Jahon | 14:42 / 10.06.2025
3257
2 daqiqa o‘qiladi

Isroilda Netanyahuning sog‘lig‘iga oid tafsilotlarni oshkor etish talab qilindi

Jamoatchilik harakati bosh vazir idorasini ma’lumotni yashirganlikda aybladi: «U kasal va shifokorsiz safar qila olmaydi».

Foto: Reuven Kastro/Flash90

Isroilning «Axborot erkinligi» harakati bosh vazir Binyamin Netanyahuning sog‘lig‘i bo‘yicha batafsil va mustaqil tibbiy hisobotni chop etishni talab qildi, deb xabar berdi Channel 12 9 iyun kuni.

Hidday Negev harakati raisi bosh vazir devonini tibbiy tafsilotlarni oshkor etishdan bosh tortgani uchun keskin tanqid qildi. Uning eslatishicha, bosh vazirning sog‘lig‘i haqidagi so‘nggi ma’lumotlar 2025 yilning fevralida e’lon qilingan. Unda Netanyahu 2023 yil iyulida o‘rnatilgan kardiostimulyatoriga to‘liq bog‘liq emasligi va yurak yetishmovchiligi alomatlari yo‘qligi aytilgan.

«Netanyahu 75 yoshdan oshgan. Uning jismoniy va kognitiv holati haqida noaniqlik bor. Mustaqil, batafsil va oshkora tibbiy hisobot taqdim etilishi kerak», — dedi Negev.

Harakatga ko‘ra, 2023 yildan buyon bosh vazirga barcha xorijiy, xususan AQShga safarlarida shifokorlar guruhi hamrohlik qiladi.

Maqolada Yevropa kardiologiya jamiyatining sobiq prezidenti, kardiolog professor Yyexuda Adlerning fikri ham keltiriladi. U shunday dedi: «Netanyahuda yurak xastaligi bor. Kardiostimulyator bekorga o‘rnatilmagan — bu qurilma hayotni saqlab qoladi. Agar u to‘satdan buzilib qolsa, yaqin atrofda shifokor bo‘lishi juda muhim masalasidir».

Binyamin Netanyahu Isroil tarixidagi eng uzoq muddat lavozimini egallab kelayotgan bosh vazirdir. Unga 2023 yil iyul oyida kardiostimulyator o‘rnatildi va 2024 yil dekabrida prostata bezi operatsiya qilindi.

Mavzuga oid