Jahon | 14:05 / 22.06.2025
4787
11 daqiqa o‘qiladi

Xitoy va Rossiyaning «saxiyligi», toksiz Bishkek va «Rosatom»ga berilgan AES

Xitoy Markaziy Osiyoga 1,5 mlrd yuan miqdorida beg‘araz grant ajratadi, Rossiya esa Tojikistonning qariyb 300 million dollarlik qarzidan kechdi. Qozog‘iston AES qurishni baribir Rossiyaga topshirmoqda, Xitoy-Fransiya-Koreya variantlari rad etildi. Qirg‘iziston poytaxti to‘liq elektrdan uzilib qoldi, parlament yig‘ilishi zulmatda o‘tkazilgan. Tojikiston prezidenti hamkasblariga muzlar erib ketayotganidan xavotirini bildirdi. Turkmaniston Erondan fuqarolari va diplomatlarini olib chiqmoqchi bo‘lganlarga yordam berib, chegarasini ochib qo‘ydi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Xitoy grant ajratadi

Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari uchun 1,5 mlrd yuan, ya’ni taxminan $209 mln dollar beg‘araz grant ajratadi. Bu aholi farovonligini oshirish bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi. Bundan tashqari, Xitoy yaqin ikki yil ichida MOga kasbiy tayyorgarlik kurslari uchun 3 mingta kvota ajratmoqchi.

Bu haqida Xitoy raisi Si Tszinpin shu hafta Ostonada o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammitida e’lon qildi.

“Biz shu yili Markaziy Osiyo mamlakatlariga aholi farovonligini oshirish va o‘z taraqqiyotiga ko‘maklashish bo‘yicha beshta mamlakatning muhim loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga 1,5 milliard yuan miqdorida beg‘araz grant taqdim etishga tayyormiz”, — degan Xitoy raisi.

Qozoq nashrlarining yozishicha, Si Tszinpin Xitoy universitetlarida Markaziy Osiyo mamlakatlari tillarini o‘rganish kurslarini ochishni ham taklif qilgan. 

Xitoyning bu besh mamlakat bilan savdosi qariyb 100 mlrd dollarga yetdi. The Astana Times’ning yozishicha, 2023 yilda Tsian shahridagi sammitdan beri mintaqaning Xitoy bilan savdosi 35%ga ko‘paygan. Qo‘shma korxona va loyihalar soni esa 10 mingdan oshgan.

Qozog‘iston prezidentiga ko‘ra, ayni paytga kelib Xitoy va Markaziy Osiyo aloqalari abadiy strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan.

Si Tszinpinning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy besh davlatda jinoyatchilikka qarshi kurash va kiberxavfsizlik masalalari bo‘yicha ham yordamini taqdim etadi. Xitoy xalqaro adolatni o‘rnatish tarafdori, gegemonizmga qarshimiz, deydi Tszinpin.

Qirg‘iziston prezidenti o‘z chiqishida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li loyihasini eslatib o‘tgan.

Tojikiston rahbari Imomali Rahmon yana muzliklarni saqlash haqida gapirib, ekologiya masalalarini ko‘targan.

Prezident Mirziyoyev esa Markaziy Osiyo – Xitoy uzluksiz savdo platformasi yo‘lga qo‘yilganini qo‘llab-quvvatlagan. Sammit abadiy yaxshi qo‘shnichilik shartnomasi imzolanishi bilan yakunlangan.

Rossiya Tojikiston qarzidan kechdi

Xitoy mintaqaga pul berarkan, Rossiya qarzlardan kechmoqda. Masalan, Putin Tojikistonning 300 million dollarlik qarzidan kechdi. Rossiya va Tojikiston “Sangto‘da GES-1” qo‘shma korxonasi oldidagi elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha to‘plangan qarzni bosqichma-bosqich hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Buni Tojikiston parlamenti ommaga e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, Rossiya oldidagi qarzning umumiy miqdori 300 million dollarga teng. Shu yil aprel oyi oxirida Rossiya energetika vaziri va Tojikiston energetika vaziri hujjat imzolagan. Ushbu hujjatda esa qarzdorlik 2034 yilgacha bosqichma-bosqich bekor qilinishi belgilangan.

