Jamiyat | 15:02 / 03.07.2025
3056
3 daqiqa o‘qiladi

Tenge Bankʼdan 90 ming AQSh dollarini talon-taroj qilgan shaxslar qo‘lga olindi

Firibgarlar postterminalga yolg‘on axborot kiritish yo‘li bilan Tenge Bankʼdan  90 000 AQSh dollari miqdoridagi pulni o‘g‘irlashgan. Ushbu jinoiy ish doirasida 9 kishi qo‘lga olindi.

Foto: IIV

Toshkent shahridagi bankdan 90 ming AQSh dollarini noqonuniy ravishda olib chiqib ketgan jinoiy guruh Ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘lga olindi, deya xabar berdi IIV matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, joriy yilning 18 iyun kuni Yashnobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga Tenge Bank  chakana xizmatlar ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i ariza bilan murojaat qilgan.

U o‘z arizasida noma’lum shaxslar tomonidan 90 000 AQSh dollari miqdorida pul mablag‘lari talon-toroj qilinganligini ma’lum qilgan. Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida shu kunning o‘zida bir necha shaxslar bank kassasiga mijoz sifatida tashrif buyurib, bank kartasida mavjud 90 000 AQSh dollarini naqdlashtirish maqsadida postterminalga yolg‘on axborot kiritish yo‘li bilan ushbu miqdordagi pulni olib ketganligi aniqlangan.

Tezkor-texnik tadbirlar natijasida ushbu xatti-harakatlarni sodir etgan jinoiy guruhning barcha a’zolari qo‘lga olingan.

«Men bir yil oldin har xil Telegram guruhlariga kirib qolib, xitoylik odamlar bilan gaplashganman va ulardan jinoiy ishga tortiladigan har xil maxinatsiya va moshenniklik bilan shug‘ullanadigan guruhlarda programmalarni ko‘rib, ularni test qilib, har xil magazinlarga kirib, ularni tekshirib ko‘rib, planga o‘tdim. Bank xodimini topdim. Bank xodimi bilan kelishgan holda, bizlar bankka kirib, 90 000 AQSh dollarini programma orqali yechib oldik. Men qilgan ishimdan juda ham pushaymonman, sizlar ham unaqa joylarga kirmanglar, yengil pul hech qachon hech qayerda bo‘lmaydi», - deydi qo‘lga olingan shaxslardan biri.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 12 dona telefon apparati, postterminal, 9 dona bank kartasi, 1 670 000 so‘m va 36 495 AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida olingan. Jami 9 nafar shaxs Jinoiy-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Mavzuga oid