O‘zbekiston | 08:52 / 13.06.2025
11752
5 daqiqa o‘qiladi

“Hissiyotli gapirishga to‘g‘ri kelgan” – Buxoro viloyati hokimining gapiga munosabat bildirildi

Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmatiga ko‘ra, Botir Zaripov “ichidagi odami bilan ko‘mib tashla” deganda bog‘cha hududidagi noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagini nazarda tutgan. “Topshiriq berish paytida ayrim rahbarlarning mas’uliyatini oshirish uchun hissiyotli gapirishga to‘g‘ri kelgan”, deyiladi hokimlik raddiyasida. Buxoro shahar hokimi o‘rinbosari esa Zaripov buzishni buyurgan bino omborxonaga o‘xshash qurilma ekanini bildirgandi.

Foto: Videodan kadr

Buxoro viloyati hokimligi Botir Zaripovning mas’ullarga qandaydir binoni buzib tashlashni buyurgani aks etgan video lavhaga munosabat bildirdi. Hokimlik raddiyasida Zaripov “ichidagi odami bilan ko‘mib tashlash”ni buyurgan bino yo‘lak ekani ma’lum qilingan.

Hokimlikka ko‘ra, joriy yilning 22 may kuni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi ishchi guruhi Buxoro shahridagi 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarining borishini ko‘zdan kechirgan.

“140 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur muassasa 1961 yilda qurilgan va hozirda ta’mirtalab holga kelib qolgan. O‘tkazilgan xatlovga asosan mahalliy budjet hisobidan zarur mablag‘lar ajratilib, bog‘chada kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

O‘rganish chog‘ida viloyat hokimi qurilish ishlarini jadallashtirish va qisqa muddatda yakunlash yuzasidan shahar hokimligi va soha mas’ullariga topshiriqlar berdi.

Shuningdek, o‘rganish jarayonida Botir Zaripov davlat bog‘chasi hududi obodonlashtirilmaganligi, bog‘chaga tutash bo‘lgan hududdan o‘zboshimchalik bilan egallangan umumiy ovqatlanish obekti egasi tomonidan bog‘cha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufyona noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagi ochilganligi, bundan tashqari bog‘cha hududining bir qismida yuqori kuchlanishli transformator atrofi temir panjara bilan o‘rab olinmaganligi yuzasidan e’tirozlarini bildirdi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, viloyat hokimlari zimmasiga muassasalarning xavfsizligini ta’minlash, shu jumladan, hududlar atrofini o‘rash, ularga huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha inspektorlarni biriktirish, kuzatuv kameralari va yong‘inga qarshi signalizatsiya tizimlarini o‘rnatish choralarini ko‘rish, shuningdek, muassasa hududining va ko‘chmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda ta’minlash vazifalari yuklatilgan.

Videolavhada tilga olingan “buzib tashla” jumlasida aynan o‘sha bog‘cha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufyona, noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagini bartaraf etilishi nazarda tutilgan.

Bunda, viloyat hokimi tomonidan 140 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisining xavfsizligini ta’minlash hamda yuz berishi mumkin bo‘lgan turli noxush, noqonuniy holatlarning oldini olish - asosiy maqsad bo‘lgan”, deyiladi hokimlik raddiyasida.

Qo‘shimcha qilinishicha, viloyat hokimining xususiy bog‘chalarni buzib tashlash bo‘yicha topshiriq bergani haqidagi xabarlar asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Shuningdek, viloyatning boshqa shahar-tumanlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bu kabi holatlarni o‘rganish va zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Buxoro shahar hokimining tegishli o‘rinbosariga “hayfsan” intizomiy chorasi qo‘llanilgan. Noqonuniy yo‘lak bartaraf etilgan hamda o‘rganish olib borilgan 2-son davlat maktabgacha ta’lim ta’lim muassasasidagi jarayon tasvirga olinib, mutasaddilarga yuborilgan va shu tariqa keng tarqalgan.

“Shu o‘rinda alohida ta’kidlamoqchimiz, viloyatda qonun ustuvorligi ta’minlanadi, bironta noqonuniy buzilish qilinmaydi. Ushbu holatda viloyat hokimi tomonidan topshiriq berish paytida ayrim rahbarlarning mas’uliyatini oshirish uchun hissiyotli gapirishga to‘g‘ri kelgan”, deyiladi munosabatda.

Raddiyada viloyat hokimining “ichidagi odami bilan ko‘mib tashla” degan gapiga izoh berilmagan.

Avvlaroq ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov bir guruh amaldorlarga bog‘cha hududida turib qandaydir binoni buzish bo‘yicha topshiriq bergani aks etgan videolavha tarqalgandi. Unda hokim o‘zi nazarda tutayotgan binolarni hatto ichidagi odami bilan ko‘mib tashlashni buyurgan.

“Bog‘cha hududiga kirganlarning hammasining huquqiy hujjatlarini ko‘tarasan. Yo‘g‘ini hech kimni eshitmasdan buzasan, Mo‘min. Sud-pud demasdan, bugunning o‘zida buzib tashlaysan. Narsasi, ichidagi odami bilan ko‘mib tashlaysan. Bo‘ldi endi, sud-pud deb, hammasini erkalatganimiz. Orqadan eshik ochganning hujjatini ko‘rasan”, – degan Botir Zaripov.

Buxoro shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Feruz Hamroyev Kun.uz so‘roviga javoban viloyat hokimi bog‘cha hududidan tashqarida joylashgan, do‘kon omborxonasiga o‘xshash binoni buzishga topshiriq berganini ma’lum qilgandi

Mavzuga oid