Raqobat qo‘mitasi Beeline kompaniyasiga abonent to‘lovi masalasida ko‘rsatma berdi
Beeline'ning 10 dan ortiq tarif rejalarida oylik abonent to‘lovi uchun hisobda mablag‘ yetarli bo‘lmaganda, avtomatik ravishda kunlik abonent to‘lovi yechiladi. Abonent buni rad eta olmaydi. Agar hisobda 1900 so‘m bo‘lsa, 2000 so‘m kunlik to‘lov yechilishi natijasida hisob minusga kirib (–100 so‘m), raqam bloklanadi, ya’ni ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olinadi. Raqobat qo‘mitasi bunga chek qo‘yishni buyurdi.

Foto: Beeline
Raqobat qo‘mitasi tomonidan Beeline mobil aloqa operatoriga oylik va kunlik abonent to‘lovi yechish shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mitaga 2024 yilda kelib tushgan murojaatlarning 8,2 foizi va joriy yilning dastlabki 4 oyi davomidagi 8,9 foizi telekommunikatsiya xizmatlari sohasiga to‘g‘ri keladi. Bularning ko‘p qismi Beeline mobil aloqa xizmatlari bilan bog‘liq bo‘lib, asosiy shikoyatlar tarif narxlari oshishi, qo‘shimcha xizmat va pulli kontent xizmatlarga ulanishi, hisob-kitoblardagi muammolar, xizmat sifati va boshqa masalalarga taalluqlidir.
Mazkur murojaatlarda, oylik abonent to‘lovini to‘lash uchun hisobda yetarli mablag‘ bo‘lmagan holda, abonentlarning roziligisiz avtomatik tarzda kunlik tarif rejasiga ulanishi, kunlik to‘lov yechib olinganidan so‘ng trafikdan foydalanish imkoniyati berilmayotgani hamda boshqa noqulayliklar mavjudligi bildirilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, kunlik abonent to‘lovi “Yana”, “Hammasi ZO‘R”, “Multi Kuch” hamda yana 10 ga yaqin tariflarda quyidagi shartlar amal qiladi:
- Oylik abonent to‘lovini yechish paytida mablag‘ yetarli bo‘lmasa, avtomatik ravishda kunlik abonent to‘lovi (2000 so‘m) yechiladi.
- Kunlik abonent to‘lovi avtomatik yechiladi va uni rad etish yoki o‘chirish imkoniyati mavjud emas.
- Kunlik to‘lov to‘liq amalga oshmasa, hisob minusga tushiriladi va raqam bloklanadi. Bloklangan holatda taqdim etilgan trafikdan foydalanish imkoniyati berilmaydi. Blokdan chiqish uchun balansni ijobiy holatgacha to‘ldirish kerak.
- Kunlik abonent to‘lovi, abonent hisobida oylik to‘lov uchun yetarli mablag‘ to‘planguncha avtomatik tarzda yechiladi. Mablag‘ yetarli bo‘lganda, oylik to‘lov yechilib, to‘liq oylik paket taqdim etiladi. Keyingi oylik to‘lov muddati shu sanadan boshlab bir oyga suriladi.
Shuningdek, amaldagi (faqat yangi ulanishlar uchun) “Standart”, “Yashin”, “Aniq”, “Erkin” va “Start” tarif rejalarida ham abonent balansida bir oylik abonent to‘lovi uchun yetarli mablag‘ bo‘lmasa, unda bir kunlik abonent to‘lovi yechiladi. Kunlik tarif rejasini ixtiyoriy ravishda yoqish yoki o‘chirish, xizmatni rad qilish imkoniyati iste’molchida mavjud emas.
Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, mazkur kunlik tarif rejasining qo‘llanishi iste’molchilar huquqlari kamsitilishiga va bir qator qonunchilik hujjatlari talablari buzilishiga olib kelmoqda. Xususan:
- Balansda kunlik to‘lov uchun mablag‘ yetarli bo‘lmaganda, hisob minusga tushirilib, raqam bloklanmoqda.
- Balans minusga yechilgani natijasida raqam bloklanmoqda. Blok holatida esa, kunlik abonent to‘lovi doirasida taqdim etilgan trafikdan foydalanish imkoni taqdim etilmayapti. Ya’ni 2000 so‘m hisobiga sotib olingan kunlik trafikdan foydalanish imkoniyati berilmasdan, ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olinmoqda.
- Kunlik abonent to‘lovi avtomatik yechiladi – uni o‘chirib bo‘lmaydi. Bu holatda, iste’molchilar kunlik abonent to‘lovi xizmatdan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.
- Iste’molchilarga kunlik tarifdan foydalanishni ixtiyoriy tanlash, yoqish yoki o‘chirish imkoniyati mavjud emas.
Yuqoridagilarga asosan, iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish maqsadida ayrim tarif rejalarining oylik va kunlik abonent to‘lovini yechish shartlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan qo‘mita tomonidan “Unitel” MChJga ko‘rsatma xati yuborildi.
Xatda quyidagilar buyurilgan:
- oylik abonent to‘lovi yechish vaqtida mablag‘ yetarli bo‘lmasa, kunlik abonent to‘lovi avtomatik tarzda yechib olinishini bekor qilish;
- abonentga kunlik xizmatdan foydalanishni ixtiyoriy ravishda (masalan, USSD-kod orqali) tanlash imkoniyatini berish;
- abonent hisobidan oylik yoki kunlik abonent to‘lovlarini qarzga yechishga yo‘l qo‘ymaslik hamda joriy etiladigan o‘zgarishlar haqida abonentlarni o‘z vaqtida xabardor qilish.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish organi o‘z bayonotida iste’molchilarga murojaat qilgan:
“Hurmatli iste’molchilar!
Telekommunikatsiya sohasida amaldagi xizmatlarning sifati, foydalanish imkoniyatlari va hisob-kitoblar borasida iste’molchilarning qonuniy huquqlari buzilishi holatlari sodir bo‘lganda Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilishingiz mumkinligini ma’lum qilamiz.
Unutmang, Sizning huquqlaringiz qonun himoyasida!”
Mavzuga oid

11:23 / 09.06.2025
«Badavlat ayol» loyihasi. Ishtirokchilar jiddiy muammolarga duch kelishgan

14:46 / 19.05.2025
Aviachiptalarning sun’iy taqchilligini keltirib chiqargan aviakompaniyalar javobgarlikka tortiladi

11:26 / 05.05.2025
Click ustun mavqega ega raqamli platforma deb topildi

15:52 / 14.04.2025