Iqtisodiyot | 15:55 / 12.06.2025
2650
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Afg‘oniston imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim tuzdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent investforumiga kelgan Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziyni qabul qildi. Forum doirasida ikki mamlakat savdo-sanoat vazirlari imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziyni qabul qildi.

“Suhbat avvalida vazir O‘zbekiston yetakchisiga Afg‘oniston rahbariyatining samimiy salomini yetkazdi”, – deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda savdo-iqtisodiyot, transport-logistika, energetika va agrar sohalarda, shuningdek, geologiya-qidiruv va foydali qazilmalar borasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

“Ishbilarmonlik aloqalari faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar soni ortmoqda, ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokida biznes tashriflari va ko‘rgazmalar muntazam o‘tkazilmoqda. Termiz shahrida Xalqaro savdo markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning may oyida Kobul va Mozori Sharif shaharlarida savdo uylari ochildi.

O‘zbekiston rahbari iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, "Hayraton" sanoat markazini tez fursatda barpo etish, u yerda farmatsevtika, mebelsozlik, to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash quvvatlarini joylashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Transafg‘on temir yo‘li va "Surxon – Puli-Xumri" elektr uzatish liniyasini qurish kabi yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalari qo‘llab-quvvatlandi”, – deyiladi rasmiy relizda.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Toshkent investforumi doirasida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy muzokaralari ham bo‘lib o‘tdi.

Unda Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim hamda 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy va sanoat sohalarida hamkorlik dasturi imzolangan.

Mavzuga oid