Hokimlarga berilayotgan erkinlik, Yangi Toshkent shahrigacha metro, ma’muriy ogohlantirish chorasining kiritilishi – mahalliy dayjest
Endi tuman hokimida 4 nafar o‘rinbosar bo‘ladi. Rivojlanish rejasiga qarab, qaysi masalada o‘rinbosari bo‘lishini hokimning o‘zi belgilaydi. Yangi Toshkentgacha uzunligi 21 kilometr, 9 ta bekatdan iborat metro quriladi. Huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilgan bo‘lsa, ayrim holatlarda ma’muriy ogohlantirish chorasini qo‘llash imkoniyati yaratiladi. Yoz jaziramasi sharoitida poyezdlarning harakatlanish tezligi cheklanmoqda, shuningdek, sovitish tizimining quvvati ham pasayadi. Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Prezident tumanlarda boshqaruv tizimi o‘zgarishini e’lon qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida islohotlar natijadorligi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda tumanlarda ish ham, yondashuv ham, boshqaruv tizimi ham o‘zgarishi belgilandi. Jumladan, endi hokimda 4 nafar o‘rinbosar bo‘ladi. Rivojlanish rejasiga qarab, qaysi masalada o‘rinbosari bo‘lishini hokimning o‘zi belgilaydi.
Shuningdek, kompleks rivojlantirishga mas’ul 9 ta vazirlikning tuman bo‘limi hokimlik tizimiga o‘tadi. Bular – iqtisodiyot va moliya, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, bandlik, qurilish, ekologiya, madaniyat, oila va xotin-qizlar, yoshlar bo‘limlari. Tuman hokimi hokimlik va ushbu 9 ta idoradagi shtatlarni o‘zi taqsimlab, qaysi bo‘limda nechta odam ishlashini, ishga olish-bo‘shatishni o‘zi hal qiladi.
Yangi Toshkent shahrigacha metro quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida rejalashtirilgan qurilish va jamoat transporti loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Unda qayd qilinishicha, Yangi Toshkent shahrigacha metro quriladi. U hozirgi «Do‘stlik» metro bekatidan boshlanib, yangi markazgacha boradi. Uzunligi 21 kilometr, 9 ta bekatdan iborat bo‘lishi kutilayotgan bu metro kuniga 230 minggacha yo‘lovchini qamrab olishi mumkin.
Qonunchilikka ma’muriy ogohlantirish chorasi kiritiladi
O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Qonun loyihasida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishlari uchun javobgar shaxs aniq tartibda belgilanmoqda. Shuningdek, huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilgan bo‘lsa, ayrim holatlarda ma’muriy ogohlantirish chorasini qo‘llash imkoniyati yaratiladi. Ta’kidlanishicha, bu huquqbuzarlik og‘ir bo‘lmagan hollarda fuqarolarga nisbatan yumshoqroq yondashish imkonini beradi.
Bundan tashqari, radar orqali qayd etilgan qoidabuzarlik uchun qaror bir oydan kechiktirilsa, jarima jazosi qo‘llanmaydi.
Jazirama sabab poyezdlar harakat tezligiga cheklovlar o‘rnatiladi
Yoz jaziramasi sharoitida poyezdlarning harakatlanish tezligi cheklanmoqda, deb xabar berdi «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi». Poyezdlar harakat jadvalida ko‘rsatilgan vaqtdan kechroq manzilga yetib borishi mumkin.
Shuningdek, harakat tezligiga cheklovlar o‘rnatilgan poyezdlar sovitish tizimining ishlash quvvati pasayishi mumkinligi ma’lum qilindi.
2025-2026 o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi shakli tugatiladi
Kelgusida kunduzgi ta’limga muqobil shakllar, jumladan, masofaviy, kechki va maqbullashtirilgan kunduzgi (part-time) ta’lim shakllari bosqichma-bosqich rivojlantirilib, ularga qabul ko‘rsatkichlari kengaytirib boriladi.
Shu bilan birga, hozir sirtqi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar uchun barcha o‘quv jarayonlari belgilangan tartibda davom ettiriladi.
Bundan tashqari, ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha ham sirtqi ta’lim shaklida yangi qabul amalga oshirilmaydi. Avvalgi yillarda sirtqi ta’lim shaklida ikkinchi mutaxassislikka qabul qilingan shaxslar o‘qishni belgilangan tartibda davom ettiradi.
Markaziy bank fuqarolarni raqamli firibgarlik haqida ogohlantirdi
So‘nggi vaqtlarda raqamli texnologiyalar orqali amalga oshirilayotgan firibgarlik holatlari takomillashib bormoqda. Bu fuqarolarning ogohligi oshgani bilan bog‘liq.
Qayd qilinishicha, firibgarlar o‘zini uyali aloqa operatori «xodimi» sifatida tanishtirib, fuqaroga qo‘ng‘iroq qilib, shartnomani uzaytirish bahonasida shaxsiy ma’lumotlarini egallab olmoqda. Jumladan, Telegram orqali «Markaziy bank» nomi bilan soxta profildan xabar yubormoqda.
Markaziy bank bu kabi holatlarga hech qanday aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi va fuqarolarni ogoh bo‘lishga chaqirdi.
Shohimardon va So‘xga borishdagi postlar 24 soatlik ish tartibiga o‘tadi
18 iyundan O‘zbekistonning So‘x va Shohimardon anklavlariga olib boruvchi nazorat-o‘tkazish punktlari kecha-yu kunduz ishlaydigan bo‘ldi. Bu harakatlanishni erkin va qulay qilish hamda tirbandliklarning oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Jumladan, «Farg‘ona» chegara bojxona posti hamda Shohimardon qishlog‘iga o‘tishdagi «Oq qiya» bojxona punkti va «So‘x» chegara bojxona postining «Chashma» bojxona punkti, shuningdek, «Vodil-Qadamjoy» nazorat-o‘tkazish maskani 24 soat davomida ishlaydi.
Ma’lumot uchun, So‘x va Shohimardon O‘zbekiston uchun anklav hududlari bo‘lib, ular Qirg‘iziston ichkarisida joylashgan.
Bloger Qobil Do‘sov 5 yilga qamaldi
Qobil Do‘sov tuhmat, haqorat qilish hamda yolg‘on xabar berish jinoyatlarini sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga sud hukmi bilan 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Hukmda Qobil Do‘sovning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi profili hamda Telegram platformasidagi kanali faoliyati to‘xtatilib, bloklanishi ham belgilangan.
2025 yil 24 yanvarda JIB Arnasoy tuman sudining hukmi bilan Do‘sovga 1 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.
Mavzuga oid

21:27 / 12.06.2025
Propiskaning qaytishi, kutilganidan tezroq inflatsiya - mahalliy dayjest

23:33 / 10.06.2025
10 iyun yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:42 / 09.06.2025
9 iyun yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:58 / 05.06.2025