O‘zbekiston | 19:42 / 24.06.2025
1996
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida qo‘shma deklaratsiya imzolandi

Hujjat ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli sheriklik munosabatlarini o‘rnatishni nazarda tutadi.

Ulan-Bator shahrida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux keng qamrovli sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.

Shuningdek, prezidentlar huzurida quyidagi hujjatlar imzolandi:

- o‘simliklar karantini va himoyasi, oliy ta’lim, tog‘-kon sanoati, atrof-muhitni muhofaza qilish, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish, sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani, jismoniy tarbiya va sport sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar;

- ikki mamlakat arxiv idoralari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;

- O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan Mo‘g‘uliston Iqtisodiyot va taraqqiyot vazirligi o‘rtasida, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi bilan Mo‘g‘uliston Madaniyat, sport, turizm va yoshlar vazirligi o‘rtasida 2025-2028 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturlari;

- O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Mo‘g‘uliston Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vazirligi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha hamkorlik rejasi;

- O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan Mo‘g‘uliston Madaniyat, sport, turizm va yoshlar vazirligi o‘rtasida ekoturizm sohasidagi harakatlar rejasi.

Mavzuga oid