchta davlatda hosil yaxshi bo‘lmagani sababli sabzavotlar eksport qilingani bilan bog‘ladi.
Talab va taklif qonuni mavjud. Belarusda ham, Rossiyada ham, O‘zbekistonda ham kartoshka hosili yaxshi bo‘lmagani sababli kartoshka bilan shunday holat yuzaga keldi. Qozog‘istonda yetarli darajada katta zaxiralar bor edi, biz o‘tgan yili ularni shakllantirgan edik. Biroq fermerlar ham daromad ko‘rishi kerak edi, shu bois ma’lum vaqt davomida kartoshka eksportiga to‘sqinlik qilmadik. Bizda kartoshka taqchilligi yo‘q, lekin narx ko‘tarildi, dedi Serik Jumangarin.
Vazir hukumatning ikki yo‘li borligini ma’lum qildi. Birinchisi — kartoshka narxini cheklash, shunda “bu yil uni hech kim ekmaydi va kelasi yili aniq taqchillik kuzatiladi”. Ikkinchi yo‘l — kartoshka eksportini cheklash, amalda shunday qilingan ham.
Ammo biz narxlarni cheklamadik. Chunki bu bozor tamoyillariga zid bo‘lgan choralar bo‘lardi. Hozir kartoshka 400-600 tenge atrofida turibdi. Turkistonda yangi kartoshka paydo bo‘ldi, uning narxi 200-300 tengedan boshlanmoqda. O‘ylaymanki, hozir narx barqarorlashadi. Bizda do‘konlarda kartoshka bo‘lmagan biror holat kuzatilmadi. Masala narxda, lekin shunga yarasha talab ham bo‘ladi, dedi amaldor.
Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, narxi 1300 tenge, ya’ni 32 ming so‘m atrofida bo‘lgan yangi kartoshka Turkiston viloyatida plyonka ostida yetishtirilmoqda. Uning narxi yuqoriligiga yetishtirish texnologiyasi va «jozibador» ko‘rinishi sabab bo‘lyapti.
2025 yilda Qozog‘iston atigi 15 ming tonna yuqori sifatli kartoshka yetishtirgan. Oddiy kartoshka 2,6 million tonnani tashkil etgan. Qozog‘istonda ikkinchi non taqchilligi yo‘q, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.
Qirg‘iziston parlamenti deputatlarga xorijga chiqishni taqiqladi
Qirg‘iziston parlamenti deputatlarga davlatma-davlat safarda yurishni taqiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, Jokorgu kenesh deputatlari mehnat ta’tiliga chiqquncha xorijiy va ichki xizmat safarlaridan tiyilishi kerak. Bu haqida mahalliy qirg‘iz nashri – 24.kg xabar bermoqda. Parlamentning navbatdagi sessiyasi butunlay yakunlanishi uchun hali 6 ta majlis o‘tkazilishi kerak, 26 iyun kuni sessiya yopiladi. Undan deputatlar 2 oy ta’tilga chiqishadi, 1 oy davomida saylovchilar bilan uchrashishadi va 1 oy yana dam olishadi. Parlament spikeri Nurlanbek Turg‘unbek biror deputat xorijga chiqish ruxsatini ololmasligini e’lon qildi.
Ayniqsa, fraksiya va deputatlar guruhlari rahbarlari, qo‘mita raislari, barcha xorijiy va ichki xizmat safarlarini, hatto taklif etayotgan tomon to‘laydigan xizmat safarlarini ham bekor qiling.
Hech kimga ruxsat berilmaydi. Xafa bo‘lmang. Bizda juda muhim qonun loyihalari bor, kvorum bo‘lishi kerak, degan spiker.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish kerakki, Qirg‘iziston parlamentida deputatlarning xizmat safarlarida yurishi tez-tez taqiqlanib turadi. O‘tgan yilning iyun oyida ham muhim qonun loyihalari borligi sabab deputatlarning safarga ketishi cheklangandi.
Paxta dalasidagilarni rasmga olgan fuqaro qo‘lga olinib, so‘roq qilindi
