Jahon | 13:27
2899
11 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy jurnalistlarni senzura qilayotgan Isroil, o‘ziga «muhlat bergan» Tramp va Zelenskiy bilan uchrashishga tayyor Putin – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Eron-Isroil urushi: voqealar rivoji

Bugun Isroil va Eron o‘rtasida urush boshlanganiga bir hafta bo‘ldi. Ikki tomon ham katta yetarlicha zarar ko‘rgan. Eron yirik harbiy amaldorlari va olimlarini yo‘qotgan bo‘lsa, Isroil o‘zi ishongan «Temir gumbazi»dan pand yemoqda va AQShni urushga tortishga harakat qilmoqda.

Xususan, kecha tongda Eron raketalari Tel-Aviv va uning atrofidagi to‘rt joyda nishonga yetib borgan. Isroil harbiylari dastlab, zarbalardan biri Soroka kasalxonasiga berilganini aytib chiqdi. Bu kasalxona — Isroildagi eng yirik tibbiyot markazlaridan biri bo‘lib, G‘azodan keltirilgan yarador askarlarni qabul qilgan.

Shuningdek, Eron raketalari Tel-Aviv mintaqasidagi Ramat Gan hududiga va Fond birjasi binosiga ham zarar yetkazgan. Eronning ushbu raketa hujumlari natijasida Isroilda ko‘plab binolar vayron bo‘lgan, jarohat olganlar soni 50ga yaqinlashdi.

Eron rasmiy axborot agentligi — IRNA bergan bayonotida, raketa hujumining «asosiy nishoni» — Isroil armiyasi bosh shtabi va razvedka markazi bo‘lib, u Gav-Yam texnologik parkida maskirovka qilingani aytilgan. Bu obekt Be’yer-Sheva shahridagi Soroka kasalxonasi yonida joylashgan.

IRNA'ga ko‘ra, kasalxonaga yetgan zarar faqat zarbaning portlash to‘lqinlari oqibatida kelib chiqqan, ya’ni to‘g‘ridan to‘g‘ri nishonga olinmagan. «Harbiy infratuzilma aniq va bevosita nishonga olingan», — deyiladi xabarda. Keyinroq, Isroil tibbiy xizmatlari vakili Soroka kasalxonasiga yetgan zarar raketaning bevosita urilishi emas, portlash to‘lqinlari sababli yuzaga kelganini tasdiqladi.

O‘z navbatida Isroil armiyasi o‘z qiruvchi samolyotlari Eron bo‘ylab o‘nlab nishonlarga hujum uyushtirganini, jumladan Arakdagi og‘ir suv yadroviy reaktori ham nishonga olinganini ma’lum qildi.

Muhofizlar korpusi qo‘mondoni Muhsen Rizoiy Isroilning zarbalaridan oldin «barcha boyitilgan yadro materiallari xavfsiz joylarga ko‘chirilgani»ni ta’kidladi. Rizoiyga ko‘ra, Isroil tomonidan Natanz, Isfahon, Xandob va Arakdagi yadro obektlariga uyushtirilgan hujumlar muhim materiallarga zarar yetkazmagan.

Isroilda Temir gumbaz o‘tkazib yuborayotgan raketa zarbalarining ortishi hamda Al-Jazeera telekanali Hayfada joylashgan neftni qayta ishlash zavodiga berilgan zarba haqida reportaj tayyorlagach, Isroil hukumati xorijiy jurnalistlarga nisbatan senzura qilishni boshladi.

Xususan, Isroil xavfsizlik kuchlari xorijiy telekanallarning suratga olish guruhlari yashayotgan Hayfa shahridagi mehmonxonalarda reydlar o‘tkazdi. Raketa kelib tushgani aytilgan Soroka kasalxonasiga jurnalistlar kelishini taqiqlab qo‘ydi.

Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir esa fuqarolarni Al-Jazeera telekanalini tomosha qilayotganlar haqida politsiyaga xabar berishga chaqirdi. U bu ko‘rsatuvlarni «davlat xavfsizligiga tahdid» deb atagan.

