AQSh bazalariga hujum qilishga tayyor Eron, «So‘zsiz kapitulyatsiya» so‘ragan Tramp va G‘azoda davom etayotgan genotsid – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh rasmiylari: Agar urushga qo‘shilsak, Eron AQSh harbiy bazalariga hujum qilishga tayyor
AQSh razvedka hisobotlarini ko‘rib chiqqan amerikalik rasmiylarga ko‘ra, Eron AQSh Isroilning urushiga qo‘shilsa, Yaqin Sharqdagi AQSh bazalariga zarba berish uchun raketalar va boshqa harbiy jihozlarni tayyorlagan. Bu haqda Oq uydagi manbalariga tayanib New York Times nashri xabar bermoqda.
AQSh shu kunlarda Yevropaga taxminan 30 dan ortiq yonilg‘i quyish samolyotlarini yuborgan. Bu samolyotlar AQSh bazalarini himoya qiluvchi qiruvchi samolyotlarga xizmat qilishi yoki Eronning yadroviy inshootlariga hujumda qatnashuvchi bombardimonchi samolyotlar parvoz masofasini kengaytirishda ishlatilishi mumkin.
Isroil Eron bilan mojaro fonida Oq uyga rasmiylar orasida urush kengayishi bo‘yicha xavotirlar ortmoqda. Agar AQSh Isroil harbiy kampaniyasiga qo‘shilib, Eronning muhim yadroviy inshootiga zarba bersa, Eron bilan ittifoqdagi husiylar Qizil dengizda kemalarga hujumlarni qayta boshlashi deyarli aniq. Bundan tashqari, Iroq, Livan va Suriyadagi Eronning proksi guruhlari AQSh bazalariga hujum qilishga urinishi mumkin. AQSh Yaqin Sharqdagi bazalarda joylashgan harbiylarini yuqori tayyorgarlik holatiga keltirdi, bu hududda jami 40 mingdan ortiq AQSh askarlari bor.
Boshqa rasmiylar aytishicha, hujum yuz bersa, Eron Fors ko‘rfazidagi AQSh harbiy kemalarini harakatsizlantirish maqsadida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini minalashi mumkin.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy dushanba kuni bergan bayonotida: «Dushmanlarimiz harbiy zarbalar orqali bizga ta’sir o‘tkaza olmaydi va Eron xalqiga o‘z buyruqlarini bera olmaydi», – degandi. AQSh rasmiylariga ko‘ra, Eron mintaqadagi AQSh harbiy bazalariga zarba berish uchun uzoq tayyorgarlikka muhtoj emas. Eron harbiylari Bahrayn, Qatar va BAA hududlariga oson yetib boradigan masofada raketa bazalariga ega.
Agar AQSh urushga qo‘shilsa, eng ehtimoliy ssenariy – AQShning B-2 turidagi maxfiy bombardimonchi samolyotlari tomonidan, Fordo tog‘ ostidagi inshootiga kirib borishga mo‘ljallangan «MOP» («Massive Ordnance Penetrator») bombasi yordamida hujum uyushtirilishidir. Fordoga uyushtiriladigan zarba Eronning yadroviy salohiyatiga qancha zarar yetkazishi yoki qurol ishlab chiqishini qancha muddatga kechiktirishi hozircha noma’lum. Eron hozirda boyitilgan uranni mamlakatdagi turli joylarda tunnel ichida saqlamoqda.
AQSh tomonidan yoki uning yordamida Fordoga uyushtiriladigan har qanday zarba Eron va uning ittifoqchilariga javob berish uchun bahona bo‘ladi. Eron va ittifoqchilari ilgari ham AQShga zarar yetkaza olgan.
Mutaxassislar aytishicha, Isroilning hujumlari Tehronning yondashuvini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin. Endilikda Tehron faqat to‘liq yadroviy qurolga ega bo‘lish orqali kelajakdagi hujumlardan saqlanish mumkinligini anglab yetgan bo‘lishi mumkin. Ba’zi rasmiylar, agar Eron har qanday holatda ham yadro qurolini yaratishga kirishadigan bo‘lsa, Tramp ma’muriyatiga uni nishonga olish uchun bosim kuchayishini ta’kidlamoqda.