Turkmaniston paxta dalalarida ishlayotgan budjet xodimlari, bog‘cha opalarni rasmga olgan fuqaro qo‘lga olinib, tergov qilindi. Davlat bundan buyon dalada ishlayotganlarni rasmga olmaslikni ta’minlash topshirig‘ini bergan. Majburiy mehnatda ishlayotganlarni rasmga olgan fuqaroning esa telefoni olib qo‘yilib, undan bu rasmlarni kimga, nima maqsadda jo‘natishi so‘ralib, jiddiy so‘roq qilingan. Bu haqida muxolif turkman nashri – Turkman.news xabar bergan. Yodingizda bo‘lsa, bundan 2 ta son oldingi dasturimizda Turkmanistondagi majburiy mehnat va bu qayd etilgan xalqaro hujjatlar haqida gaplashgandik. May oyi oxirida inson huquqlari bo‘yicha turkman tashabbusi «Progress» jamiyati va Sotton campaign e’lon qilgan xulosada, Turkmaniston hali-hanuz yosh bolalarni ham, davlat xodimlarini ham dalaga haydayotgani yozilgandi.
Turkman politsiyasi may oyining oxirida dalada mehnat qilayotgan davlat xodimlarini video va rasmga olayotgan fuqaroni qo‘lga tushirgan. Holat Mary viloyati, Vekilbazar etrapi, Gara-oba qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Budjet sohasi xodimlari 20 gektar dalani begona o‘tlardan tozalash uchun majburan shahardan olib kelingan. Nashrga ko‘ra, yer yoki hokimlikda o‘tirganlarniki yoki prokurorniki.
Telefonida rasm va videoga olgan fuqaro 47 yoshda, u ushlanib Vekilbazar politsiyasiga olib ketilgan. So‘roq oxirida u tushuntirish xati yozib, bunday holat takrorlanmasligiga va’da bergan. Rahbariyat brigadir va agronomlarga endi dala atrofida bunday rasm va videoga oluvchilarni yaqinlashtirmaslik topshirig‘ini berdi. Turkmen.news'ga ko‘ra, o‘shandan beri bu dalaga budjet xodimlari olib kelinmayapti, dalani esa begona o‘t bosib ketdi.
200 nafar narkotik moddalarni doimiy iste’mol qiluvchilar davolanib chiqdi
Afg‘onistonda 200 nafar narkomanlar davolanib, o‘z uyiga qaytdi. Poytaxt Kobulda ularning davolanishi yakunlashi munosabati bilan tantanali tadbir tashkillashtirilgan, bu haqida mahalliy afg‘on nashri – Tolo.news xabar berdi. Tadbirda "Tolibon”ning sog‘liqni saqlash vazirligidan vakil – Abdul Vali Haqqoniy qatnashib, so‘zga chiqqan. 200 kishi erishgan yutuqni olqishlagan. Ammo bu davolanishning oxiri emas, oila a’zolari bu shaxslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishi kerak, degan vazirlikdan kelgan mehmon.
Ma’lum qilinishicha, Afg‘onistonda bugun 67 ta giyohvandlikka mukkasidan ketganlarni davolash markazlari faoliyati ko‘rsatmoqda. Shundan 46 tasi kattalar, 14 tasi ayollar va 2 tasi bolalar uchun ishlamoqda. Markazda 45 kun davolangan Favodilloh ismli shaxsga ko‘ra, psixologlarning tinimsiz muloqoti, vaqtida dori-darmon va ovqatlar berishi ularni tuzatgan.
Eslatib o‘tamiz, «Tolibon» narkotik moddalar yetishtirish va sotishni, uning iste’molini taqiqlagan bo‘lsa-da, Afg‘oniston hali-hanuz bu borada yetakchi mamlakatlardan bo‘lib kelmoqda.
Mavzuga oid

12:40 / 01.06.2025
Mintaqaning xavotirli kelajagi, qirg‘izlarning sigaretga taqiqi va kuzatuvchilarga yopiq Dushanbe aeroporti

13:50 / 25.05.2025
Maoshi oshayotgan qirg‘izlar, to‘xtatilgan layk javobgarligi va «qora» turkman paxtasi

10:57 / 11.05.2025
Jahli chiqqan Japarov, matbuotdagi “jiddiy ahvol” va g‘alaba paradlari – Markaziy Osiyo hafta ichida

12:42 / 04.05.2025