Tramp o‘ziga 2 hafta «muhlat berdi»

Oq uy matbuot kotibi Kerolin Livitning aytishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralar ehtimoli yuqori bo‘lgani sababli, unga hujum qilish yoki qilmaslik haqida ikki hafta ichida qaror qabul qiladi.

Livitning so‘zlariga ko‘ra, Tramp yana bir bor diplomatiyaga imkon bermoqchi va Eron bilan yadro muzokaralarida nima sodir bo‘lishini kuzatmoqchi.

«Prezident bu borada qarorni bevosita o‘zi e’lon qiladi. U aytdiki, Eron bilan muzokaralar yaqin kunlarda boshlanishi mumkin. Shu sababli, ikki hafta ichida hujum qilish yoki qilmaslik haqida qaror qabul qiladi. Prezident, agar imkon bo‘lsa, har doim diplomatik yechimlarni afzal ko‘radi. U global mojarolarda tinchlik tarafdori — u bosh diplomatchi, ammo zarurat tug‘ilsa kuch ishlatishdan ham cho‘chimaydi», degan Oq uy so‘zchisi.

Trampning ushbu bayonoti fonida Reuters nashri Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari juma kuni Jyenevada Eron tashqi ishlar vaziri bilan uchrashmoqchi ekani haqida xabar tarqatdi. Muzokaralar mavzusi Tehronning yadroviy dasturi bo‘ladi. Reutersʼning Yevropadagi diplomatik manbalariga ko‘ra, uchrashuv AQSh bilan kelishilgan holda o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, AQSh Senatining razvedka bo‘yicha maxsus qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mark Uorner Milliy razvedka xizmati Eronning yadroviy qurol yaratish ustida ishlayotgani haqida haligacha hech qanday dalilga ega emasligini aytgan.

Uorner — Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard 25 mart kuni maxsus qo‘mita uchun yozma bayonotida: «Eron bomba yasash bo‘yicha hech qanday chora ko‘rmadi», deb aytganini ham qo‘shimcha qildi. «Shu haftaning dushanba kuni biz razvedka ma’lumoti o‘zgarmagani haqidagi tasdiqni oldik. Tvitlar orqali tashqi siyosat yuritish — ahmoqona ish. Lekin bu odam shunday qilyapti», deya qo‘shimcha qildi senator-demokrat.

Avvalroq, tahlilchilar, Isroilning o‘zboshimchalik bilan boshlagan hujumi Eronning fikri o‘zgarishiga olib kelgan bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Putin Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorligini aytdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «hamma bilan, shu jumladan» ukrainalik hamkasbi Volodimir Zelenskiy bilan ham uchrashishga tayyorligini aytdi. U bu haqda Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida xalqaro axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

«Muammo bunda emas. Agar Ukraina davlati kimgadir muzokaralar olib borishni ishonsa – mayli, bu Zelenskiy bo‘la qolsin. Gap bunda emas, gap hujjatni kim imzolashida. Menga qarang, men hech narsa o‘ylab topganim yo‘q-ku. Propaganda nuqtayi nazaridan amaldagi hokimiyatning legitimligi haqida istalgan narsani aytish mumkin, ammo biz uchun jiddiy masalalarni hal qilishda propaganda emas, balki huquqiy tarkibiy qism muhim», – deya qo‘shimcha qildi Putin. Ukraina Konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident besh yilga saylanadi, «hukumat vakolatlarini uzaytirish usullari yo‘q, hatto harbiy holat sharoitida ham», deya davom etdi Putin. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy holatda faqat Oliy Radaning vakolatlari uzaytiriladi.

