O‘zbekiston | 12:11
3545
13 daqiqa o‘qiladi

Imtihon yaqin: bu yil abituriyentlarni nimalar kutyapti? – eng muhim savollarga rasmiylardan javoblar

OTMga kirish imtihoni qachon boshlanadi? Minimal o‘tish balli oshiriladimi? Natijalarni hisoblashda maktab baholari inobatga olinadimi? Kun.uz shu kabi savollar bilan Oliy ta’lim vazirligi hamda BMBA (sobiq DTM) rasmiylariga yuzlandi. Suhbat davomida ayni kunlarda aksariyat abituriyentlarni qiziqtirayotgan eng muhim masalalarda javob berildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

5 iyundan O‘zbekiston oliygohlariga kirish imtihonlarida ishtirok etish uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish boshlandi. Ayni kunlarda qabul davom etyapti. 25 iyunda yakunlanadi.

Kun.uz shu kunlarda qabul jarayoni qanday ketayotgani, imtihon qay tartibda o‘tkazilishi kabi masalalarda rasmiylar bilan jonli efir formatida intervyu o‘tkazdi.

Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ta’lim sifatini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Abdusamat Mamanazarov, Bilim va malakalarni baholash agentligining test sinovlarini tashkil etish va nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Jamshid Odilov hamda test texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Zafar Olimbekov ishtirok etdi. Quyida suhbatdan qisqa sharh keltiriladi.

Qabulda “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili

2024 yildan prezidentning 81-sonli farmoni bilan qabul “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida o‘tkazilmoqda. Jamshid Odilovga ko‘ra, buning natijasida ro‘yxatga olish muddatlari ham o‘zgargan.

Ayrim abituriyentlarimizda savollar bo‘lyaptiki, “20 iyundan 20 iyulgacha bir oy bo‘lardi, hozir muddatini qisqartirib qo‘ygansizlar” degan murojaatlar ham bo‘ladi. Aslida unday emas, hozir ro‘yxatga olish ikki qismga bo‘lingan. Biz birinchi bosqich, ikkinchi bosqich deb aytamiz.

5 iyundan 25 iyungacha bo‘lgan jarayon bu – birinchi bosqich. Bu – test sinovi uchun eng minimal ma’lumotlarni kiritish kerak bo‘lgan bosqich. Bunda abituriyentlarimiz test sinovi topshiradigan fanlar majmuasini, test sinovini qaysi tillarda topshirishini va qaysi hududda test sinovida ishtirok etishini tanlashadi. Agar ular alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlariga topshiradigan bo‘lsa, ularga kasbiy-ijodiy imtihon o‘tkaziladigan yo‘nalish bilan birga kasbiy-ijodiy imtihonni topshirish qulay bo‘lgan oliy ta’lim muassasasini ham tanlash imkoniyati berildi.

Endi ikkinchi bosqich bor, unda ta’lim yo‘nalishlarini tanlash uchun 15 kun muddat beriladi. Ikkalasini qo‘shganimizda, o‘zi oldingi, eski tartibga ko‘ra, abituriyentlarga ko‘proq muddat berilyapti”, – deydi Odilov.

24 iyun soat 10:30 holatiga ko‘ra, 615 mingdan ziyod abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tib bo‘lishgan. Odilov bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga qaraganda kamroq ekanini bildirdi.

Adashmasam, [o‘tgan yili] shu vaqtda 670 ming atrofida abituriyent ro‘yxatdan o‘tgandi. Ya’ni o‘tgan yilgidan biroz kamroq, lekin juda ham katta farq mavjud emas. Demak, hali ro‘yxatga olish yakunlanmagan, yana ikki kun bor, bugun va ertaga. Ertaga 23:59 ga qadar abituriyentlarimiz onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Belgilangan tartibda agar to‘lovni amalga oshiradigan bo‘lsa, to‘lovni amalga oshirishlari mumkin”, – dedi rasmiy.

IELTS topshirib, sertifikatini ololmayotganlar masalasi nima bo‘ladi?

Tarmoqlarda ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha xalqaro sertifikat – IELTS testlarining savollari sizdirilganiga oid xabarlar tarqaldi. Buning fonida 20 iyun kuni imtihon oluvchi tashkilotlar: Britaniya kengashi (British Council) hamda IDP (Edu-Action Centre) 7 iyun sanasida topshirgan barcha nomzodlarning natijalari Cambridge English tomonidan qoidalarga asosan qayta tekshirishga olib qolinishi haqida e’lon berdi.

Qabul jarayonlari ketayotgan vaqtda bu holat ko‘plab abituriyentlarning xavotiriga sabab bo‘lmoqda. BMBA vakili Odilov bu masalaga ham to‘xtalib o‘tdi.

