Jahon | 19:06
1110
3 daqiqa o‘qiladi

Firibgar SI yordamida Marko Rubio nomidan bir necha rasmiylarga xat yubordi

Noma’lum shaxs sun’iy intellektga (SI) asoslangan dastur yordamida Rubioning ovozi va yozish uslubiga taqlid qiluvchi xabarlarni amaldorlarga yuborgan.

Foto: Getty images

Noma’lum firibgar o‘zini AQSh Davlat kotibi Marko Rubioga o‘xshatib, amerikalik va xorijiy rasmiylar, jumladan, uch vazir bilan yozishma qildi, deb xabar berdi The Washington Post (WP).

AQSh yuqori martabali mulozimlaridan biri gazetaga voqea haqida gapirib berdi. Shuningdek, hodisa haqidagi ma’lumotlar Rubio idorasi 3 iyul kuni Davlat departamenti xodimlariga yuborgan xabarda ham bor.

Gazetaning yozishicha, iyun oyida firibgar Signal messenjerida Marco.Rubio@state.gov soxta elektron pochta manzilidan foydalangan holda akkaunt ochgan. So‘ngra, matnli xabarlar orqali uch nafar tashqi ishlar vaziri, shtat gubernatori va Kongress a’zosi bilan bog‘langan.

WP nashriga ko‘ra, firibgar sun’iy intellektga asoslangan dastur yordamida Rubioning ovozi va yozish uslubiga taqlid qiluvchi xabarlarni amaldorlarga yuborgan. Yozuvlar mazmuni oshkor etilmagan. Faqat bir holatda firibgar suhbatdoshni uchrashuvga taklif qilib, SMS jo‘natgani ma’lum. Rasmiylardan birortasi javob berganmi yoki yo‘qmi noma’lum.

Bo‘lib o‘tgan voqea ortida kim turgani va u qancha vaqt o‘zini Rubio sifatida namoyon qilgani noma’lum. Davlat kotibi idorasining taxminiga ko‘ra, bu nufuzli diplomatlar va amaldorlarni «ma’lumot olish uchun» manipulyatsiya qilishga urinish bo‘lgan.

Davlat departamenti «kelajakka shunga o‘xshash voqealar sodir bo‘lishining oldini olish uchun puxta tergov o‘tkazishga va ehtiyot choralarini ko‘rishda davom etishga» va’da berdi. Rasmiylar hujumga uchragan amaldorlarning ismini oshkor qilishdan bosh tortdi.

May oyidan beri Marko Rubio nafaqat AQSh Davlat kotibi, balki prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi lavozimini ham egallab keladi. Ilgari maslahatchi lavozimini Mayk Uolts egallagan. Amerika matbuoti uning iste’fosini «Signalgeyt» bilan bog‘ladi, bu Oq uy faoliyatiga oid maxfiy ma’lumotlarning Signal chatiga sizib chiqishi bilan bog‘liq mojaro.

Mavzuga oid