Aslida Rossiya Tojikiston aholisining elektr energiyasini dotatsiya qilmoqda. 670 MVt quvvatga ega “Sangto‘da GES-1” mamlakatda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qariyb 12 foizini ta’minlaydi. Stansiya ishlab chiqarayotgan energiyaning yagona xaridori “Barqi tojik” davlat energetika holdingi hisoblanadi.

Loyihaning umumiy hajmi 847 million dollar. Investitsiyalarni qaytarish muddati 20 yildan 35 yilgacha — 2048 yilgacha uzaytirilgan.

Ta’kidlanishicha, hujjat bilan elektr energiyasini sotib olish tariflari masalasi ham tartibga solindi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning «saxiyligi» faqat Tojikiston uchun emas. Moskva shu yilning bahorida asosiy ittifoqchisi – Belarus kreditlari muddatini ham cho‘zib berdi. Endi Belarus Rossiyadan olgan qarzlarini 12 yilgacha kechiktirib to‘lashi mumkin. Hukumatlararo kelishuvga muvofiq, Belarus qarzi bo‘yicha to‘lovlar 2031 yildan 2036 yilgacha bo‘lgan davrga ko‘chiriladi. Qarzning umumiy summasi 800 million dollarga baholanmoqda.

2023 yilda Rossiya Kubaga ham ikkita elektr stansiyasi qurilishi uchun ajratilgan 1,2 milliard yevrolik kredit to‘lovlarini kamida besh yilga kechiktirdi. Bundan tashqari, Moskva allaqachon Kubaning 32 milliard dollarlik qarzidan ham voz kechgan.

O‘tgan yili Rossiya Gvineya Bisauning 26,7 million dollarlik qarzidan kechdi, yana 940 ming dollari qayta tuziladi. Shunday choralar avvalroq Somaliga nisbatan ham ko‘rilgan, unga 691 million dollarni qaytarmaslikka ruxsat berilgandi. Umuman olganda, Rossiya Afrika davlatlarining 20 milliard dollarlik qarz majburiyatlarini bekor qilgan.

Zulmatda qolgan Bishkek

Bishkekda blekaut sodir bo‘lib, poytaxt elektrsiz qoldi. 18 iyun kuni Bishkek elektr ta’minotida keng ko‘lamli uzilish sodir bo‘ldi. Davlat energetika vazirligiga ko‘ra, 18 iyun kuni Bishkekka xizmat ko‘rsatuvchi yirik nimstansiyada avariya yuz bergan. Oqibatda shahar elektr ta’minotidan uzilib qoldi. Mahalliy matbuotga ko‘ra, ko‘pgina hududlarda suv ta’minoti yo‘qoldi, chunki nasos stansiyalari ham elektr energiyasi bilan ishlaydi. Ba’zi uyali aloqa operatorlari aloqadan va internetdan foydalanish imkoniyatini chekladi.

Jogorku Kenesh, ya’ni parlament sessiyasi zulmatda o‘tkazildi. Deputatlar Adliya masalalari bo‘yicha kengash a’zolarini qorong‘ida saylashga majbur bo‘ldi.

Bishkek shahri IIB butun shaxsiy tarkibni, shu jumladan ikkinchi smenani ham oyoqqa turg‘azgan. Xodimlar shahardagi chorrahalarda harakatlanishni tartibga solish uchun yo‘naltirildi. Bank ilovalari ishlamay qoldi, kassa apparatlari ishlamayotgani uchun do‘konlar faoliyati ham to‘xtagan. Kechga yaqin elektr energiyasi ta’minoti tiklandi.

Qozog‘istonda AESni baribir Rossiya quradi

Qozog‘iston birinchi atom elektrostansiyasini qurishni baribir Rossiyaga topshirishga qaror qildi. O‘tgan yili bu borada qo‘shni davlatda referendum o‘tkazilib, AES qurishni xalq ma’qullagan edi. Biroq bu energetik inshootni kim quradi, degan savol hali-hanuz muhokamada edi. Variantlar ichida Rossiyadan tashqari, Xitoy, Koreya Respublikasi va Fransiya bor edi. Faollar Fransiya va Koreya variantlarini siyosiy shartlarsiz bo‘lgani uchun ko‘proq qo‘llagan, biroq yakuniy qarorga ko‘ra AESni RosAtom quradigan bo‘ldi.

Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi Qozog‘istonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha xalqaro konsorsium yetakchisi deb topilgan. Buni Qozog‘iston Atom energiyasi agentligi tasdiqladi.

Shuning bilan mamlakat o‘zining birinchi atom elektr stansiyasini qurish uchun hamkor tanlashni yakunladi. Xitoy, Fransiya va Koreyaning taklif etilgan kompaniyalari ham materiallarning to‘liq to‘plamini — taxminiy narx va amalga oshirish muddatlaridan tortib mahalliylashtirish, kadrlar tayyorlash va yadro-yoqilg‘i siklida ishtirok etish ssenariylarigacha taqdim etgan edi.

Idoralararo komissiya barcha arizalarni integratsiyalashgan baholashni ko‘rib chiqib, «Rosatom» takliflarini Qozog‘iston uchun eng maqbul va foydali deb topgan. Xitoy kompaniyasi taklifi ikkinchi o‘rinni, Fransiya uchinchi, Koreya kompaniyasi esa to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

Atom energiyasi agentligi raisi Almasadam Satkaliyevning aytishicha, Qozog‘iston Xitoy bilan alohida – ikkinchi AESni qurish bo‘yicha hamkorlik qilmoqchi. Bu borada Xitoy tomoni bilan alohida muzokaralar o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston boshqa takliflarsiz ham «Rosatom» bilan AES qurishni tanlagan.

Turkmaniston Erondan evakuatsiyaga yordamlashdi

Eron-Isroil urushi oqibatida fuqarolarini Erondan olib chiquvchi davlatlarga Turkmaniston yordam ko‘rsatmoqda, aniqrog‘i qo‘shni davlatlarga. Masalan, O‘zbekiston o‘z fuqarolari va diplomatlarini Turkmaniston orqali evakuatsiya qildi. Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Ruminiya va boshqa davlatlardan 120 nafarga yaqin fuqarolar Turkmaniston davlat chegarasini nazorat-o‘tkazish punktlari orqali kesib o‘tgan. Ya’ni, Turkmaniston orqali o‘z yurtiga chiqib ketgan.

Yetib kelganlar transport, oziq-ovqat, mehmonxonalar, eng zarur mahsulotlar bilan ta’minlangan.

Gumanitar missiyani amalga oshirish doirasida Turkmanistonning tegishli davlat organlari xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilib kelyapti.

Vazirlik Turkmaniston insonparvarlik, xalqaro hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga sodiqligini amalda tasdiqlashini bildirdi. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi esa 30 dan ortiq fuqarolarini Turkmaniston va Ozarboyjon orqali Erondan olib chiqqanini e’lon qilib, ikki davlatga minnatdorlik bildirdi.

«Tolibon» Xitoy bilan neft shartnomasini bekor qildi

Mahalliy afg‘on nashrlariga ko‘ra, Kon va neft vazirligi Xitoy kompaniyasi bilan 25 yillik neft shartnomasini bekor qilgan. Gap Amudaryo neft konini qazib olish bo‘yicha erishilgan shartnoma haqida ketmoqda. U Xitoyning Afchin kompaniyasi bilan 25 yilga tuzilgan edi. «Tolibon» mazkur kompaniyani shartnoma shartlarini bir necha bor buzganlikda ayblagan.

Shartnoma buzilishi holatlarini tekshirish uchun qo‘shma komissiyalar tuzildi, natijada bu komissiyalar Afchin kompaniyasining bir necha bor qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yganini va o‘z majburiyatlarini bajarmaganini aniqladi, deyiladi Afg‘oniston Kon va neft vazirligi bayonotida.

«Tolibon» Afchin bilan tuzilgan shartnomaning huquqiy jihatlarini ko‘rib chiqish va hisob-kitoblarni aniqlashtirish uchun xalqaro konsalting kompaniyalariga murojaat qilmoqchi.

Shartnomani imzolash chog‘ida «Tolibon» Xitoy kompaniyasi bir yil ichida 150 million dollar va keyingi uch yilda 450 million dollar sarmoya kiritishini aytgandi. «Tolibon»ga ko‘ra, Saripul va Faryob viloyatlarida joylashgan Amudaryo neft havzasida 4500 kvadrat kilometr maydonda 87 million tonna tasdiqlangan neft bor.

Mavzuga oid