Buxoro viloyati hokimi hujjati yo‘q binoni “ichidagi odami bilan ko‘mib tashlash”ni buyurdi
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Buxoro shahridagi bog‘cha hududida mas’ullarga qandaydir binoni buzib tashlashni buyurgani videosi tarqaldi. “Sud-pud demasdan, bugunning o‘zida buzib tashlaysan. Narsasi, ichidagi odami bilan ko‘mib tashlaysan», degan u. Shahar hokimi o‘rinbosarining Kun.uz'ga aytishicha, Zaripov bog‘cha hududidan tashqaridagi omborxonaga o‘xshash bino haqida gapirgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov bir guruh amaldorlarga bog‘cha hududida turib qandaydir binoni buzish bo‘yicha topshiriq bergani aks etgan videolavha tarqaldi. Unda hokim o‘zi nazarda tutayotgan binolarni hatto ichidagi odami bilan ko‘mib tashlashni buyurgan.
“Bog‘cha hududiga kirganlarning hammasining huquqiy hujjatlarini ko‘tarasan. Yo‘g‘ini hech kimni eshitmasdan buzasan, Mo‘min (Buxoro shahri hokimi o‘rinbosari Mo‘min Amonov – tahririyat). Sud-pud demasdan, bugunning o‘zida buzib tashlaysan. Narsasi, ichidagi odami bilan ko‘mib tashlaysan. Bo‘ldi endi, sud-pud deb, hammasini erkalatganimiz. Orqadan eshik ochganning hujjatini ko‘rasan”, – degan Botir Zaripov.
Shuningdek, viloyat hokimi IIB boshlig‘iga agar qoniqarli ishlamasa, “tinchroq tumanga jo‘natib yuborishi”ni aytgan.
“O‘rtoq nachalnik, siz “yest”dan oldin... Kechayam viloyat hokimi kelyapti, men kuzatdim, bemalolroq bo‘lgansizlar butunlay shaharda. Bugun ham bu yerda ahvol haminqadar. Yo bu jinoyatchilikka omil bo‘luvchi holatlarning oldini oling, yo bo‘lmasa sizni tinchroq tumanga jo‘natay. “Ujye” men topshiriq berdim. Tushundingizmi? O‘zgarish qiling”, degan hokim.
Botir Zaripov shu yerning o‘zida bu masalaga javob beradigan shahar hokimi o‘rinbosariga intizomiy jazo qo‘llashini bildirgan. “Agar shahar bo‘yicha ijtimoiy soha obektlari men aytgan nuqtayi nazardan tanqidiy ko‘rib tuzatilmasa, u kishiga javob beriladi. Bu shahar hokimining hamma o‘rinbosarlariga “urok” bo‘lsin”, degan Botir Zaripov.
Holat qachon va Buxoro shahridagi qaysi bog‘cha hududida bo‘lgani ma’lum emas. Hokimlik hozircha holat bo‘yicha munosabat bildirmadi.
Kun.uz holatga oydinlik kiritish maqsadida Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati rahbari hamda Botir Zaripov videolavhada buzish bo‘yicha topshiriq bergan Buxoro shahar hokimi o‘rinbosari Mo‘min Amonov bilan bog‘lanishga urindi. Biroq buning imkoni bo‘lmadi.
Buxoro shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Feruz Hamroyev Kun.uz so‘roviga javoban viloyat hokimi bog‘cha hududidan tashqarida joylashgan, do‘kon omborxonasiga o‘xshash binoni buzishga topshiriq berganini ma’lum qildi.
U Kun.uz jurnalistining: “Hokim videolavhada ichidagi odami bilan ko‘mib tashla deya buyurgan, shunda omborxona nazarda tutilganmi?” degan savolini javobsiz qoldirdi.
Mavzuga oid

08:52
“Hissiyotli gapirishga to‘g‘ri kelgan” – Buxoro viloyati hokimining gapiga munosabat bildirildi

11:05 / 12.06.2025
Qurilish vazirligi Toshkentda 110 mingta uy buzilishi boshlangani haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi

14:04 / 10.06.2025
Buxoroda 2 yoshli bola ikkita tangani yutib yubordi

17:58 / 03.06.2025