Jahon | 10:46
9216
7 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqdagi «porox to‘ldirilgan bochka». Isroil va Eron ziddiyati tarixi

Eron va Isroil o‘rtasida «qizil chiziqlar» qolmadi. Har ikki tomon bir-biriga tinimsiz zarbalar beryapti. Yaqin Sharq so‘ngi 20 yillikdagi eng yirik mintaqaviy harbiy mojaro yoqasiga kelib qoldi. Urush keng ko‘lamda davom etishi mumkinmi?

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil 13 iyunga o‘tar kechasi Eron bo‘ylab zarba berishni boshladi. Havo hujumlari nishonlari uranni boyitish bo‘yicha korxonalar, raketa bazalari, shuningdek Islom inqilobi muhofizlari rahbariyati hamda yadro sohasidagi olimlar bo‘ldi. Xususan, hujum natijasida olti nafar olim va kamida 20 nafar eronlik yuqori martabali qo‘mondon halok bo‘lgan. Bunga javoban Eron ham Isroil yo‘nalishida yuzlab ballistik raketalar uchirdi va bir qator hududlarga zarbalar berdi. Ayni paytda ikki tomonlama juda sovuq munosabatlar keng ko‘lamli urushga ham aylanib ketish xavfi mavjud. Xo‘sh, Eron va Isroil o‘rtasidagi nizo sababi nimada va u qanday yuzaga kelgan?

Erondagi siyosiy rejimning o‘zgarishi. Eron 1950 yil 6 martda musulmon davlatlari ichida Turkiyadan keyin ikkinchi bo‘lib Isroilni mustaqil davlat sifatida tan olgandi. Shoh Muhammad Rizo Pahlaviy davrida Eron uchun Isroil AQSh bilan munosabatlarda vositachi davlat sifatida ko‘rilgan. 1948 yildan 1979 yil – islom inqilobiga qadar Eron va Isroil nafaqat yaqin hamkor, balki ittifoqchi bo‘lib, iqtisodiy va harbiy jihatdan hamkorlik qilgan. Xususan, 1967 yilgi «Olti kunlik urush»dan so‘ng bir qator arab mamlakatlari Isroilga qarshi neft embargosi ​​joriy etganida Isroilga neft yetkazib bergan yagona davlat Eron bo‘ladi.

Shuningdek, rasmiy Tehron Isroil tovarlari va xizmatlarining asosiy importchilaridan biri edi. Ammo o‘tgan asrning 70 yillariga kelib mintaqada siyosiy vaziyat o‘zgara boshlaydi. Har ikki tomon uchun ham asosiy dushman sifatida ko‘rilgan Misr prezidenti Jamol Abdul Nosirning o‘limidan keyin Eron va Misr o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanadi. 1975 yilda Eron-Iroq kelishuvi imzolanadi va Tehron kurd ayirmachilariga yordam berishni to‘xtatdi. Mazkur ikki voqea Isroilning Eron uchun strategik ahamiyatini pasaytiradi. Ayni shu davrda Eronda diniy kuchlar ta’siri ortib borayotgan edi.

1979 yilgi inqilobdan so‘ng vaziyat keskin o‘zgardi. Tehronning yangi teokratik hukmdorlari Isroilning qonuniyligini tan olmadi. Eron Isroilni G‘arbning mintaqadagi ittifoqchisi sifatida ko‘rdi va unga dushman sifatida qarash boshlandi. Shunga qaramay, Isroil va Eron o‘rtasidagi cheklangan hamkorlik 1980 yillarda ham davom etdi. Faqat 2000 yillarga kelib ikki tomonlama munosabatlarda keskinlik nihoyatda kuchaydi. Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod 2005 yilda «sionistik rejim Yer yuzidan yo‘q qilinishi kerak» deya ta’kidlab, axborot bombasini portlatdi. Rasmiy Tehron Falastindagi musulmonlarni qo‘llab-quvvatlab, Isroilning ularga nisbatan olib borayotgan siyosatiga keskin munosabatda bo‘lib keladi. Eron aynan AQSh va Isroilni o‘zining eng birinchi darajali dushmani deb biladi.

