Jahon | 21:22 / 29.07.2025
5089
6 daqiqa o‘qiladi

HAMASga ta’siri eng kuchli davlatlar qaysilar?

Isroil HAMASni Eronning proksi guruhlaridan biri deb biladi. Tehron G‘azodagi guruhni ham harbiy, ham moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashini ikkala tomon ham ochiq e’tirof etadi. Lekin HAMASning Eronga bog‘liqligi yoki undan mustaqilligi qay darajada? “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Zokir Usmonov shu haqda so‘z yuritdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— G‘azo mojarosida Eronning roli qanchalik mavjud, HAMASni Tehronning proksi guruhi deb atash asoslimi?

Kamoliddin Rabbimov: HAMASni to‘laqonli Eronning proksi guruhi deb ayta olmayman. Birinchidan, HAMAS bu sunniy guruh, ikkinchidan Eron bilan aloqalari yaxshi, lekin to‘laqonli Eronning loyihasi emas. Faqatgina ularning dushmani bir – Isroil.

Isroil HAMASni terroristik guruh deydi, lekin 1947-48 yildan beri hududda muttasil falastinliklarni o‘ldirib, terror degan atamaga mos harakatlar qilayotgan kuch bu – Isroil. Xalqaro huquqni eng ko‘p buzgan davlat – Isroil. BMT Bosh assambleyasining ko‘plab rezolyutsiyalaridan birortasiga amal qilmaydi, o‘z siyosatini davom ettiraveradi, chunki BMT Xavfsizlik kengashida Amerika bor. Shu vaqtgacha BMT XKda AQSh qo‘llagan vetolarning 80 foizi Isroilni himoya qilish bilan bog‘liq.

Bir vaqtlar, ya’ni 1960-70 yillarda Falastindagi ozodlik uchun kurashgan guruhlar terroristik usullardan foydalanar edi. SSSR davrida arab millatchiligi va sotsializm qorishib ketdi: Isroilga qarshi terrorizmning birinchi to‘lqini marksist, sotsialist va dunyoviy arablar tomonidan amalga oshirilgan. Lekin 1970-yillardan boshlab, Islom dini qarshilik ko‘rsatish mafkurasi sifatida talqin qilina boshladi va diniy ekstremizm, diniy terrorizm paydo bo‘ldi. Buni inkor qilib bo‘lmaydi.

Lekin keyingi o‘n yilliklardagi o‘yin qoidasiga ko‘ra, HAMASga homiylik qiluvchi kuchlar terror usulidan foydalanmaslikni talab qilyapti. Chunki bu qarshilik harakatiga muvaffaqiyat keltirmaydi, axir Isroil – texnologik jihatdan qudratli davlat.

HAMASga qaysi davlatning ta’siri ko‘proq deydigan bo‘lsak, birinchi o‘rinda Qatar turadi. Ikkinchi o‘rinda balki Turkiya turar. Eron uchinchi o‘rinda turishi mumkin.

Zokir Usmonov: Ma’lumotlarga ko‘ra, HAMASning 70 foiz moliyasi Eron tomonidan yetkaziladi. Shuning uchun ham juda ko‘plab arab davlatlari HAMASni qo‘llamaydi.

Eron ham Isroilga qarshi, ham arab davlatlariga o‘z g‘oyalari va ta’sirini yoyish maqsadida proksi kuchlardan foydalanib keldi. Arab davlatlari esa Erondan xatar kutgani uchun AQSh bazalarini joylashtirgan.

Eron – teokratik totalitar davlat. Internetni cheklash, inson huquqlarini buzish bo‘yicha juda ko‘plab sanksiyalarga uchragan. Ruxolla Xomeyni hokimiyatga kelgan ilk yillarida minglab odamlarni repressiya qilgan. Hozir ham juda ko‘plab qo‘zg‘olonlar kuch bilan bostiriladi. Eron islomiy davlat, lekin islomiy davlat atrofidagi qo‘shnilarini gijgijlab, mintaqaviy beqarorlik va ishonchsizlikka olib keladigan turli loyihalar qilishi to‘g‘rimi?

Kamoliddin Rabbimov: Sizning savolingizdan bir savol chiqbi keladi: mintaqada Eron birlamchi muammomi yoki Isroilmi?

1979 yilda inqilob bo‘lishidan oldin shoh Muhammad Rizo Pehlaviy davrida Isroilni birinchi bo‘lib tan olgan davlatlardan bittasi Eron edi. Erondagi ichki omillar sabab u yerda hokimiyat o‘zgardi. Lekin 1967 yilgi chegaralarni buzgan davlat qaysi? O‘ziga qo‘shni 7 ta davlatga bostirib kirgan Isroilmi, Eronmi? Eron qaysi qo‘shni davlatga bostirib kirdi?

Zokir Usmonov: Bostirib kirishi shart emas, proksi urush yurityapti-ku.

Kamoliddin Rabbimov: Hammasini Eronga bog‘lab qo‘yayapsiz-da. Birinchi fundamental muammo – Isroilning o‘zi. Chunki xalqaro huquqni Eron ko‘p buzgani yo‘q. Xalqaro huquq doirasida gapiradigan bo‘lsak, BMT Bosh Assambleyasining sanksiyalari asosan Isroilga qarshi.

Arab davlatlarining bo‘linishiga kelsak, Eronda inqilob bo‘lishidan oldin, sovuq urush davrida arab davlatlari ikkiga bo‘lingan edi: hamma monarxiyalar Amerikaning tarafdori, nisbatan progressiv bo‘lgan davlatlar sovet ittifoqining ittifoqchilari edi: Suriya, Iroq, Liviya, qisman Misr...

Zokir Usmonov: Eron xatar bo‘lmasa, nima uchun arab davlatlari AQSh bazalarini joylashtirgan?

Kamoliddin Rabbimov: Amerika bazalari faqat Eronga qaratilgan emas. Arab davlatlari ichidagi bo‘linishlarda, birinchi bo‘lib Saddam Husayn Kuvaytga bostirib kirdi. Qolaversa, dunyoda eng ko‘p harbiy bazalarga ega davlat – AQSh. Sovuq urush davrida AQSh tomonida bo‘lgan arab davlatlari o‘z hududiga Amerika bazalarini joylashtirishi tabiiy holat. Chunki aynan AQSh – dunyoda muttasil urush qilayotgan davlat.

Angliya o‘zining davrida – 19-asrda eng demokratik davlat edi, lekin eng imperialistik davlat ham edi. Bugungi kunda eng demokratik davlat ham Amerika, tashqi siyosatda eng agressiv davlat ham Amerika.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid