Sport | 13:23 / 03.07.2025
25475
3 daqiqa o‘qiladi

«Liverpul» hujumchisi Jota YTH oqibatida halok bo‘ldi

Iyun oyi oxirida uning nikoh marosimi bo‘lib o‘tgandi.

«Liverpul» hujumchisi, Portugaliya milliy jamoasi a’zosi Diogu Jota 28 yoshida olamdan o‘tdi, deb xabar bermoqda Marca.

Jota Ispaniyaning Zamora provinsiyasida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi qurboni bo‘lgan.

Xabar qilinishicha, YTH A-52 trassasining 65-kilometrida, Palasios-de-Sanabriya munitsipalitetida sodir bo‘lgan. Diogu va 26 yoshli ukasi, boshqa bir professional futbolchi, Portugaliyaning «Penafiyel» klubi a’zosi Andre Jota bilan ketayotgan Lamborghini rusumli avtomobil boshqaruvni yo‘qotgan va yonib ketgan.

As nashri yozishicha, YTHga quvib o‘tish vaqtida mashinaning shinasi yorilib ketgani, shundan keyin haydovchi boshqaruvni yo‘qotgani sabab bo‘lgan.

CNN ma’lumotiga ko‘ra, Jota yaqinda o‘pkasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazgandi va shifokorlar unga samolyotda uchmay turishni tavsiya qilishgandi. Futbolchi YTHdan oldin Ispaniya shimoliy sohillaridagi Santander shahriga ketayotgan bo‘lgan, u bu yerda paromga chiqib, Buyuk Britaniyaga yetib olishni rejalashtirgandi. Jota «Liverpul»ning mavsumoldi yig‘iniga qo‘shilish uchun Angliyaga qaytayotgandi.

Jota va uning ukasi qattiq kuyib ketganidan darhol taniy olishmagan. Mashina kimga tegishli bo‘lgani faqat nomerlarni tekshirishganidan keyin aniqlangan.

Diogu Jota muqaddam Portugaliyaning «Pasush de Ferreyra» va «Portu», Ispaniyaning «Atletiko», Angliyaning «Vulverhempton» klublarida to‘p surgan, 2020 yildan buyon mersisaydliklar klubi safida to‘p surib kelayotgandi.

«Qizillar» safida u barcha turnirlar doirasida 182 o‘yinda maydonga tushib, 65 gol urgan va 26 golga uzatma bergan.

Jota «Liverpul» bilan ikki karra Angliya chempioni (2020/21 va 2024/2025 yillar mavsumi), Angliya Kubogi sohibi (2021/22), Angliya Superkubogi egasi (2022), Chempionlar ligasi g‘olibi (2018/19) bo‘lgan, shuningdek UYeFA Superkubogi (2019) va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida (2019) g‘olib chiqqan.

Shuningdek, Portugaliya milliy jamoasi safida ikki bor Millatlar ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan. Milliy jamoa safida u 46 o‘yinda maydonga tushib, 14 gol urgan. 

Portugaliyalik futbolchi shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida iyun oyi oxirida o‘tkazilgan to‘yidan fotosuratlarni bo‘lishgandi. U o‘z qaylig‘i Rute Kardoza bilan munosabatlarini rasmiylashtirgandi.

2012 yildan buyon birga yashab kelgan juftlikning uch nafar farzandi bo‘lgan.

Mavzuga oid