O‘zbekiston | 19:31 / 24.06.2025
1329
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shni davlatlardan olib kelingan 8,2 kg narkotik moddalar to‘xtatib qolindi

Xususan, Surxondaryo viloyatida yashovchi shaxsning uyidan Tojikistondan olib kelingan 2 kilodan ortiq opiy moddasi aniqlangan. Namanganda esa tekshiruv uchun to‘xtatilgan mashina salonidan qariyb 3 kg gashish topilgan.

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida yashovchi 30 yoshli shaxs Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 896 gramm gashish moddasini kelgusida sotish maqsadida Denov tumani hududidagi xufiya joyga yashirish uchun olib borayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadonidan ham 2 kilogramm 260 gramm opiy moddasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi, bojxona va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Namangan shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan 38 yoshli fuqaro boshqaruvidagi avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 2 kilogramm 990 gramm gashish moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, Qirg‘iziston fuqarosi tomonidan aylanma yo‘llar orqali Yangiqo‘rg‘on tumani hududiga yetkazib berilgan mazkur giyohvandlik vositasi Namangan shahrida sotilishi rejalashtirilgan.

Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa Marg‘ilon shahrida yashovchi 52 yoshli va Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi 53 yoshli ikki nafar fuqaro o‘zaro jinoiy til biriktirib, Tojikistondan olib kelingan 487 gramm gashish moddasini 5000 AQSh dollariga sotgan vaqtlarida DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Shuningdek, toshloqlik fuqaroning yashash xonadonidan 599 gramm gashish moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Bu kabi qonunbuzilish holati Samarqand viloyatida ham qayd etilib, xususan, Urgut tumanida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun bir necha marotaba sudlangan 42 yoshli shaxs Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 982 gramm opiy moddasini o‘zining jinoiy sherigi bo‘lgan, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro bilan birga xaridorga 8000 AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Mavzuga oid