Jahon | 14:04
7750
10 daqiqa o‘qiladi

Trampga javob qaytargan Xominaiy, Xitoyning beg‘araz yordami va Isroilga ilk marta otilgan «Sijjil»– kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Eron-Isroil urushi: voqealar rivoji

Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xominaiy Isroil bilan urush boshlanganidan beri ilk marta davlat televideniyesi orqali bayonot berib, Trampning tahdidlariga javob berdi. U o‘z murojaatida Isroilning «yovuz hujumlariga» qarshi eronliklarning «qat’iy, jasur va ongli javobi»ni yuqori baholagan.

«Eron xalqiga qanchalik tinchlikni majburan tiqishtirilsa, u shunchalik qat’iy qarshilik ko‘rsatadi – xuddi majburan urush qabul qilinmaganidek. Bu xalq hech qachon hech qanday buyruqqa bo‘ysunmaydi», — dedi u.

AQSh prezidenti Donald Trampning tahdidlarini sharhlar ekan, Xominaiy shunday dedi: «Eronni, uning xalqini va tarixini biladigan odamlar bu millat bilan tahdid tili orqali gapirmaydi, chunki eronliklar tiz cho‘kmaydi. Amerikaliklar tushunib yetishlari kerak: har qanday harbiy aralashuv ularning o‘zi uchun tuzatib bo‘lmas zarar bilan yakunlanadi», — dedi Oyatulloh Xominaiy.

Tramp esa Eron yetakchisining bu rad javobini e’tiborsiz qoldirib, «Omad tilayman», dedi va rejalari haqida yana hech narsa oshkor etmadi: «Nima qilmoqchiligimni hech kim bilmaydi» degan u jurnalistlarga.

Shuningdek, CBS nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, AQSh prezidenti Eronni nishonga olish rejasini ma’qullagan, ammo mamlakatga zarba berish bo‘yicha yakuniy qarorga kelmagan. Tramp Eron o‘zining yadroviy dasturidan voz kechishga rozi bo‘lishi mumkin, degan umidda hujumni boshlashni vaqtincha kechiktirmoqda, deydi manbalar.

BBC nashrining yozishicha, Tramp chorshanba kuni jurnalistlarning AQShning Eron bilan bog‘liq rejasi haqidagi savoliga: «Balki qilaman, balki yo‘q», deb javob bergan.

Isroil va Eron o‘rtasidagi to‘qnashuv kuchaymoqda

Isroil harbiy kuchlari Eronning raketa va yadroviy obektlariga hujumlarni kuchaytirdi. Javoban, Eron gipertovushli raketalar bilan zarba berganini aytdi. Xususan, kecha Islom inqilobi muxofizlari korpusi ilk bor Isroilga qarata 2000 km masofali «Sijjil» ballistik raketasi uchirilgani haqida bayonot berdi.

Tasnim nashri raketaning uchirilishi aks etgan videoni e’lon qildi. Bu ehtimol, «Sijjil» raketasining birinchi jangovar ishlatilishi; oldingi barcha uchirishlar sinov va mashg‘ulot bo‘lgan. Mutaxassislar uni boshqa bombalar qatori yadro qurolini tashuvchi vosita deb hisoblaydi. «Sijjil» raketasining Isroilga qanchalik talofat yetkazgani ma’lum emas. Isroil armiyasi bugun uchirilgan raketalarning barchasi urib tushirilganini e’lon qilgan.

Isroil hujumlari fonida esa Tehron (10 million aholiga ega shahar)da odamlar xavfsiz joy izlab shaharni tark etishga harakat qilmoqda.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu chorshanba kungi videomurojaatida shunday dedi: «Biz Eronning yadroviy obektlari va ballistik raketa arsenalidan kelayotgan tahdidlarni yo‘q qilish yo‘lida bosqichma-bosqich oldinga siljimoqdamiz. Biz Tehron osmonini nazorat qilyapmiz. Oyatulloh rejimiga kuchli zarbalar bermoqdamiz. Biz yadroviy obektlarni, raketalarni, bosh qarorgohlarni va rejim ramzlarini nishonga olyapmiz», degan Netanyahu.

AQSh harbiy harakatlarga tayyorlanmoqda

Prezident Trampning keskinlashayotgan bayonotlari fonida AQSh mudofaa vaziri Piter Hegset AQSh Senatida chiqish qilib, «Pentagon prezident Trampning har qanday buyrug‘ini bajarishga tayyor» ekanini aytdi.

Bu vaqtda AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy kuchlarini to‘plashda davom etmoqda. Nimits aviatashuvchi kemasi yetakchiligidagi zarba guruhi janubi-sharqiy Osiyodan ko‘chib, allaqachon Fors ko‘rfazida turgan Karl Vinson guruhi bilan birlashmoqda. Shuningdek, Yevropadan harbiy tankerlardan tortib, F-22 va F-35 hujumchi samolyotlargacha bo‘lgan turli havo kuchlari harakatlanayotgani kuzatilmoqda.

BBC xabariga ko‘ra, odatiy hollarda, bunday zarba bo‘lishidan oldin AQSh ittifoqchilarini xabardor qiladi. Britaniyalik manba «Vashingtonda barcha variantlar ko‘rib chiqilmoqda, lekin yakuniy qaror hali yo‘q» deya bildirgan. Shuningdek, AQShning Quddusdagi elchixonasi chorshanba kuni Isroilda bo‘lgan amerikalik fuqarolar uchun evakuatsiya rejasi e’lon qildi.

Juma kunidan beri Isroilning Eron hududidagi zarbalari natijasida, Vashingtondagi «Human Righs activiss» tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 585 kishi halok bo‘lgan, shundan 239 nafari tinch aholi, 126 nafari esa xavfsizlik kuchlari xodimlari bo‘lgan.

Javoban Eron Isroilga qariyb 400 ta raketa otgan. Isroil rasmiylariga ko‘ra, bu hujumlarda 24 kishi halok bo‘lgan — ularning barchasi tinch aholi.

Human Righs Watch: G‘azodagi genotsid fonidagi harakatsizlikni tarix kechirmaydi

G‘azo sektoridagi genotsidning oldini olish uchun qo‘llarida vositalar va imkoniyatlar mavjud bo‘lishiga qaramay, hukumatlarning harakatsizligini tarix kechirmaydi. Bu haqda Buyuk Britaniyadagi Human Righs Watch (HRW ) inson huquqlari tashkiloti direktori Yasmin Ahmad "Anadolu" agentligiga bergan intervyusida aytdi. Suhbat Londondagi mitingda bo‘lib o‘tdi, unda minglab namoyishchilar Buyuk Britaniyaning Isroilga qurol sotishiga qarshi norozilik bildirish uchun Britaniya parlamenti binosi oldida ramziy «qizil devor» qurdi.

Yasmin Ahmadning qayd etishicha, HRW vakillari Britaniya hukumatiga G‘azoda genotsidning oldini olish va Falastin xalqini davom etayotgan urush jinoyatlari, insoniyatga qarshi jinoyatlar va genotsidlardan himoya qilish uchun zudlik bilan choralar ko‘rish zarurligini eslatish uchun namoyishda qatnashgan. «Buyuk Britaniya hukumati zudlik bilan Isroilga keng qamrovli qurol embargosi va Isroil davlatiga qarshi boshqa sanksiyalar joriy qilishi juda muhim», dedi u.

Shu bilan birga, agentlik suhbatdoshining qayd etishicha, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va bir qator davlatlar G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealar yuzasidan o‘z pozitsiyalarini keskinlashtirgan. «Ammo bu yetarli emasligini va bugungi voqealar hukumatlar genotsidning oldini olish vositalariga ega bo‘lgan, ammo buni uddalay olmagan bir lahza sifatida tarixga kirishini ochiq aytishimiz kerak. Qaror qabul qiluvchi odamlar bizning nomimizdan harakat qilmoqda. Shuning uchun biz qizil chiziq kesib o‘tilganini va bunda hukumatning mas’uliyati borligini ochiq aytmoqdamiz», dedi Ahmad.

Xitoy Markaziy Osiyo davlatlariga 209 million dollar beg‘araz yordam beradi

Xitoy esa e’tiborini Markaziy Osiyoga qaratmoqda. Xususan, 17 iyun kuni Ostona shahrida «Markaziy Osiyo — Xitoy» ikkinchi sammitida bo‘lib o‘tdi. Qosim-Jo‘mart To‘qayev raisligida o‘tgan tadbirda Xitoy raisi Si Jinping va MOning 5 ta davlati prezidentlari qatnashdi.

Yig‘ilish so‘ngida davlat rahbarlari Ostona deklaratsiyasi va Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Shuningdek, o‘nga yaqin hukumatlararo va idoralararo hujjatlar to‘plami qabul qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2025 yilda Xitoy Markaziy Osiyo davlatlariga 209 million dollar beg‘araz yordam beradi.

«Bu yil biz Markaziy Osiyo mamlakatlariga aholi farovonligini oshirish va o‘z rivojlanishiga ko‘maklashish bo‘yicha muhim loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 1,5 milliard yuan miqdorida bepul grant ajratishga tayyormiz», dedi Si Jinping.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy-Markaziy Osiyo formati doirasida Xitoy qashshoqlikdan xalos bo‘lish markazi, ta’lim sohasida almashinuv va hamkorlik markazi, cho‘llanishga qarshi kurash markazi, shuningdek, savdo uchun qulay shart-sharoitlar yaratish platformasini tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda Xitoyning Sian shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi sammit chog‘ida Si Jinping Markaziy Osiyo mamlakatlariga 26 milliard yuan (taxminan 3,72 milliard dollar) miqdorida beg‘araz yordam ajratilishini e’lon qilgan edi.

Fransiya sobiq bosh vaziri shartli qamoq jazosiga hukm qilindi

Fransiyaning sobiq bosh vaziri Fransua Fiyon rafiqasini soxta ishga joylashtirgani uchun to‘rt yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi. Parij apellyatsiya sudi shunday hukm chiqardi, shuningdek, uni 375 ming yevro jarimaga tortdi va besh yilga saylovlarda qatnashishni taqiqladi, deb xabar beradi AFP. Prokuratura siyosatchining o‘n yilga saylovda qatnashishini taqiqlashni so‘ragan.

Sudyalar Fiyon rafiqasi Penelopani yillar davomida parlament apparati xodimi bo‘lib ishlashga rasmiylashtirib qo‘yganini isbotladi, lekin u aslida ishlamagan. Bu 2017 yilda, prezidentlik saylovlaridan bir necha oy oldin ommaga ma’lum bo‘ldi, unda Fiyon eng yuqori davlat lavozimiga da’vogarlik qilgan, biroq yuzaga kelgan janjal natijasida u Emmanuel Makronga yutqazib qo‘ydi.

Mavzuga oid