Bu jarayon qachongacha davom etishini bilmaymiz, ya’ni bir rasmiy holat ham mavjud emas. [Cambridge Englishʼning tekshiruv natijalari] 25 iyunda chiqadimi yoki 27 iyunda yoki iyul oyiga o‘tib chiqadimi, hali hech qanaqa rasmiy ma’lumot yo‘q.

Faqatgina “bu xavfsizlik jihatidan maxsus tekshiruvga olingan” degan ma’lumot bor xolos. O‘z-o‘zidan muddat uzaytirib berish masalasi, qandaydir rasmiy sana bo‘lganda ham balki ko‘rib chiqish mumkindir. Lekin amaldagi holatdan va qonunchilik hujjatlaridan kelib chiqsak, ro‘yxatga olishni 5 iyundan 25 iyungacha amalga oshirish belgilangan va hozircha ro‘yxatga olish muddatlarini uzaytirish rejalashtirilmagan”, – dedi Odilov.

U sertifikati yo‘qlar imtihon topshirishi zarurligini ham ta’kidladi.

O‘z-o‘zidan bu yerda ikkita holat bor. Birinchisi, sertifikatni [qabul tugaganidan keyin] yuklagani bilan fanlarni o‘zgartira olmaydi. Ularning asosiy xohishi chet tilini birinchi fan sifatida tanlash. U o‘zi yuklay oladimi, degan savolga, yuklay olmaydi. Chunki ro‘yxatga olish yakunlanishi bilan biz o‘sha abituriyentlar bazasini olib, tahlil qilishni boshlaymiz, test sinovlariga tayyorgarlik ketadi”, – dedi rasmiy.

Mazkur suhbat e’lon qilinganidan so‘ng, kunning 2-yarmida Britaniya kengashi muammo hal qilingani yuzasidan ma’lumot berib chiqdi. Unga ko‘ra, 7 iyun kuni imtihon topshirganlarning natijasi e’lon qilingan.

O‘rta maxsus ta’lim bitiruvchilariga diplom va attestatlari berilishi kechikyaptimi?

Kun.uzʼga kelgan murojaatlarga ko‘ra, maktab va professional ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘qishni tugatganlikka oid hujjatini olishi kechiktirilmoqda. Ko‘plab abituriyentlar bu sabab ro‘yxatdan o‘tmay qolishdan xavotirda.

Oliy ta’lim vazirligi vakili Abdusamat Mamanazarov bundan hech ham qo‘rqmaslik kerakligini, ayni qabul jarayonlarida diplom va attestat zarurmasligini bildirdi.

Umuman, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha ta’lim muassasasini tugatganlik to‘g‘risidagi hujjatlar berilyapti. Lekin o‘ylaymanki, bunda hech qanaqa ro‘yxatdan o‘tishda muammo yo‘q. Bunday holat biror marta hali kuzatilmagan.

Sababi o‘rta maxsus ta’lim muassasasini tugatganlik to‘g‘risidagi hujjatning asli qachonki abituriyent ro‘yxatdan o‘tib, test sinovlarida ishtirok etib, ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichida ham ishtirok etib va talabalikka tavsiya etilgandan so‘nggina talab etiladi. Shuning uchun bu muammoga unday chuqur e’tibor qaratish shart emas. Undan ko‘ra, abituriyentlarimiz test sinovlariga tayyorgarlikka e’tibor qaratsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bu ularda muammo keltirib chiqarmasa kerak deb o‘ylayman”, – dedi Mamanazarov

BMBA mutasaddisi esa bunday holatlar kuzatilayotgan bo‘lishi mumkinligini, o‘ta individual vaziyat bo‘lgani sabab abituriyentlar o‘zi o‘qigan ta’lim muassasasi rahbariyatiga murojaat qilgani to‘g‘ri ekanini aytdi.

10-sinflar ham imtihonda qatnasha oladimi?

Jamshid Odilov bu savolga “yo‘q” deb javob berdi. Qayd etilishicha, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq qo‘lida attestati yo‘qlar sinov tariqasida imtihonda qatnasha olmaydi.

Ular tegishli axborot tizimlarida ham bitiruvchi sifatida kelmaydi. Ro‘yxatdan o‘tayotganda, agar abituriyent joriy yil bitiruvchisi bo‘ladigan bo‘lsa, ma’lumotlar avtomatik keladi. Joriy yil bitiruvchisi bo‘lmasa, ma’lumotlarni o‘zi to‘ldirishi kerak.

