Jahon | 21:44 / 27.06.2025
5255
2 daqiqa o‘qiladi

NATO sharqqa kengaymaydi deb Rossiyani chuv tushirishdi – Putin

«Vaholanki, butun dunyoga ma’lum, NATO sharqqa bir qarich ham kengaymaydi deb Rossiyaga va’da berildi. Keyin esa ketma-ket kengayish to‘lqini boshlandi», dedi Putin.

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, Ukrainada urush boshlanishidan oldin NATO davlatlari o‘z va’dalarini buzib, sharq tomon kengayishni boshlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Atlantika alyansi a’zolari harbiy xarajatlarning o‘sishini Rossiya tahdidlari bilan izohlasa-da, bu ularning «tajovuzkorligi» haqida gapiradi.

«Ammo biz bu maxsus harbiy operatsiyaga qanday yaqinlashdik, bu haqda hech kim bir og‘iz so‘z aytmayapti. Va hammasi qanday boshlandi? NATO sharqqa kengaymaydi deb bizga dam berishdi, aldashdi, xalq tili bilan aytganda chuv tushirishdi. Vaholanki, butun dunyoga ma’lum, NATO sharqqa bir qarich ham kengaymaydi deb Rossiyaga va’da berildi. Keyin esa ketma-ket kengayish to‘lqini boshlandi», dedi Putin.

«Bizda yaxshi naql bor: «Birovning ko‘zidagi zirapchani payqaysan, o‘z ko‘zingdagi g‘o‘lani sezmaysan». Mana shunday munozara ortidan, go‘yoki Rossiyaning tajovuzkorligi bahonasida qurollanish zarurligi haqida gapirilmoqda. Mayli qurollanaverishsin. Ular xuddi kecha tug‘ilgan yosh boladek. Bunaqasi ketmaydi. Harbiy xarajatlarni ko‘paytirishmoqchimi, ko‘paytiraverishsin. Bu ularning tajovuzkorligidan dalolat beradi», deb qo‘shimcha qildi Putin.

Mavzuga oid