Jahon | 17:44 / 09.07.2025
2328
3 daqiqa o‘qiladi

Tayvanda Xitoyning ehtimoliy hujumiga qarshi tarixdagi eng katta harbiy mashqlar boshlandi

Harbiy mashg‘ulotlar o‘n kun davomida, «kechayu kunduz otishma» formatida o‘tkaziladi, bu esa ularni haqiqiy jangovar sharoitlarga imkon qadar yaqinlashtiradi.

Foto: Reuters

9 iyul kuni Tayvan an’anaviy-yillik «Hanguang» harbiy mashg‘ulotlarini boshladi. Tadbir o‘n kun davom etadi - avvalgi yillardagidan ikki baravar ko‘p. Mashqlarda rekord miqdordagi harbiy qatnashmoqda: asosiy qo‘shinlar bilan birga zaxiradagi 22 mingdan ortiq askar.

Xitoy Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, mashg‘ulotlar «misli ko‘rilmagan tarzda, o‘n kun davomida, kechayu kunduz otishma mashqlari» formatida o‘tkaziladi, bu esa ularni haqiqiy jangovar sharoitlarga imkon qadar yaqinlashtiradi.

Mashqlar ko‘p bosqichli jangovar to‘qnashuvga taqlid qiladi. Birinchi bosqichda orol kiberhujumlar va iqtisodiy bosimlarga duch keladi. Keyin Tayvan qurolli kuchlari Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasining (XOA) «dengizdan hujumini» qaytarishi kerak bo‘ladi. Harbiylar va zaxiradagilar jangovar taktikalarni dushman kirishi mumkin bo‘lgan qirg‘oqbo‘yi hududlarida ham, shaharlarda ham mashq qiladi. Bunga parallel ravishda orolda raketa hujumi va evakuatsiya holatlarida fuqarolik mudofaasi mashqlari o‘tkaziladi. Shu maqsadda poytaxt va yirik shaharlarda korxonalar ishi va transport harakati to‘xtatiladi.

So‘nggi paytlarda, 2027 yil Xitoyning Tayvanga bostirib kirishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy vaqt sifatida ko‘proq tilga olinmoqda. 2025 yil mart oyida Tayvan Mudofaa vazirligi birinchi marta Xitoy tomonidan tajovuz boshlanishining ehtimoliy sanasi sifatida 2027 yilni rasman belgiladi.

The Interpreter tahliliy portali 2027 yilni Tayvan bo‘g‘ozidagi urush boshlanishi vaqti sifatida tez-tez tilga olinishining bir qancha sabablarini ta’kidlaydi: aynan shu yili XOA 100 yilligi nishonlanadi va Xitoy Kommunistik partiyasining (XKP) navbatdagi s’yezdi o‘tkaziladi. Unda Si Jinping misli ko‘rilmagan to‘rtinchi muddatga qayta saylanishi mumkin. 2027 yil, shuningdek, Tayvanning amaldagi rahbari Lay Tsinde prezidentlik muddatining so‘nggi yili bo‘ladi — orolda saylovlar 2028 yil yanvariga mo‘ljallangan.

Mavzuga oid