Jahon | 08:03 / 03.07.2025
1059
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy YeIni «global barqarorlik» uchun o‘zaro hamkorlikka chaqirdi

Pekin va Bryussel sheriklik va hamkorlikka amal qilishi kerak - Van I.

Foto: Anadolu Agency

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Yevropa Ittifoqini global barqarorlikni ta’minlash uchun Pekin bilan ishonchli, kuchli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga chaqirdi.

Global Times nashrining yozishicha, Van I Germaniya, Fransiyada bo‘lib, 30 iyundan 6 iyulgacha Yevropada bir qator uchrashuvlar o‘tkazadi.

Kuni kecha tashrif doirasida Xitoy diplomatiyasi rahbari Belgiya bosh vaziri Bart de Vever bilan muzokaralarda ishtirok etdi.

Van I bu yil Xitoy va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 50 yil to‘lishini eslatib, hozirgi xalqaro vaziyatda Pekin va Bryussel sheriklik va hamkorlik tamoyillariga amal qilishi zarurligini ta’kidladi.

«Xitoy va YeI global barqarorlik yo‘lida ishonchli, kuchli va o‘zaro manfaatli sheriklarga aylanishi kerak. Ikkala tomon ham muloqotni, o‘zaro tushunishni kuchaytirishi, ishonchni mustahkamlashi va ko‘p tomonlama tizim va erkin savdoni birgalikda qo‘llab-quvvatlashi kerak», deb ta’kidladi vazir.

Belgiya bosh vaziri de Vever, o‘z navbatida, murakkab geosiyosiy muhitda mavjud tafovutlarga qaramasdan, Yevropa va Xitoy o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash va muloqotni rivojlantirish muhimligiga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, u Belgiya ko‘p tomonlama siyosat tarafdori ekanini, Yevropaning strategik muxtoriyatini mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlashini va bo‘lajak YeI-Xitoy sammitidan ijobiy natijalar kutayotganini ta’kidladi.

De Vever, ayniqsa, Bryussel «yagona Xitoy» siyosatiga qat’iy rioya qilishini ta’kidladi. Tomonlar Ukrainadagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdi.

Mavzuga oid