Mudofaa ustuvorliklari (Defense Priorities) tahlil markazi Yaqin Sharq dasturi rahbari Rozmari Kelanikning aytishicha, Isroil zarbasi Eronga yadroviy qurol yaratish uchun turtki bo‘lgan. "Agar AQSh ham urushga qo‘shilsa, bu turtki bir necha barobar kuchayadi," — deydi tahlilchi.
Tramp va Xominaiy
Eron yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini aytib kelayotgan AQSh prezidenti Donald Tramp, seshanba kuni Erondan sharsiz taslim bo‘lishni talab qildi. U, shuningdek Eron oliy rahbari Ali Xominaiy qayerdaligini bilishini aytdi.
«Biz «oliy rahbar» deb ataluvchi shaxs qayerda yashiringanini aniq bilamiz. U oson nishon, lekin u omonlikda. Biz uni ushlamoqchi (o‘ldirmoqchi!) emasmiz, hech bo‘lmaganda hozircha. Lekin biz tinch aholi yoki amerikalik askarlarga qarata raketa otilishini istamaymiz. Sabr-toqatimiz to‘lib bormoqda», dedi Tramp va «So‘zsiz kapitulyatsiya!» deb qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, Tramp yana AQShning harbiy salohiyatiga urg‘u bergan.
«Endi biz Eron osmonini butunlay va to‘liq nazorat qilyapmiz. Eronda yaxshi kuzatuv tizimlari va boshqa mudofaa uskunalari bor edi, ular juda ko‘p edi. Lekin ular AQSh yaratgan, loyihalashtirgan va ishlab chiqargan narsalar bilan taqqoslaganda hech narsa emas. Hech kim buni Amerikadan yaxshiroq qilolmaydi!» deb yozdi Tramp.
Iran International agentligi manbalarga tayanib xabar berishicha, Eron oliy rahbari Ali Xominaiy Isroil operatsiyasi boshlanganidan bir necha soat o‘tib yerosti bunkeriga kirib olgan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Xominaiy panoh topgan obekt Tehronning shimoli-sharqida, Lavizan tumanida joylashgan. Boshpanada oliy rahbar bilan birga uning oila a’zolari ham bor.
Manbalarga ko‘ra, Isroil 15 iyun kuni yahudiy davlatidan 2,3 ming km uzoqlikda joylashgan Mashhad aeroportiga Xominaiy o‘zini hech qayerda xavfsiz his qila olmasligini ko‘rsatish uchun zarba bergan.
Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp Isroilning Eron oliy rahbari Ali Xominaiyni o‘ldirish rejasiga veto qo‘ygani aytilgan edi. Lekin, Isroil bu vetoga qanchalik amal qiladi, bunisi qorong‘i.
G‘azo va Ukrainaga hujumlar davom etmoqda
Butun dunyoning diqqat-eʼtibori Isroil va Eron urushida bo‘lib turgan vaqtda boshqa hududlarda ham hujumlar to‘xtamayapti.
Xususan, Isroil 17 iyun kuni G‘azo sektorining turli hududlariga uyushtirayotgan hujumlari natijasida 76 nafar falastinlik halok bo‘ldi, ularning 54 nafari insonparvarlik yordami tarqatilayotgan joylar yaqinida o‘lgan. 200 dan ortiq kishi yaralangan, ularning ko‘pchiligi og‘ir ahvolda.
Isroil harbiylari G‘azo shimoli-sharqida yordam kutayotgan tinch aholi vakillarini nishonga olgan. G‘azo sog‘liqni saqlash boshqarmasining xabar berishicha, Xon-Yunus janubida joylashgan Tahlia chorrahasida tinch aholi to‘plangan joyga qilingan hujum oqibatida kamida 51 kishi halok bo‘lgan, yuzlab odamlar jarohat olgan. Halok bo‘lganlar va yaralanganlar Naser tibbiy markaziga olib kelingan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 20 nafar yaralangan fuqaroning ahvoli og‘ir.
Shuningdek, Isroil harbiylari G‘azoning janubida joylashgan Netsarim yo‘lagi bo‘ylab yordam kutayotgan odamlarga o‘q uzdi. Bundan tashqari, sektorning turli hududlariga uyushtirilgan hujumlar o‘nlab falastinliklarning o‘limiga sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Shimolroqda esa Rossiya-Ukraina urushi davom etmoqda.
Xususan, 17 iyunga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Ukraina poytaxti va Kiyev oblasti bo‘ylab 175 ta dron va 14 ta raketa, jumladan, ikkita ballistik raketa uchirdi.
Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenko Kiyevning Solomenskiy rayonidagi to‘qqiz qavatli turar joy binosiga Rossiya ballistik raketasi kelib urilganini aytdi. «Pod’yezd butunlay vayron qilingan. Va u yerto‘lagacha yo‘q qilindi, chunki bu to‘g‘ridan to‘g‘ri urilgan zarba edi», – degan Klimenko.
Kiyev shahri meri Vitaliy Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, Solomenskiy rayonida 14 kishi halok bo‘lgan. Kiyevga tungi hujum oqibatida 99 kishi jarohatlangan, shundan 59 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Jabrlanganlar orasida bolalar ham bor.
Tramp Yaqin Sharq tufayli G7 sammitini zudlik bilan tark etdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadaning Kananaskis shahrida bo‘lib o‘tadigan G7 sammitidagi ishtirokini zudlik bilan to‘xtatishga qaror qildi. Bu qadamga Yaqin Sharqdagi vaziyat sabab bo‘ldi, deb xabar berdi Oq uy matbuot xizmati.
Trampning matbuot kotibi Kerolayn Livitt X ijtimoiy tarmog‘ida Amerika yetakchisi sammitda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan yirik savdo bitimini imzolagan holda «kunni ajoyib o‘tkazganini» yozdi. «Ko‘p narsaga erishildi, biroq Yaqin Sharqda sodir bo‘layotgan voqealar tufayli prezident Tramp bugun kechqurun davlat rahbarlari bilan kechki ovqatdan keyin jo‘nab ketadi», — dedi Livitt.
CNN’ning xabar berishicha, Tramp o‘z ma’muriyatining milliy xavfsizlik xodimlariga Vashingtonda Oq uydagi maxsus xonaga to‘planishni buyurgan. Bu xona – AQSh prezidenti, uning maslahatchilari, harbiy va razvedka idoralari vakillari tomonidan inqirozli vaziyatlarda shoshilinch yig‘ilishlar uchun foydalaniladigan xonalar majmuasidir. Maxsus xonasida o‘rnatilgan aloqa uskunalari davlat rahbariga butun dunyo bo‘ylab Amerika qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilish imkonini beradi.
Yevroittifoq Qrim va Sevastopol uchun sanksiyalarni uzaytirdi
Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Qrim yarimoroli va Sevastopol shahrini noqonuniy qo‘shib olishi munosabati bilan 2014 yil iyun oyida joriy qilgan sanksiyalarni yana bir yilga uzaytirdi. Bu haqda YeI kengashi ma’lum qildi.
Bryusselning eslatishicha, gap qo‘shib olingan Qrimdan Yevropa Ittifoqiga tovar va xizmatlar importini taqiqlash, yarimorol iqtisodiyotiga sarmoya kiritish, shuningdek, transport, telekommunikatsiya, energetika, neft va gaz sanoati uchun tovarlar va texnologiyalarni yetkazib berish haqida ketmoqda.
Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzi munosabati bilan Bryussel allaqachon Moskvaga qarshi 17 ta sanksiya paketini joriy qilgan.
Mavzuga oid

13:05 / 17.06.2025
Xominaiyni o‘ldirishga ruxsat bermagan Tramp, Erdo‘g‘anning rejalari va yadro arsenalini kuchaytirayotgan Xitoy – kun dayjesti

14:02 / 16.06.2025
Zarbalar almashishda davom etayotgan Eron va Isroil, Ukrainani o‘qqa tutishni kuchaytirgan Rossiya va Trampning harbiy paradi – kun dayjesti

14:14 / 14.06.2025
Javob raketalarni otgan Eron va Isroilga yordam berayotgan AQSh – kun dayjesti

13:54 / 13.06.2025