Eronning yadro dasturi. 2000 yillardan boshlab faol ravishda amalga oshirib kelinayotgan Eronning yadro dasturi tinchlikparvar ekaniga Isroil ishonmaydi. Aksincha, u Eron maxfiy ravishda yadro qurollari ishlab chiqarish bo‘yicha ish olib borayotgani va uni ballistik raketalarga aylantirishiga bo‘lgan ishonchini ta’kidlab keladi. Ushbu yondashuvga muvofiq, Isroil anchadan buyon Eron yadro dasturini to‘xtatish uchun yashirin, bir tomonlama harakatlarni amalga oshiradi. Xususan, 2020 yil noyabrida Eronning yetakchi yadroshunos olimi, mamlakat yadro dasturi me’morlaridan biri bo‘lgan Muhsin Faxrizoda o‘ldirilishi ham bunga misol bo‘la oladi.

2015 yilda Eron ko‘p millatli yadroviy bitimni imzolaydi, ammo 2018 yilda Donald Tramp AQShni ushbu shartnomadan chiqarib oldi va Eronga qarshi sanksiyalar qo‘llaydi. Bu Eronning mag‘lubiyati va Isroilning g‘alabasi sifatida ko‘rila boshlandi. Eron esa bunga javoban ruxsat etilgan me’yordan ko‘ra ko‘proq uranni boyitishga kirishadi.

Proksi urushlar. Har ikki tomon bir-biriga qarshi turli harbiy harakatlarni amalga oshirgan. Ushbu harakatlar mintaqaviy barqarorlikka tahdid qiladi va davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni yanada chuqurlashtiradi. Eron Yaqin Sharq bo‘ylab bir nechta guruhdan iborat kuchli koalitsiya shakllantirgan. «Hizbulloh», HAMAS, Iroqdagi Hashd ash-Shaabi va Yaman husiychilarini o‘z ichiga oluvchi ittifoqchilar tarmog‘ini moliyaviy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. Yillar davomida ushbu guruhlar va Isroil o‘rtasida turli to‘qnashuvlar sodir bo‘lib keldi. 

Urush keng ko‘lamda davom etishi mumkinmi?

Isroil va Eron bir-birining hududiga jiddiy zarbalar berayotganiga qaramay, hozircha keng ko‘lamli to‘qnashuv boshlanmadi. Biroq davlatlar o‘rtasidagi katta urush xavfi juda yuqori darajaga yetgan.

Al Arabiya va Fars agentliklarining xabar berishicha, Tehron Isroilga bo‘lajak zarbalar bilan cheklanmoqchi emas. Eron hatto AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalarini ham nishonga olishni rejalashtiryapti. Isroil tomoni ham yaqin kunlar ichida qayta hujum boshlashi mumkinligi haqidagi xabarlar OAV orqali sizdirilyapti. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsa, Yaqin Sharqdagi so‘nggi 20 yil ichidagi eng katta mintaqaviy urushning boshlanishiga guvoh bo‘layotgan bo‘lishimiz mumkin.

Mojaroning davom etishi bir tomonda siyosiy hokimiyatni mustahkamlash ikkinchi tomonda zaiflashtirishning instrumenti sifatida ham baholanyapti. Urush Benyamin Netanyahu uchun foydalidir, chunki u Isroilning o‘zidagi ko‘plab ichki muammolarini yopadi va ma’lum darajada hokimiyatini mustahkamlaydi. O‘z navbatida, raketa zarbalari va hujum orqali Erondagi rejimni o‘zgartirishga jiddiy urinish ham amalga oshirilyapti. 

Mintaqadagi mojarolar dinamikasi o‘z mantig‘iga ko‘ra yashaydigan va rivojlanadigan avtonom organizmni tobora ko‘proq eslatyapti. Yaqin Sharq Eron va Isroil o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvga har qachongidan ham ko‘proq yaqinlashdi. Urush hali boshlangani yo‘q va bu uchun har ikki tomon kamida yana bir necha qadam tashlashi kerak. Ya’ni tubsizlikka qarash va orqaga qadam tashlash uchun hali imkoniyat bor. Biroq voqealar keskinlashuv yo‘lida rivojlanyapti.  

Mavzuga oid