O‘zi to‘ldirayotganda tugatilgan ta’lim muassasasi ma’lumotlarida: qaysi hududda joylashgan, ta’lim muassasasi nomi, u yerdan berilgan attestat yoki diplomni kiritishi kerak. Abituriyent u yerga nima deb kiritadi? To‘g‘ri, ayrim abituriyentlar shunga harakat qilyapti: “Men 2024 yilda yoki 2023 yilda tugatganman, qo‘limda shunaqa attestat bor”, deb kirityapti. Lekin mantiqan o‘ylab qarasak, bu qanchalik to‘g‘ri? Uning qo‘lida ma’lumot yo‘q. Bu, qo‘pol qilib aytganda, hujjatlarni soxtalashtirish desak ham bo‘ladi-da”, – dedi Odilov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bilimini sinab ko‘rishni istovchilar yil davomida agentlik tomonidan diagnostik test sinovlarida ishtirok etishi mumkin.

Sirtqi ta’lim yopildi, uning muqobillari va unga qabul haqida

Yangi o‘quv yilidan boshlab OTMda sirtqi ta’limga qabul to‘xtatiladi. Bu prezidentning tegishli farmonida nazarda tutildi. Uning o‘rnida kechki, masofaviy hamda part-time shakllar joriy etiladigan bo‘ldi.

Ayni vaqt amalda kechki va masofaviy ta’lim shakllari mavjud. Masofaviy ta’lim shaklida 21 ta OTM ishlab kelmoqda. Bu yil unga qabul juda keng miqyosda amalga oshirilishi kutilyapti. Oliy ta’lim vazirligi vakiliga ko‘ra, bu yildan asosiy ustuvorlik masofaviy ta’limga beriladi.

Uning aytishicha, hozirda part-time ta’lim shakli qanday ko‘rinishda bo‘lishi yuzasidan tegishli hujjatlar ishlab chiqilib, vakolatli organlarga tasdiqlatish uchun taqdim qilingan. Shundan kelib chiqilsa, bu o‘quv yilidan part-time ta’lim shakllari joriy etilmasligi mumkin.

Magistratura va ikkinchi mutaxassislik

Suhbatdoshlarga ko‘ra, bakalavriat uchun qabul tugagach, 1 iyuldan 30 iyulgacha magistratura uchun ro‘yxatdan o‘tiladi. Bu Oliy ta’lim vazirligining rasmiy sayti orqali amalga oshiriladi. Jarayonda faqatgina xorijiy tilni bilish to‘g‘risidagi sertifikatni yuklash talab etiladi.

Ikkinchi mutaxassislikda ham xuddi shunday ro‘yxatdan o‘tiladi. Bunda imtihon shakli bo‘yicha mustaqillik barcha OTMga berilgan. Ya’ni ular topshirayotgan abituriyentlar soni hamda ta’lim yo‘nalishining xususiyatidan kelib chiqqan holda imtihonning shaklini belgilaydi. Bu suhbat, test, yozma shaklda bo‘lishi mumkin.

Imtihon qachon boshlanadi? Bu borada taxminiy sana bormi?

O‘tgan yili kirish imtihonlari 14 iyuldan 25 iyulgacha o‘tkazilgandi. Bu yil bu sanalar o‘zgarishsiz qoladimi? Jamshid Odilov katta ehtimol shunday bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Biz amaliyotdan kelib chiqamiz, juda ham keskin farq bo‘lmaydi, 15 kunlar farq qilib ketmaydi. Bu yo avgust oyi boshlanishi, avgustga yoki iyulning boshiga ko‘chib qolmaydi. Chunki tayyorgarlik bilan bog‘liq masala ham bor. Bizda baribir tayyorgarlik uchun kamida 20 kunlar kerak. Taxminan o‘sha 14-15 iyullarda boshlanishi mumkin deb ayta olamiz”, – deydi rasmiy.

Odilov imtihondan bir hafta oldin ruxsatnomalar e’lon qilinishini, shaxsiy kabinet orqali undagi ma’lumotlarni olish mumkinligini aytdi. U bu vaqtda abituriyentlar sergakroq bo‘lishi kerakligini bildirdi.

Imtihon qayerda o‘tkaziladi, buning uchun qancha bino ajratildi?

Imtihonlar har yili katta sig‘imli binolarda o‘tkazib kelinadi. O‘tgan yili 73 ta binoda o‘tkazilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda dastlabki ro‘yxat shakllantirilganida 90 ta bino qayd etilgan.

Bu, albatta, zaxirasi bilan birga. O‘sha ro‘yxatga olish yakunlangandan so‘ng, abituriyentlar sonidan kelib chiqqan holda yakuniy binolar ro‘yxati tasdiqlanadi. Albatta hozir shakllantirilgani o‘sha fors-major holatlarni ham hisobga olib, eng maksimum holatda bo‘lishi mumkin bo‘lgan holat deb shakllantirilgan”, – dedi Jamshid Odilov.

Abituriyentlar bino manzilini ruxsatnomasi orqali bilib olishadi. Unda imtihonga kirish sanasi va smenasi ham yoziladi. Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid