Jahon | 18:14
1295
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik amaldorlar bir yil ichida 2 mingdan ortiq mobil qurilmani yo‘qotib qo‘ydi - The Guardian

Ularni almashtirish uchun 1,3 mln funtdan ortiq mablag‘ talab etiladi. Moliyaviy zarardan tashqari, hukumatdagi xizmat qurilmalarining yo‘qolishi «milliy xavfsizlik uchun ulkan tahdid» uyg‘otadi.

Foto: Allenden/Alamy

Buyuk Britaniya hukumati a’zolariga xizmat vazifalarini bajarish uchun berilgan minglab mobil qurilmalar (smartfonlar, planshetlar va noutbuklar) oxir-oqibat yo‘qolgan yoki o‘g‘irlatib qo‘yilgan. The Guardian’ga ko‘ra, oxirgi bir yilning o‘zida hukumat 2 mingdan ortiq qurilma yo‘qolgani aniqlangan, ularni almashtirish uchun har yili 1,3 million funtdan ortiq mablag‘ talab etiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Mehnat va pensiya ta’minoti vazirligi o‘tgan yili 240 ta noutbuk va 125 ta telefon yo‘qolganini qayd etgan. Hukumat faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Vazirlar mahkamasi esa 66 ta noutbuk va 124 ta mobil telefon yo‘qolgan yoki o‘g‘irlanganini ma’lum qilgan. Joriy yilning besh oyida esa Mudofaa vazirligi 103 ta noutbuk va 387 ta telefon yo‘qolganini qayd etgan.

Kiberxavfsizlik sohasidagi mutaxassislarning ta’kidlashicha, moliyaviy zarardan tashqari, hukumatdagi xizmat qurilmalarining yo‘qolishi «milliy xavfsizlik uchun ulkan tahdid» uyg‘otadi.

«Bu hayratlanarli darajada katta raqamlar. Bunday katta raqamlar haqida ketganda, bu hakerlarga hujum uchun ulkan imkoniyatlar taqdim etadi. «Agar bu raqamning atigi 1 foizi tizim administratorlaridan o‘g‘irlangan telefonlar bo‘lsa ham, bu allaqachon tizimni buzish uchun yetarli», — deydi Surrey universitetining kiberxavfsizlik bo‘yicha eksperti professor Alan Vudvord.

Mudofaa vazirligi va Angliya bankining ma’lum qilishicha, qurilmalar yo‘qolgan yoki o‘g‘irlangan taqdirda hukumat ma’lumotlari shifrlash orqali himoya ostida qoladi. Shu bilan birga, o‘g‘irlik holatlari bo‘yicha tergovlar olib boriladi.

Mavzuga oid