«U yerda yozilishicha, harbiy holat sharoitida saylovlar o‘tkazilmaydi, bu haqiqat. Lekin hech qayerda prezidentning huquqlari uzaytirilishi haqida yozilmagan. Yo‘q, tamom! Konstitutsiyaviy tuzilishiga ko‘ra, Ukraina parlament yoki prezidentlik respublikasi emas, balki prezidentlik-parlament respublikasidir. Bu nimani anglatadi: bu barcha hokimiyat organlari prezident tomonidan shakllantirilishini anglatadi», – dedi Putin va agar davlat rahbari qonuniy bo‘lmasa, «butun hokimiyat tizimi qonuniy bo‘lmay qolishi»ni qo‘shimcha qildi.

Ekspertlar: Isroilning G‘azoga yordam olib ketayotgan kemaga qarshi harakatlari xalqaro qonunlarga ziddir

Isroil harbiylarining G‘azo sektoriga gumanitar yordam olib ketayotgan Madleen kemasini to‘xtatishi xalqaro huquqning buzilishi va urush jinoyati hisoblanadi. Bu haqda York universiteti huquq fakulteti o‘qituvchisi Heydi Metyus va Abu-Dabi Nyu-York universitetidan Jinan Bastaki «Anadolu» bilan suhbatda aytib o‘tdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kema xalqaro suvlarda suzib ketayotganda qo‘lga olingan. «Isroil G‘azoning qonuniy dengiz blokadasi bir qismi sifatida kemani to‘xtatib turish huquqiga ega ekanini da’vo qilmoqda. Agar blokada qonuniy bo‘lsa, Isroil nazariy jihatdan uni xalqaro suvlarda qo‘llash huquqiga ega bo‘lardi. Biroq, bu faqat ma’lum sharoitlarda mumkin bo‘ladi, masalan, kema haqiqiy xavf tug‘dirsa yoki bu transport vositasida harbiy harakatlarga samarali hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan holatlar bo‘lsa», — deya tushuntirdi Heydi Metyus.

Bundan tashqari, agentlik suhbatdoshi Isroilning G‘azo blokadasi mutlaq noqonuniyligini ta’kidladi. «Ushbu blokadadan maqsad tinch aholi o‘rtasida qasddan ocharchilikni keltirib chiqarishdir, bu esa jamoaviy jazo va harbiy jinoyat hisoblanadi». Metyus Xalqaro jinoiy sud (XJC) Isroilning ochlikdan qurol sifatida foydalangani va bu bilan urush jinoyati sodir etgani haqida asosli da’vo qilganini eslatdi.

«To‘rtinchi Jyeneva konvensiyasi insonparvarlik yordamining erkin o‘tishiga ruxsat berish majburiyatini ko‘zda tutadi. Humanitar qonunchilik insonparvar yordam operatsiyalariga aralashishni taqiqlaydi. Bundan tashqari, XJS tinch aholining ochlikdan o‘lishi uchun jinoiy javobgarlikka tortadi», — dedi u.

Kallas G‘arbni Rossiyaga qarshi birlashishga chaqirdi

Ukrainadagi urush yuzasidan AQSh va NATOning aksariyat boshqa davlatlari o‘rtasida davom etayotgan kelishmovchiliklar fonida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas G‘arb ittifoqchilarini birdam bo‘lishga chaqirdi. Strasburgda Yevroparlamentda qilgan chiqishida u: «Rossiyaning NATO va YeIga qarshi hech qanday imkoniyati yo‘q», dedi va shunday ta’kidladi: «Ammo biz birga bo‘lishimiz kerak!»

24—25 iyun kunlari Haagada bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti oldidan Yevropa diplomatiyasi rahbari «alyansda birlikni saqlash mudofaa xarajatlarini oshirish kabi ustuvor vazifa bo‘lishini» aytdi. «Men NATOdagi ittifoqchilarimiz bilan birgalikda harakat qilish orqali yengib bo‘lmaydigan tahdid borligiga ishonmayman», — deya qo‘shimcha qildi Kallas.

The Times'ning Ukraina prezidenti ma’muriyatidagi manbasiga tayanib yozishicha, Haagadagi sammitga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham taklif qilingan, biroq bu boradagi qaror «sammit arafasida» qabul qilinadi.

Mavzuga oid